Xatolar har xil bo‘ladi. Ko‘p xatolarni ruhiyatga bog‘lab o‘rganib qolganmiz.
Deylik, De Xeaning o‘tgan turda o‘tkazib yuborgan goli, Gassaniganing kunfu-stayl harakatlari, Son Xyon Minning Ryudigerni tepib yuborishi. Bularni bog‘lab turadigan holat – jamoa ishlari yurishmayotgani.
"MYU" o‘sha kuni vaziyatlarini ko‘kka sovurmaganida va hisobni ochganida, aniqki, David o‘laqolsa ham unaqa xato qilmasdi.
Gassaniga ham yutqazib turgan jamoasining xaloskori bo‘lish o‘rniga tushunarsiz ishga qo‘l urdi, "Tottenhem" murabbiyi Mourinyo shu kuni Lempardga munosib qarshilik ko‘rsata olsin edi, argentinalik posbon boshqa sport turiga murojaat qilib yurmasdi. Koreys Sonning harakati endi yanada tushunarli.
Edersonning kechagi xatosi u turkumdagi xatolardan emas. Darvozabon o‘yin avvalida xavfni bartaraf etish uchun ongli ravishda otilib chiqdi va... insoniy xato qildi. Ruhiy holat bilan bog‘lashimiz noto‘g‘ri. Biroq, shunda ham “Man. Siti”ning hozirgi holati, turnir jadvalidagi vaziyati, quturgan “Liverpul”ning to‘xtash nimaligini bilmayotgani butun boshli jamoaga ta’sir etgani sezildi.
Dastlabki daqiqalardanoq gol o‘tkazib yuborish jamoa imidjiga aylanib qoldi (kechagi o‘yinda birinchi bo‘lib gol urishi foydasiz edi). “Liverpul”ga boy berilgan oqshom, Manchester derbisidagi ilk gol, “Lester”dan o‘tkazib yuborilgan gol, “Vulverxempton”ning o‘zidan ikki gol qabul qilgani... chempion bo‘lmoqchi jamoa uchun juda ko‘plik qilmayaptimi?!
Mana shular jamoa ruhiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Agar klub ruhiyati joyida bo‘lganida birinchi golni o‘zi urib olguniga qadar raqibga imkoniyat bermasdi. “Liverpul” o‘yinida shu jihatni ko‘ryapmiz. “Man. Siti”da esa...
Ko‘pchilik Pep Gvardiola Angliya chempionligini qanchalik tez “Liverpul”ga topshirsa, shuncha tez YECHL haqida o‘ylaydi, deyishyapti. Bo‘lmagan gap. Qaytanga bu yomonroq zarba bo‘lishi mumkin. Ruhiy tomondan qaraganimizda, bahorda “Real”ning imkoniyati yana oshib ketadi. Shu bois, Gvardiola ikki frontni birdek o‘ylamog‘i darkor. Aks holda, balans yo‘qoladi va bir qo‘lidagi yuk og‘irlik qilib tushib ketishi mumkin. Ikkisini ko‘tarib, muvozanatni ushlabgina manzilga eson-omon yetib borishi mumkin. Boshqa yo‘l yo‘q.
Aslida yuqoridagi fikrlar Sitiga zarracha ham ta’sir etmasa kerak. Chunki uning navbatdagi o‘yiniga bir kun qolmoqda. Filmlarda aytilganidek, 24 soati o‘tib bo‘ldi, ikkinchi 24 soatda bombani zararsizlantirishga ulgursang ulgurding...