Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: «2010 yildan 2020 yilgacha...»

Xayrulla Hamidov maqolasi: «2010 yildan 2020 yilgacha...»

Baho:
+ | -

Ikkinchi o‘n yillik tugab, uchinchi dekadaga o‘tdik. O‘tgan o‘nyilligimizning eng muhim futbol hodislarani eslar ekanmiz, asosan ushbu sport turining rivojiga hissa qo‘shgan, ba’zi uslublarni o‘zgartirgan voqealarni yodga olamiz. Nazdimdagi 10 ta muhim futbol voqeasi...
 
10. VAR tizimi

Ikkinchi o‘n yillikning oxirlarida futbolga VAR kirib keldi. Arbitrlarga videoyordam sistemasi deb ataluvchi tizim 2018 yili katta turnirlarda tekshirib olingach, futbol o‘yini qoidalariga kiritildi va bugungi kunda juda ko‘p musobaqalarda ishlatilmoqda.

Hozircha VAR to‘rtta holatda aralashadi: Gol yoki gol bo‘lmaganini aniqlashda, penalti bor-yo‘qligini aniqlashda, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilishi kerak-kerakmasligini aniqlashda, identifikasiya, ya’ni qoidani boshqa futbolchi buzgan bo‘lsayu, hakam boshqasiga kartochka ko‘rsatib qo‘yganida.

Bu tizim hali yanada mukammalashishiga shubhamiz yo‘q. U futboldagi muammolarni butkul yechib ulgurmadi, ammo oldingi davrdagi shubhali vaziyatlar juda kamaydi. VAR aralashib hal etgan vaziyatlar bundan buyon futbolning bir bo‘lagiga aylanib bormoqda. Shunday ekan, u haqida gap ketganida, faqat mukammalashishi haqida gap borsa to‘g‘ri bo‘lardi. Usiz futbolni tasavvur qilish imkonsiz endi. Qandaydir ikki yilning ichida, do‘stlar!

VAR haqida gap ketganida, endi asrimizning ikkinchi o‘n yilligini eslanadi. Keyingi o‘n yilliklar uchun adolatli tizimga zamin yaratgan sistema sifatida yodga olinadi. Hatto ko‘rasiz, kelajak avlod, usiz futbol oldin qanday bo‘lgandi, degan savolni ham berishadi. Biz o‘tmishdagi xatokor romantik futbolimizni tushuntirib bera olmaymiz. Hammaning bolaligi – poshsholigi!

Nima bo‘lgan taqdirda ham texnika aralashib futbol adolatli sport turlari safiga kirdi, rasman!

Yashasin VAR, yo‘qolsin shubhali vaziyatlar!
 
9. Portugaliya – 2016

2016 yilgi Yevropa chempionati Fransiya o‘tdi va asosiy favoritlarning hammasi bort ortida qolib ketdi. Germaniya, Ispaniya, Italiya, Angliya va turnir mezboni – Fransiya bir-biri bilan mushtlashib chiqib, o‘sha payti hech kim g‘olibligini kutmagan Portugaliya termasiga ilk chempionligini taqdim etib yuborishdi.

Qizig‘i, ushbu turnirda birinchi marta 24ta terma ishtirok etgan, tabiiyki, to‘rtta guruhdan uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga chiqishardi. Ronaldu vatandoshlari guruhdan zo‘r-bazo‘r chiqishgani va oxirgi o‘yinga qadar yengilroq tomondan borishgani yodimizda.

Yanada qizig‘i, oxirgi bahsda terma jamoa yulduzi, yetakchisi Krishtianu o‘yinning boshida jarohat olib, maydondan chiqib ketdi va yanada qiyinroq vaziyatda qolishiga qaramay, janub yigitlari g‘alaba golini ura olishdi.

Portugaliya chindan ham kuchli paytlari, tarkibida yulduzlar serob davrida, o‘z uyida 12 yil oldin kutilmagan raqib – Gresiyaga yutqazib, chempionlikni boy bergandi. Bu safar esa, taqdir ushbu yurtga qarzini qaytarib berdi go‘yo – Ronaldu boshchiligidagi terma jamoa o‘zidan ancha kuchli sanalgan Fransiyani Parijda dog‘da qoldirmoqda. Filmlardagi ssenariylarni eslayapsizmi? Qahramon manzil sari borgan sari holsiz bo‘lib boraveradi va... raqibini bir necha nokautlardan so‘ng o‘rnidan bir amallab turib mag‘lub etadi?!

8. Pep va Joze to‘qnashuvi

Asrimizning dastlabki o‘n yilligi Fergyuson va Venger to‘qnashuvi bilan yodda qolgan bo‘lsa, bu dekadaga APLda pishgan Mourinyo Gvardiolaga qarshi kurashi bilan kirib keldi. Mour Pep quvlashmachog‘i mashhur Tommi-Djerri multfilmini yodga soladi: hech tugamaydi, hech kim yenga olmaydi, ikkisini bir-birisiz tasavvur qilish imkonsiz.

Angliyada ishlagan paytida ham portugaliyalik murabbiy Gvardiolani topib olaverardi, Italiyaga kelsa ham, Ispaniyani-ku gapirmay qo‘yaveray. Ushbu to‘qnashuvdan so‘ng birinchi marta murabbiylar uchun muxlis bo‘lish boshlandi.

Gvardiola Germaniyaga qochib qutuldi go‘yo. Lekin Maursiz zerikdi. Klopp o‘sha davrlarda zo‘r kurash taklif etgan bo‘lsa-da, Jozening o‘yindan tashqari intrigalari, o‘ziga xos fitnalari, raqiblarni qayrashi Pepni sog‘intirib qo‘ygandi. Oxiri ispaniyalik murabbiyning o‘zi Jozeni kashf etgan futbol vataniga keldi.

Mamlakat mayli, u murabbiylik qilayotgan shaharga keldi. Manchester derbisi oldinlari klublar nomi bilan e’tirof etilardi, bundan buyon Joze va Xosep nomini-da qo‘shib gapiriladigan bo‘ldi.

Ikkinchi dekada tugayotgan va yangisi boshlangan paytda Mourinyoning ishlari  u qadar yaxshimas. Ammo uchinchi o‘n yillikda ham bu to‘qnashuv davom etadi. Jamoalarning farqi yo‘q, muhimi, ikki murabbiy maydon chetida ikki jamoa ustozi bo‘lib tursalar kifoya – ortiqcha intrigaga, shiddatga hojat yo‘q.

Maur va Pep futbol to‘qnashuvlarini bir pog‘ona yuqori plankaga olib chiqishdi, desak, mubolag‘a ishlatmagan bo‘lamiz.

Rahmat ikkisiga!

7. APL murabbiylari

Ha, ikki mutaxassis o‘rtasidagi kurash endi asosan Angliyada davom etaveradi. Chunki so‘nggi yillarga kelib APLga eng sara murabbiylar tashrif buyurib bo‘lishdi. Oldinlari futbol vatanidagi chempionat murabbiylari bilan maqtana olmasdi. To‘g‘ri, Fergyuson va Venger uzoq yillik faoliyat bilan jamoalarini cho‘qqiga olib chiqishgan. Lekin uslublar, taktik qarashlar va bir-biriga o‘xshamagan to‘qnashuvlar Angliyada yo‘q edi hisobi. “Bey begi futbol”ga ko‘nikib qolgandi hamma.

Hozir Britaniya futbolchilar jangidan ko‘ra murabbiylar jangini eslatadi ko‘proq. Oldingi o‘n yillikni, balki undan oldingilarini-da mazmunsiz o‘tkazib yuborgan “Manchester Siti”, “Tottenhem”, “Liverpul” klublari rosmana o‘z murabbiylarini topishdi. Pochettino hozirda ishsiz yurgan esa-da, uning o‘rniga Maurning kelishi APL darajasini ko‘rsatadi. Endi Tottenhemga Joze kelyapti!

Ispaniya la-ligasi, Italiya A seriyasi va Germaniya bundesligasi darajasi APLga yeta olmayotganiga bir qator sabablardan biri ham shu – murabbiylar salohiyati. Angliyaga o‘sha yerlardan pishib, yetilib kelishyapti. Turli xil qarashlar, sxemalar ingliz klublari darajasini-da oshirib yubormoqda. Shu bois ham o‘tgan mavsum yevrokuboklarning finallarida faqat APL vakillari qolishdi. Premyerligadagi kurash jahon chempionati darajasiga chiqib ketdi.

Hozir APLda hammani topasiz: Pepni ham, Maurni ham, “Everton”dek jamoani boshqarishga rozi bo‘lib qolgan Karlo otani ham, yangi asrni boshlayotgan Lempardu Artetani ham. “Vulvz”, “Sheffild” murabbiylarining uslubi ham boshqalarda topilmaydi.

Tabiiyki, mana shuning fonida Angliya terma jamoasiga yetishtirib berilayotgan mahsulot-da kuchayib ketdi. Uchinchi o‘n yillikda futbol vatani terma jamoasi jahon yo Yevropani zabt etsa, ikkinchi o‘n yillikka tashakkurnoma jo‘natib qo‘yishi kerak. Esdan chiqmasin!
 
6. Braziliya – Germaniya – 1:7

Bir uchrashuvda hamma narsa bo‘lishi mumkinmi? Yo qaysi yurt yengishi va yutqazishidan qat’iy nazar, birgina o‘yin hodisa bo‘la oladimi, deyishingiz mumkin. Ha, agar u Braziliya bo‘lsa, agar u turnir mundial bo‘lsa va jahon kubogi Braziliyada o‘tayotgan bo‘lsa.

20-asrning mutlaq peshqadamlari, futbolning rivojiga hammadan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shgan yurt vakillari, dunyo futboliga Qirolni tug‘ib bergan mamlakat o‘z uyida o‘tgan jahon chempionatida asrning yana bir peshqadamlaridan biri – Germaniya futbolidan qaqshatqich zarba qabul qilishi zamirida ko‘p narsalar yashirin. O‘sha uchrashuv tugagach, 2002 yilgi mundial to‘purari Ronaldo tribunada yig‘lab o‘tirgan edi. Siyosatchilar esa: “Mamlakat och bo‘lib turganida, jahon chempionatini o‘tkazish ahmoqlik edi, mana jazosi – bugun futbol rasman Braziliya uchun janozasini o‘qidi”, deyishdi.

Ha, tabiiy yo‘l bilan rivojlanib katta natijalarni qayd etgan Braziliya sun’iy yo‘l bilan yana kuchaymoq istadi. Bo‘lmadi. Keyin esa, o‘z uslubiga o‘tib oldi. Keyingi mundialda ishonchli o‘yin ko‘rsatib, Kopa Amerikada tengsiz deb topildi va Qatarga eng kuchli jamoalar safida yo‘l olmoqda.

Xullas, mana shu birgina uchrashuvda sodir bo‘lgan hodisa futboldan tashqaridagi barcha muammolarni ochib tashladiki, uning fonida boshqa mamlakatlarga ham tushuntirish xati jo‘natildi go‘yo: futbolga nisbatan qanday maqomda turishni bildingiz, a?! Tabiiy yo‘ldan boshqasi bekor. Hatto Braziliyada ham.

“Mamlakat onalari tug‘ib beraverishadi Ronaldinyoyu Neymarga o‘xshaganlarni. Faqat futbolni o‘z holiga qo‘ysangizlar bo‘ldi!”

Bu xitob o‘sha kungi bahsdan keyin mamlakatning eng yaxshi siyosatshunoslari tomonidan yangragan edi. Mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarayotgan yurt yana shohsupalarga chiqishga haqli. Ko‘p kuttirmasa ham kerak endi...

Darvoqe, bizga ham qaysidir joylari tegishli ekan, a?!

5. “Barselona” – 2011

Ha, ekvatorda Kataloniya superklubining bir yillik mavsumi. Men hayotimda ko‘p Barselonani ko‘rganman: Stoichkovning Barsasi o‘ziga yarasha didli edi, van Gaalu Klyuyvertning Barsasi o‘ziga xosligi bilan e’tiborimizni tortgan. Keyin Ronaldinyoning elegant Barsasi paydo bo‘ldi. Natija keltirishni ham boshladi u. So‘ng Neymar-Suares-Messi uchligi bilan o‘ynovchi 2015 yilgi supertezlikdagi Barsani ham ko‘rdim. Messining o‘ziga suyanib qolgan hozirgi Barsani ham ko‘ryapmiz.

Lekin ishoning, 2011 yilgi “Barselona” jamoa tarixining cho‘qqisi edi. Inson qirq yoshda yetiladi deyishadiyu, ana shu qirchillama yoshga kirgan “Barselona”ni faqat bir mavsum ko‘rganman men.

Messi bir mavsumning o‘zida boshqa bunaqa ko‘p gol urmadi. Uning-da yetishgan davri edi. Yonidagi Xavi va Inyesta fantastik formada... Gvardiola boy berilgan 2010-yilning alamini olish uchun eng yaxshi taktik qarashlarini jo eta olgan mavsumi shu edi. Yer yuzida neki kubok bo‘lsa, barisini olgani yetmaganidek, o‘yinda ham mukammal edi.

YECHLdagi yarim finalda el klasiko – zafarli xotima va finalda yana MYU bilan bahs! Fergyuson o‘sha o‘yindan keyin uning quyoshi botib, Kataloniya tomonlardan chiqib boshlaganiga har tomonlama iqror bo‘ldi. “Futbol tarixidagi eng kuchli jamoaga yengildik!” degan edi Ser. Faoliyatini tezroq yakunlashiga ham shu o‘yin sabab bo‘lgan, deyishadi.

Hozirda Barsa muxlislarini ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Ular o‘z suyuklilaridan o‘sha yilgi o‘yinni kutishadi. Ha, bir marta namoyish etilgan shedevr nega takrorlanmasligi kerak, deyishadi.

Yo‘q, azizlar, bunaqa ishlar bir marta bo‘ladi. Bir marta yashaladi bunaqa tarix. Gvardiola Kataloniyaga qaytib kelsa ham, endi bu ish sodir bo‘lmaydi. Sodir bo‘lmasligi ham kerak. Durdona asarlar takrorsiz bo‘lmog‘i kerak. Hatto muallifi tomonidan ham.

Men 2011 yilgi “Barselona”ni Titanikka o‘xshataman. U o‘z davrida zamonasining eng yetuklarini bir kemaga joylab yo‘lga chiqqanu, hammani hayrat ko‘chasiga taklif etgan. Uni tarixda eslab qolishimiz uchun ham halokat zarur edi. Bunaqa salobat bilan manzilga borish mantiqan to‘g‘ri emas. Insoniyatning buyuk kashfiyotlari shunday intiho topsagina, ana shu asarda qahramonlar yashaganini keyingi avlod bilib oladi. Hozirgi kunda chayqalayotgan va aysbergga urilish arafasidagi “Barselona”ni ko‘rib turibmizmi, demak, bu kema o‘z zamoni darajasidan ancha yuqori kema bo‘lganiga ham ishonishimiz kerak.

4. “Real” qatorasiga 3 karra YECHL chempioni

O‘tib bo‘lgan o‘n yilligimiz shubhasiz Madrid superklubining Yevropa miqyosidagi olamshumul natijasi bilan ham esda qoladi. 2014 yilga qadar “Real” o‘n ikki yildan beri YECHL g‘olibi bo‘la olmayotgandi. Anchelottining zafarli yurishi shundog‘am madridliklarga yupanch vazifasini o‘tashi mumkin edi: chunki umumchempionlikda “Real” o‘z rekordini takrorlayotgan, boshqa ta’qibchilaridan yana bittaga o‘zib ketgan edi.

Yo‘q, ikki yil o‘tib bu klubga YECHLda g‘olib bo‘lish yoqib qoldi. Zidan boshchiligidagi klub navbatdagi kubogini ko‘tardi. Ammo keyin... hammasi boshlanib ketdi. Madrid qatorasiga uchinchi marta kubokni zabt etganida, ochig‘i, bu imkonsiz yumush oshig‘i bilan bajarilganini ko‘rib, uning jami dushmanlari yer tishlab qolishdi.

Qiziq tomoni, uchta kubokni qirollik kubogi bir murabbiy bilan qo‘lga kiritdi. Pley-offda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan Zayniddin Zidan jamoadan ketishi bilanoq qirol taxtdan tushirildi. Ammo u yana qaytdi, xuddi yuqoridagi Barsa singari bir marta yashalgan tarixni qaytadan yozish imkonsiz bo‘lganidek, hozirda “Real” muxlislari ham bu natija takrorlanishi mushkulligini bilib turishibdi.

“Real” ayni paytda Yevropaning 13-karra chempioni. Eng yaqin ta’qibchisi bo‘lmish “Milan” hisobida yettita kubok bor. Jamoa yana bir o‘n yillikni kuboksiz o‘tkazib yuborsa ham unga yetib olish mahol bo‘lsa kerak. Tag‘in kim biladi, deysiz, yangi dekadaning yangi qahramonlari chiqib qolar. Hozircha esa, klublar o‘rtasidagi qirol aniq. Uni bejiz qirollik klubi deb atashmasligini ko‘pchilik shu o‘n yillikda tushunib yetdi.

3. Yevropa va jahon chempioni – Ispaniya terma jamoasi

Ispaniya osmonida futbol quyoshi aslida birinchi o‘n yillikda chiqdi. Lekin 2008 yilgi qit’a g‘olibligi ko‘pchilik tomonidan oniy va tasodifiy deb baholandi. Chunki to‘rt yil oldingi chempion Gresiyani keyingi turnirlarda yo‘qotib qo‘ygandik.

Qizil furiyaning yurishi jiddiy bo‘lib chiqdi lekin. Terma jamoa Yevropa chempioni bo‘lgach, ikki yil o‘tib jahonda ham tengsizlikni qo‘lga kiritdi. Shu bilan kifoyalanmay, 2012 yilgi Yevroni ham xotirjam yengib oldi. Final oqshomida Skuadro Adzurra darvozasiga to‘rtta gol urilganidan ham xulosa qilishimiz mumkinki, bu terma jamoa endi chindan ham grantga aylanib bo‘lgandi.

Ispaniya futbolining o‘sishida klublarning ham hissasi borligini inkor etmaymiz. Bu terma jamoa deyarli Messisiz Barsa hujumi, “Real”ning himoyasidan tashkil topib, ikki superklubning keyingi faoliyatiga ham ko‘mak berib yubordi.

Muhimi, ispan futboli dunyoga moda ulashishni boshladi shundan so‘ng. Hozirgacha ispaniyalik mutaxassislarning uslubi hukmronlik qilmoqda. Ispaniya allaqachon Yevropada boshqalardan o‘zib ketishga ulgurdi. Italiya A seriyasidagi yetakchi klublar o‘ziga ispan futbolini targ‘ib qiladigan murabbiylarni chaqirayotgani bir yon bo‘lsa, konservativ italyanlarning o‘zlari-da shu futbolga ro‘yxo‘shlik bildirishayotgani bir yon.

Ispaniya o‘n yillikning avvalida qo‘lga kiritgan natijalari ushbu dekadaning oxirigacha ta’sirda turdi. Na keyingi chempion bo‘lgan nemis futboli, na Yevro g‘olibi bo‘lgan portugalcha futbol bu uslubni parchalay oldi.

Hatto inglizlar ham shu uslubga o‘tib borishmoqdami, demak, bu taslimiyatning oxirgi natijasi. Dekada Ispan futboliga bag‘ishlandi, tabiiyki bunda terma jamoaning 10- va 12-yilgi g‘olibligi muhim poydevor vazifasini o‘tab beradi.

2. “Lester” – 2016

Yuqoridagi futbol voqealarining barchasida tizim, jiddiy kurashlar va dunyo futboliga moda ulashish oqibati yotgan bo‘lsa, Lesterning 2015/16 yilgi chempionligi faqatgina mo‘jizaviy ertak sifatida yodga olinadi.

Bu futbol emasdi, qandaydir undan yuqori hissiyotlar, tuyg‘ular qorishmasi edi.
2016 yilning may oqshomida dunyoning nigohi Yevropa chempionatidan oldinoq, boshqa milliy chempionatlardan ko‘ra ko‘proq tumanli Albionga qaratilgani esingizdami? O‘nta sababni topgandek bo‘ldik bunga:

1. “Lester” hech kim edi. Hech kim. Chempionlik kurashida hech qachon kurashmaydigan jamoa edi. Shu yilning o‘zida hammasi sodir bo‘ldi. U tug‘ildi go‘yo.

2. “Lester”da hech kim yo‘q edi. Siz aytishingiz mumkin, Premyerligadagi jamoalar boy va raqobatbardosh. Yo‘q, yo‘q, “Lester” shahrida mavsum avvalida biror bir kuchli klublarga tortadigan o‘yinchining o‘zi yo‘q edi. Kasper Shmeyxelni tanishardi. Bo‘ldi.

3. “Lester” 2014/15 yillar mavsumida premyerligada jon saqlab qolgan, zo‘r-bazo‘r. Jamoani o‘sha hududning vakili sifatida tanishardi. Oltin mavsumi avvalida ham unga shu e’tibor bilan qarashgan. “APLda qolish vazifamiz” deb boshlagan edilar mavsumni...

4. Hamma, hamma favoritlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. “Chelsi”, MYU, MS, “Arsenal”. Hatto Kloppga rosa qo‘ng‘iroq qilib o‘zini tiklashni boshlagan “Liverpul” ham. Bechora “Tottenhem”, 51 yildan keyingi eng yaxshi mavsumida “Lester” ertagi sodir bo‘lmoqda, dahshat.

5. Entuziazm. “Lester”ning starti zo‘r chiqdi. Ajoyib boshladi. Lekin odatda bunaqa klublar ikkinchi davrada baribir o‘z darajalarini ko‘rsatib qo‘yishadi. “Lester” esa, bu bosimdan shu qadar oson chiqib ketdiki, mavsum tugashiga uch tur qolganida chempion bo‘ldi. Tajribali mutaxassis ruhiyat tomonidan yaxshi boshqara olgani uchun tulkilar manzilga beshikast yetib kelishdi.

6. Klaudio Ranyeri. Katta klublarda ishlagan, biroq orzuli natija qayd eta olmagan italiyalik qariya nihoyat faoliyati oxirlarida o‘z jamoasini topdi. “Lester”ning yutug‘ida shubhasiz Ranyerining tajribasi asqotdi. U chempion bo‘lishni tushida ham orzu qilmagan yigitlarga bu o‘zi qanaqa manzil, tushuntirib bera oldi. Yigitlar ishonishdi. Qariya orzusiga yetdi.

7, 8 va 9 – Jeymi Vardi, Riyod Mahrez i N'Golo Kante – mavsumning rosmana eng zo‘rlari. Ularning har biri o‘z faoliyatidagi o‘z darajalaridan-da yuqori mavsumni o‘tkaza olishdi. Ular bir-birlarini to‘ldirishdi. Boshqa bu qadar kuchli uchlik o‘n yillik ichida faqat “Barselona”da bo‘lgan, xolos.

10. “Bo‘lishi mumkin emas!” degan ta’rif. Ha, kurashlarning o‘chog‘i bo‘lmish APLda ligadan chiqib ketish hududida jon saqlashga kurashishi lozim jamoaning chempionlikka kurashishi o‘rtasida katta farq bor. Tag‘in, o‘sha chempionlik kurashida g‘olib bo‘lish! O‘n yetti o‘rinlik masofa. Hay, 13 o‘rinlik farqni yo‘qotish mumkindir, 14, hay, 15. Ammo jami turnir jadvalining pastidan yuqorisigacha ko‘tarilib chiqadigan o‘rinlarini emas-da! “Lester” shu ishni uddaladi va bu ish futbolda pul ko‘p narsani hal qilmagan 20-asrda emas, 21-asrda, tag‘in ikkinchi o‘n yilligida amalga oshirildi. “Lester” futbol tizimlari ichiga ertaklar olamidan bir kirib o‘tib, hammani bolaga aylantirib qo‘ydi: Ishonishga majbursizlar!!!

Fantastika! Mo‘jiza. Yana qanaqa eyforik so‘zlar bor, hammasini ishlatishimiz mumkin ularga. Futbol mantig‘ini parchalab tashlagan “Lester”ni nafaqat o‘n yilliklar tugaganda, balki asrlar almashganda ham eslashsa kerak.

1.    Ronaldu – Messi erasi

Tarix kitoblarini o‘qir ekanman, nega 10-asr ibn Sino va Beruniy davri deb atalishini, 14-asr Temur davri deyilishini, uyg‘onish davri Navoiyu Da Vinchalar asri deb nomlanishini  ko‘p ham tushuna olmasdim. Ronaldu va Messi erasi shu voqeani qisman tushuntirgan bo‘ldi.

Xuddi Ispaniya futboliga o‘xshab bu ikki yigit o‘z yurishlarini birinchi o‘n yillikda boshlashgan va ikkinchi dekadani bus-butkul o‘zlariniki qilib olishgan. 2010 yildan boshlab bugungi kunimizgacha o‘nta oltin to‘pning to‘qqiztasi shu ikkisiniki, Oltin butsalarning deyarli barchasini bo‘lishib olishgan, o‘n yillikda kiritgan umumgollari soni “ManYunayted” va “Chelsi” kabi jamoalarning o‘n yil davomida kiritgan umumiy gollaridan ko‘proq.

Messi va Ronaldu davriga kelibgina, dunyo futbol uchun o‘rtadan ikkiga bo‘linishiga guvoh bo‘ldik. Maur va Pep murabbiyligi to‘qnashuvi ham aslida shu ikki yigitning fonida go‘zallashib ketdi. Ko‘ryapmizki, ikki mutaxassis ham boshqa klublarda Messi va Ronaldusini topa olishmayapti. Ularsiz nedir kemtik bo‘lib qolyapti faoliyatlarida.

Asrimizning ikkinchi o‘n yilligida eng ko‘p eslanadigan va eng ko‘p tortishiladigan mavzu ham Messi-Ronaldu siymosi. Argentina va Portugaliya yulduzlari dunyo ahlini ikkiga bo‘lib tashlash uchun-da eng yaxshi kurash maydonida bahs olib borishdi – Real va Barsa. Hammasi yonma-yon, hammasi adolatli tarzda. Bu kurash ko‘paygani sayin odamlar yana, yana, deb keyingisini kutadigan bo‘lib qolishdi.

Ronaldu va Messining bu qadar futbol dahosiga aylanishlariga bir-birlariga mutlaqo o‘xshamasliklari sabab, deyishadi. Bo‘y, ko‘rinish, tabiat, o‘yin uslubi va hatto raqamlari. Dunyoning eng dushman tutingan jamoalarida o‘ynashlari. Biri bir jamoaga sadoqatli bo‘lsa, ikkinchisi turli mamlakatlarda o‘z saviyasida qolish xislatini namoyon etadi!

Qismatni qarangki, biri o‘tib bo‘lgan o‘n yillikda Oltin to‘pni bittaga ko‘p olgan bo‘lsa, ikkinchisi terma jamoasi bilan muvaffaqiyatga erishdi. Rekordlarni urib tashlashdi. Birisining rekordi haqida gap ketganida, albatta, ikkinchisining rekordini yangilagan bo‘ladi yo o‘sha rekordni zabt etgan bo‘ladi. Boshqa kurashadigan raqiblari yer yuzida qolmadi ularning.

Xullas, futbol tarixida bu qadar uzun cho‘zilgan kurash serialini shu paytga qadar hech kim ko‘rmagandi. Biz boshini ham, oxirlab borayotgan qismlarini ham ko‘ryapmiz. Hozir biz bolalarimizga yoshligimiz futbolini gavdalantirgan bir qator daholarni qalashtirib tashlaymiz: Maradona, Romario, Stoichkov, Badjo, Ronaldo, Zidan, Shevchenko, Raul, Ronaldinyo... Ularni hikoya qilayotganimizda alohida sifatlari bilan aytib beramiz. Bu yulduzlar o‘z dunyolaricha hikoya qilinadilar. Ammo hozirgi avlod katta bo‘ladi va bolalariga bugungi kunlari haqida gapirishganida, faqat ikki nomda to‘xtab qolishadi: Ronaldu, Messi, Ronaldu, Messi, Ronaldu, Messi...

Ha, birinchi o‘rinni boshqalarga topshirish noto‘g‘ri bo‘lardi. G‘olib yigitlarni joy-joyiga qo‘ymasak reytingimiz ma’nosi buzilib ketardi. Rahmat, Krish! Rahmat, Messi! Biz ko‘rdik hammasini...

Xayrulla HAMIDOV.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 16:46, 06.01.2020.
O'qildi: 9883 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.