Oldin xabar berganimizdek, 12-15 iyul kunlari Polshada mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida Jahon kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi.
Unda Jamshid Asadov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi. Jahon kubogi bahslarining guruh bosqichiga tashlangan qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning "C" guruhidan o‘rin olgan va guruhda Ispaniya, Vyetnam, Rossiya, Latviya, Sloveniya, Belarus terma jamoalari bilan bahs olib boradi.
Ertaga tongda terma jamoamiz vakillari Polshaga yo‘l oladi. Bugun Jamshid Asadov boshchiligidagi jamoa O‘FA rahbariyati bilan uchrashdi. Mazkur musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladigan yosh futbolchilarga omad tilar ekan, Ravshan Ermatov ushbu yigitlar ortida butun xalqimiz turishini va ularni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
- Jahon kubogi bahslarida sizlarga muvaffaqiyat tilaymiz. Shuni bilishingizni istardikki, butun o‘zbek xalqi siz bilan! Biz har bir uchrashuvda sizlarga muxlislik qilamiz va sizlarning o‘tgan galgi kabi muvaffaqiyatli ishtirok etishingizga ishonamiz. Muhimi – o‘z kuchingizga ishoning va maydonda o‘z mahoratingizni qo‘rqmay namoyish eting. Har bir uchrashuv oldidan yangraydigan mamlakatimiz madhiyasi sizlarga yanada kuch va g‘ayrat berishiga aminman. O‘zbekiston sharafini munosib himoya etishingizga va yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytishingizga ishonamiz, - deya futbolchilarga o‘z tilaklarini bildirdi Ravshan Ermatov.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston terma jamoasi ertaga tongda Jahon kubogiga yo‘l oladi. Musobaqa tafsilotlarini O‘FA rasmiy sayti batafsil yoritib boradi.