Kirish Ro'yxatdan o'tish

Chekuvchi futbolchilar

Chekuvchi futbolchilar

Baho:
+ | -

Futbolchilar biz uchun sog‘lom hayot tarzida yashayotgandek ko‘rinsada, aslida unday emas. Biz tanigan ko‘plab mashxur futbolchilar chekishdek yoqimsiz odat bilan ham ko‘plab yutuqlarga erishganiga ishonish qiyin. Bugun ana shunday futbolchilar haqida so‘z boradi.

Lev Yashin

Yevropa chempioni, Olimpiyada g‘olibi, 5 bor Sobiq Sovet davlati chempioni va «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan yagona darvozabon butun faoliyati davomida tamaki chekkaniga ishonish qiyin bo‘lsada, bu fakt. Jamoadoshlarining aytishicha, Yashin birinchi bo‘limdan so‘ng kiyinish xonasining burchagiga o‘tirib olib albatta sigatera chekar, hech kim bilan gaplashib o‘tirmas ekan. Murabbiylar darvozabonning o‘ta ishonchli to‘p surgani bois hech qachon tamaki chekkani uchun koyishmagan, faqat biroz kamaytirishini iltimos qilishgan. Shunga qaramay, Lev Yashin o‘z odatini faoliyati so‘ngiga qadar tashlamagan. Eng qizig‘I shundaki, Yashin omma oldida ham bemalol sigareta tutatar, birorta muxlis unga ortiqcha e’tibor bermas edi. Darhaqiqat, o‘z ishini ortig‘I bilan bajarayotgan insonga qanday e’tiroz bildirish mumkin?

Eshli Koul

3 bor APLda g‘olib chiqishni uddalagan Koul tamaki bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch kelgan desak, adashmagan bo‘lamiz. Darhaqiqat, qiziquvchan ingliz muxlislari uning tamaki bilan tushgan suratlarini tinimsiz e’lon qilishar, bunga sayin futblchiga bo‘lgan e’tiroz ortib borar edi. Ish shu darajaga borib yetdiki, Eshli Italiyaning «Roma» jamoasiga o‘tib ketishga majbur bo‘ldi. O‘sha davrlar haqida xotirlagan qahramonimiz Angliyada tamaki chekuvchi futbolchilarga haddan ziyod ortiqcha bosim bo‘lishini alohida qayd etgan edi. Hozirda futbolchi sigaret bilan London ko‘chalarida bemalol sayr qilishi mumkin.

Jeremi Matiye

«Barselona» klubining sobiq futbolchisi hozirda «Sporting» klubida to‘p surayotganidan xabaringiz bor. Darhaqiqat, ushbu futbolchi nafaqat tamaki chekish borasida, balki, buni ochiqchasiga OAV tomonidan e’lon qilishga ham muvaffaq bo‘lgan kamsonli futbolchilardan biri. Futbolchi «Sporting» klubi rasmiy saytiga bergan intervyusida quyidagi gaplarni aytgan edi:  
«Men tamaki chekadigan birinchi va oxirgi futbolchi ham emasman. Men istaganimdagina chekishim mumkin. Bu har insonning o‘z shaxsiy qarori va uni muhokama qilishni istamayman. Eng muhimi men maydonda qanday to‘p surishim. Muxlislar men maydonda ko‘rsatayotgan o‘yindan so‘ng barchasini unutib yuborishadi. Eng muhimi men o‘z jamoam uchun foydali futbolchiman va bu barchasidan muhim»

Futbolchi o‘zini qanchalar oqlamasin, chekish futbolchining o‘yiniga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Balki aynan shu illat tufayli qahramonimiz Kataloniyada uzoq qolishni uddalay olmagan bo‘lsa, ajab emas.

Jerar Pike

3 ta YECHL g‘olibi Jahon chempioni, Yevropa chempioni, 8 bor Ispaniya chempioni sanaladigan Jerar Pike bir necha bor tamaki bilan «qo‘lga tushgan» desak, ishonasizmi? Futbolchi o‘zining ushbu suratlariga izoh berishdan bosh tortgan bo‘lsada, uning ta’til chog‘ida plyajda sigareta bilan ko‘rgan muxlislar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylangan videolar savollarga o‘rin qoldirmadi. 2018-yilda esa futbolchi quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar reklamasida tamaki chekib suratga tushdi va hech kimda o‘zining chekishi borasida shubha qoldirmadi. Darhaqiqat, futbolchining zararli odati barchaga ayon bo‘lsada, uning juda yuqori imidjiga ziyon yetgani yo‘qdek ko‘ringani bilan, Pike hozirda top darajadagi markaziy himoyachi sanalmaydi. Balki, chekishning ta’siri aynan shunda ko‘ringandir? Yana kim biladi deysiz?!

Jek Uilsher

10 yil ilgari dunyoning eng iqtidorli futbolchisi deb e’tirof etilgan Jek o‘z vaqtida tamaki bilan bog‘liq janjallarga o‘ralashib qolganidan xabaringiz bor. O‘sha davrlarda Arsen Venger futbolchi bilan bir necha bor suhbatlashgan bo‘lsada, hech qanday naf chiqara olmadi. Juda erta katta summadagi shaxsiy shartnomaga ega bo‘lgan futbolchi jarohatidan so‘ng, o‘z hayot tarzini o‘zga tomonga o‘zgartirib yubordi. Eng achinarlisi shundaki, uning qo‘lida sigaret bilan tushgan suratlari ijtimoiy tarmoqlarda juda keng aylandi va ko‘p o‘tmay futbolchining ingliz muxlislari oldidagi obro‘si bir pulga aylandi. Venger jarohatidan forig‘ bo‘lgan futbolchini o‘z darajasiga qaytarish uchun qanchalar harakat qilmasin, Jek top futbolchi bo‘lishni uddalay olganicha yo‘q. Maydonda hammadan ko‘p yugurishi talab etiladigan futbolchining tamaki vositalarini iste’mol qilishi uning o‘yiniga keskin ta’sir o‘tkazganini futbolchi endigina tan olmoqda.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 20:07, 21.10.2019.
O'qildi: 3848 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.