Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Qadring qayerda qoldi, qadrdon?

Qadring qayerda qoldi, qadrdon?

Baho:
+ | -

Mourisio Pochettinoning “Tottenxem”dan ketgani kutilmaganda va juda tez sodir bo‘ldi. Ochig‘i, bu voqea bunchalik tez sodir bo‘lishini taxmin ham qilmagandim.

Pochettino kuchli to‘rtlikka kirishni orzu qiladigan “Tottenxem”ni kuchli to‘rtlikning doimiy a’zosiga aylangan “Tottenxem”ga aylantirgan inson edi.

Faktlarga yuzlansak. Pochettinodan oldin “shporlar”ni Tim Shervud boshqarardi va “Tottenxem” mavsumni 6-o‘rinda yakunlagandi. Keyin esa jamoaga argentinalik mutaxassis olib kelindi. 2014 yilda Maurisio London klubini qabul qilib oldi. Bu voqea 27 may kuni sodir bo‘ldi. Shartnoma 5 yilga tuzilgandi.

Pochettinoning dastlabki ishi tarkibni isloh qilish bo‘lgandi. 2014/2015 yillardagi mavsum oldidan himoya chizig‘i kuchaytirildi,  jamoaga darvozabon Mishel Vorm, himoyachilar Federiko Fasio, Ben Devis, Erik Dayer, Deandr Yedlin va yarim himoyachi Benjamen Stambullar olib kelindi. “Tottenxem” o‘z navbatida Sandro, Gilfi Sigurdsson, Jeyk Livermor, Zek Frayers, Yago Falke, Jonatan Obika va sardor Maykl Douson bilan xayrlashdi. Germaniyalik hujumkor yarim himoyachi Lyuis Xoltbi esa “Gamburg”ga bir yilga ijaraga berildi.

Pochettino birinchi mavsumini ikkita g‘alaba bilan boshladi — “Vest Xem” hamda “Kuinz Park Reynjers” taslim etildi, ammo keyin durang hamda mag‘lubiyatlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Ayniqsa, «Liverpul», «Manchester Siti» va «Chelsi»dan yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar qabul qilib olindi. «Boxing Day»da jamoa turnir jadvalida 7-o‘rinni egalladi. 2015 yilning 1 yanvarida «Tottenxem» uyida «Chelsi»ni 5:3 hisobida mag‘lub etdi,  turnir jadvalida 5-o‘ringa joylashdi hamda urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbati bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkich qayd etdi. Jamoa mavsum oxirigacha kurashishda davom etdi va yakunda 5-o‘rinni egalladi. Xarri Keyn o‘z hisobiga 31 ta gol yozib qo‘ydi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aynan Pochettino davrida Keyn o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi, aynan Pochettino Keynni asosiy tarkib futbolchisi va “Tottenxem” yetakchisiga aylantirdi.

2015/2016 yillardagi mavsumda «Tottenxem» Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashga kirishdi. Pochettino bu yo‘lda juda aqlli faoliyat olib bordi. Tarkibni shakllantirdi, jamoaning taktikasini o‘zgartirdi. Oqibatda “shporlar” Chempionlar ligasida o‘ynashga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘tgan mavsumda YECHLda “shporlar” shunchaki o‘z tarixlarini yozishdi. Unutmagansiz, dastlab Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti”ni musobaqadan chiqarib yuborgan “Tottenxem” yarim finalda turnirning yana bir kashfiyoti — “Ayaks”ni mag‘lubiyatga uchratdi. “Tottenxem” faoliyati davomida ilk bor YECHL finaliga chiqdi. Bu shak-shubhasiz Mourisio Pochettinoning xizmati edi.

Pochettinoning ketadigan vaqti yaqinlashgandi. Chunki har qanday missiyaning yakuni bo‘ladi. Hamma ham Fergyuson yoki Venger emaski, bir klubni uzoq yillar boshqarsa. Lekin Pochettino shunchaki xayr deb, tezda kuzatib qo‘yadigan murabbiy emasdi. U alohida xayrlashuv marosimiga, alohida hurmat-e’tiborga munosib edi. Pochettino oxirgi o‘yinini o‘tkazayotganda o‘zgacha hissiyotlar tuyishga, kerak bo‘lsa ko‘z yosh to‘kishga va albatta muxlislarning olqishlariga, uni stadiondan minnatdorchilik olqishlari ostida kuzatib qo‘yishlariga munosib edi. “Tottenxem” argentinalik mutaxassis tufayli obro‘ oshirdi, daromadini ko‘paytirdi, Yevropada o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

Pochettino ishsiz qolmasligi aniq. Allaqachon Yevropaning kamida ikkita grand jamoasidan taklif tushgani yoki o‘sha jamoalar taklif tayyorlashayotgani aniq. Umid qilamizki, Pochettino o‘z o‘rnini topib, mahoratini boshqa bir grand klubning muvaffaqiyatga erishishi yo‘lida sarflaydi.

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 23:09, 20.11.2019.
O'qildi: 5886 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.