Xabar berganimizdek, “Navbahor”ning shu yilning 10 yanvaridan boshlanadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga mahalliy futbolchilardan tashqari, 13 nafar xorijlik o‘yinchilar ham jalb etilishgani, ularning soni yig‘in davomida yanada oshishi ehtimoli ham yuqori ekanligini ta’kidlagandik.
Mazkur legionerlarning safiga yana ikki nafar legioner qo‘shiladigan bo‘ldi. Ularning biri kamerunlik Mbassi Emmanuel Rikkardo bo‘lib, 1994 yil 17 dekabrda tug‘ilgan. Ampluasi – hujumchi.
Ikkinchi xorijlik futbolchi esa turkmanistonlik Shuhrat Suyunov. Suyunov 1992 yilning 8 martida tug‘ilgan. Ampluasi – himoyachi. Shuhrat Suyunov 2010-2014 yillarda Ashxobodning MTTU klubida to‘p surib, ushbu jamoa tarkibida 2014 yili OFK prezidenti kubogini qo‘lga kiritgan. 2015 yildan buyon “Oltin Asr” (Ashxobod) klubida o‘ynamoqda. Suyunov mazkur jamoa safida 2015 yilgi mavsumda Turkmaniston chempioni bo‘lish bilan birga, Turkmaniston kubogi va superkubogi sohibiga aylangan.
Shuningdek, Shuhrat Suyunov 2011 yildan buyon Turkmaniston milliy terma jamoasida to‘p suradi va shu kungacha terma jamoada 21ta o‘yinda maydonga tushgan.
Yana bir e’tiborga molik jihat shundaki, 27 yoshli himoyachi 2016 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra, Turkmanistonning “eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan.
Demak, Suyunov Turkmanistonning eng mahoratli o‘yinchilaridan biri hisoblanadi.
Bundan kelib chiqadiki, “lochinlar”ning 10 yanvardan boshlanadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida 30 nafarga yaqin mahalliy hamda 15 nafar xorijlik futbolchilar ko‘rikdan o‘tishadi.
Legionerlar esa oldin xabar berganimizdek, Yevropaning Rossiya, Niderlandiya, Xorvatiya, Bosniya va Gersogovina, Ispaniya, Portugaliya va Serbiya, Afrikaning Misr hamda Kamerun, Osiyoning Janubiy Koreya va Turkmaniston mamlakatlaridan tashrif buyurishadi.
Bu esa jamoaning murabbiylar shtabida tanlov imkoniyati ham yuqori bo‘lishini anglatadi.
Mazkur futbolchilardan qaysi biri “Navbahor” murabbiylar shtabida ijobiy taassurot qoldirsa, o‘sha o‘yinchi bilan shartnoma imzolanadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.