Norvegiyalik vunderkind yoshlar o‘rtasidagi JCHning bir o‘yinida 9ta gol urdi. Qanaqasiga, mundialda ham shunaqa bo‘lishi mumkinmi? Gondurasliklarni qattiq ranjitgan o‘sha yigitcha kim o‘zi?
Bu qanday ro‘y berdi?
Norvegiya va Gonduras yoshlar terma jamoalari Polshada davom etayotgan U-20 belgisi ostidagi kichik JCH guruh bosqichi 3-turida o‘zaro to‘qnash keldi. Norvegiyaliklar ham, gondurasliklar ham garchi dastlabki 2ta turda ochko ololmagan bo‘lsalarda, turnir formati tufayli «pley-off»ga chiqish imkoniyatini yo‘qotishmagandi.
Ya’ni jamoalardan biri eng yaxshi natijaga ega 3-o‘rin sohiblari qatori kurashni davom ettirishi mumkin edi. Tabiiyki, buning uchun 3-turda imkon boricha yirikroq hisobda g‘alaba qozonish talab etilardi. Yakunda Norvegiya termasi bu vazifani ortig‘i bilan bajardi (shimolliklar 12:0 hisobida ustun kelishdi), biroq guruh raundidan keyinoq ortga qaytdi, baribir. Aslida Norvegiya termasi murabbiylari Polsha mundialiga navbatdagi umidli avlod bilan tashrif buyurishdi, biroq shimolliklar JCHdek katta turnir uchun o‘zgacha futbol ko‘rsatishga intilishdi. Har holda, Skandinaviya jamoasi 3 nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynab, raqiblarni asosan qanotlar orqali tashkil etilgan hujumlar vositasida jazolashga harakat qilishdi. Bunda to‘p deyarli har safar markaziy hujumchi Erling Breut Xolland tomon uzatildi, futbolchilar faqat shu vunderkindni zarba yo‘liga olish chiqishni o‘ylashdi. Urugvay termasiga qarshi kechgan bahsda bu usul ish bermadi, Yangi zelandiyalik yoshlar bilan bahsda esa, skandinavlar shunchaki, imkoniyatlarni ko‘kka sovurishdi, qolaversa, o‘z jamoalari darvozasiga to‘p kiritib qo‘yishdi. 3-turga kelib, Gonduras yoshlar termasi skandinavcha «tuzoq»qa tushdi...
9ta gol urgan futbolchi kim?
«Zenit»ning e’tiborli fanatlari Erling Xollandni yaxshi eslab qolgan bo‘lsalar, ajabmas. Zero, o‘tgan yili aynan shu yigit golidan so‘ng butun Sankt-Peterburg chamasi 15 daqiqa sukunat domida qolgandi. Aniqroq aytsak, Erling YEL saralashi javob bahsida «Zenit» darvozasini ishg‘ol qilib, o‘z jamoasi - «Molde»ga imkoniyat taqdim etgandi. Xolland — aqlga sig‘mas darajada baquvvat yigitcha. Asosiysi, u chap oyog‘i bilan mutlaqo «o‘ldiradigan» usulda aniq zarba yo‘llash iqtidoriga ega. Gavdasi kattaligiga qaramay, yengil harakatlanishini ham alohida ta’kidlash kerak. Erling ayni payt «RB Zalsburg» klubi ixtiyorida. Avstriyaliklar uning transferi uchun «Molde»ga 5 mln. yevro to‘lashdi. Norvegiyalik vunderkind shu tariqa mart oyida Zalsburg klubidagi debyutini nishonladi (EL doirasida «Napoli»ga qarshi kechgan bahsda). 3 haftacha oldin esa Avstriya Bundesligasida ilk golini urgandi. Bir qarashda, Xolland zalsburglik buyuk «gol-mashinasi» - Xonatan Soriano (klub safidagi 200ta o‘yinda 172ta gol)ni eslatib yuboradi. Shunday ekan, Avstriya grandi norvegiyalikka chindan ham katta umid bog‘lamoqda. Qiziq, Xolland oldin ham biror o‘yinda noodatiy samaradorlik ko‘rsatganmi? Ha. Deylik, bolaligida yoshlar turnirining 1ta o‘yinida 7ta gol urgan ekan, kattalar futbolida esa Norvegiya chempionatining oldingi mavsumida bir marta «poker» (4ta gol) qayd qildi. Diqqatga sazovor jihati, u o‘shanda natijasi medallar taqdiriga ta’sir etadigan «Brann»ga qarshi uchrashuvning atigi 16 daqiqa (4-20-daqiqalar)si ichida raqib darvozasiga 5 bora zarba yo‘llab, 4 marta maqsadga erishgandi.
MutlaQ rekordchi!
18 yoshli norvegiyalik tabiiyki, U-20 belgisi ostidagi JCHning mutlaq rekordchisiga aylandi. U shuningdek, 1ta o‘yindagi karomati bilan butun turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar qatoriga kirdi. Norvegiya termasi kurashdan chetga chiqqan bo‘lsada, yakunda Xolland musobaqaning «Oltin butsa»siga ega chiqsa, ajabmas. Darvoqe, bunga qadar 1ta o‘yin-dagi gollar soni bo‘yicha kichik mundialning eng yaxshi natijasi 1997 yili Janubiy Koreya termasini naq 6 bora «siylagan» braziliyalik Adailtonga tegishli edi. Kattalar futboliga 15 yoshidayoq bosh suqqan va atigi 1 yildan keyin Norvegiyaning bosh klubi - «Molde» asosiy tarkibidan joy olgan Erling endi Avstriyada uzoq qolmasa kerak. Uning Angliya chempionatiga yuzlanishi ehtimoli katta. Birinchidan, Xolland Lidsda tug‘ilgan. Zero, otasi - Alf-Inge Rasdal vaqtida shu shahar jamoasida o‘ynagan. Ikkinchidan, Erling allaqachon «MYU» nazariga tushib ulgurdi...