Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Jeydon Sancho: «Futbol mening yagona, abadiy muhabbatim!»

Jeydon Sancho: «Futbol mening yagona, abadiy muhabbatim!»

Baho:
+ | -

«Borussiya Dortmund»ning angliyalik hujumchisi bundesliga.som saytiga bergan intervyusida Germaniyadagi faoliyati va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Jeydon, «Borussiya»dagi oxirgi 2 mavsumdan olgan taassurotlaring bilan o‘rtoqlashsang.

- Eh-he, so‘nggi ikki yilda faoliyatimda g‘aroyib o‘zgarishlar yuz berdi. Biroq men buyuk jamoa safida maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun astoydil ter to‘kdim. Hozir mehnatim zoye ketmaganidan behad mamnunman.

- Avvalgi mavsumda ko‘rsatgan shaxsiy natijalaringni bu mavsumda takrorlay olmaslik xavotiri ham bo‘ldimi?

- Yo‘q, hech qanaqa shubha bo‘lmadi. Chunki salomatligim joyida edi, samarali to‘p sura olishimga ishonchim komil. Men doimo yangi mavsum arafasida o‘z oldimga muayyan maqsad qo‘yaman. Bu yil uni ro‘yobga chiqarishga juda yaqin turibman. Tabiiyki, avvalgi mavsumdagi natijalarimni yanada yaxshilash umididaman, o‘zim bilan o‘zim bahslashyapman. Aynan shu intilish menga kuch bag‘ishlaydi, yaxshiroq o‘ynashga da’vat etadi.

- Germaniyada iqtidorli futbolchilar qurshovidasan. Lekin shunga qaramasdan, to‘purarlik bobida jamoada, samarali uzatmalar borasida esa chempionatda yetakchilik qilyapsan. Bu bilan faxlansang arziydi.

- To‘g‘ri, bu yerda ajoyib o‘yinchilar ko‘p. Ammo men ularga e’tibor bermayman. Maqsadim - jamoaga ko‘proq manfaat keltirish. Tabiiyki, buning uchun har bir o‘yinda bor kuch-mahoratimni sarflashga intilaman.

- Yaqinda «Borussiya» to‘purarlik bobida sen bilan bemalol bellasha oladigan Erling Xolandni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bundan mamnunmisan?

- Albatta, uning biz bilan ekanligidan xursandman. Erling - ajo-yib to‘purar! U har qanday vaziyatdan gol ura oladi. Bunaqa merganlar jamoaga katta foyda keltiradilar. U bilan yonma-yon to‘p surish juda maroqli. Mashg‘ulotlarda samarali hamkorlik usullari ustida ishlayapmiz. To‘pni egallab turgan pallada bir-birimizning qayerda ekanligimiz va to‘pni qayerda qabul qilishimizni yaxshi bilamiz. Hamjihatlikni mukammal darajaga olib chiqish harakatidamiz.

- Erling Xolandning kelishi mavsum yakuniga qadar yanada ko‘proq «assist»lar amalga oshirishingga yordam beradi, deb o‘ylaysanmi?

- Shundan umidvorman. Lekin buning uchun Erling ko‘proq gol urishi kerak!

- Uchrashuvlarga o‘zingni qanday tayyorlaysan?

- Doimo jamoaga ko‘proq foyda keltirishni o‘ylayman. Shu maqsadning o‘zi meni o‘yinga tayyorlaydi. /oliblikka intilganim bois, har bir uchrashuvda faqat g‘alaba ilinjida maydonga tushaman. Bellashuv arafasida musiqa tinglayman. Shuningdek, muxlislarimiz bizni kuzatib turishganini bilganim uchun, ayniqsa, sovuq kunlarda uylariga yaxshi kayfiyat bilan qaytishlarini istayman. Buning uchun biz ularga g‘alaba sovg‘a qilishimiz kerak.

- O‘yin uslubingni ta’riflab bersang.

- Men shunchaki o‘zimni o‘yin orqali namoyish etishga intilaman. O‘ylashimcha, bundan yaxshiroq uslub mavjud emas. Maydonda erkin to‘p surish va qo‘limdan keladigan ishni namoyish etish - mening uslubim.

- Maydonda o‘zingni qanday his etasan?

- O‘zimni aynan eng suyukli, baxtiyor sezadigan joyga kelgandek bo‘laman.

- Bunday hissiyot senda qachon paydo bo‘lgan?

- Bolalik paytimdan futbolga mehr qo‘yib ulg‘aydim. Bu hissiyotni hech kim tortib ololmaydi. Sportni, ayniqsa, futbolni qattiq sevaman. Shunchalik sevamanki, iloji bo‘lganida, 100 yoshgacha to‘p sursam ham to‘ymasdim. Afsuski, qachondir maydonni tark etishga to‘g‘ri keladi. Ammo shunda ham undan voz kechmayman. Futbol - yagona va abadiy muhabbatim!

- Futbolning qaysi jihatini boshqalaridan kamroq yoqtirasan?

- Kamroq, deysizmi? Murakkab savol... Shunaqa jihati bor, deb o‘ylamayman. Balki siz o‘yinlar yoki mashg‘ulot zalidagi tayyorgarlikdan keyingi charchoqdan forig‘ bo‘lishni nazarda tutayotgandirsiz? Aslida, o‘yindan keyingi tiklanish darajasi keyingi bahsdagi saviyaga jiddiy ta’sir o‘tkazadi, zaldagi mashqlar esa jismonan kuchliroq bo‘lishingga yordam beradi. Ular evaziga yanada barqaror to‘p surish imkoniyati paydo bo‘ladi. Xullas, futbolda nima bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, hammasi kun sayin samaraliroq o‘ynashimga xizmat qiladi. Shunday ekan, hozirgi sharoit meni to‘la-to‘kis qanoatlantiradi.

- Jamoa har bir uchrashuvda g‘alabaga intilishiga shubha yo‘q. Lekin «Bavariya»ga qarshi bellashuvning ahamiyati muhimroq ekanligini hech kim inkor etmaydi. Sen bu o‘yinda ham zafarga erishishimiz shart, deb hisoblaysanmi?

- Albatta. Menimcha, futbolchi doimo g‘oliblikka intilishi lozim. Agar avvalgi mavsum natijalariga e’tibor bersangiz, ko‘pincha ustun kelishimiz aniq bo‘lgan o‘yinlarda qimmatli ochkolarni boy berganmiz. Natijada chempionlikka erisha olmadik. Ana shu yo‘qotishlar bo‘lmaganida, albatta, g‘olib chiqardik. Shunday ekan, barcha uchrashuvlarga jiddiy e’tibor bilan yondashish kerak, ularni mavsumning hal qiluvchi bellashuvi sifatida qabul qilish lozim.

- Ammo «Bavariya» bilan kechadigan bahs «kumush tovoq» taqdirini hal qiluvchi eng muhim bellashuv ekanligini inkor etmasang kerak?

- Yo‘q, qaysi jamoaga qarshi to‘p surishimizning ortiqcha farqi yo‘q. Hozir ular bir necha ochkoga oldinda borishmoqda. Lekin mavsumning nihoyasi ham yaqin emas, har qanday voqea yuz berishi mumkin. Shunday bo‘lgach, yuqorida aytgan gapimni yana takrorlayman - har bir uchrashuv muhim. Biz ularda ochko yo‘qotmasligimiz lozim. O‘ylashimcha, jamoadoshlarim ham shu fikrdalar, butun e’tiborimizni shunga qaratamiz.

- Shundayku-ya, lekin joriy mavsumda ham jamoa bir qator uchrashuvlarda ochkolarni boy berdi va yetakchidan ancha uzoqlashib qoldi. Buning sababi nimada?

- Anig‘ini bilmayman, lekin ayrim bellashuvlarda omad raqiblarimizga kulib boqdi. Ular qandaydir tasavvur qilish qiyin bo‘lgan vaziyatlarda «daydi» gollar urib, g‘alabani ilib ketishdi yoki mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Bundan tashqari, avvalgi mavsumda aksariyat o‘yinchilarimizning jarohat olganliklari ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Avvaliga Yulian Brandt safdan chiqdi, keyin Marko Roys... Bu futbolchilarning jamoadagi o‘rni muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, men, Erling va Jovanni kabi yosh futbolchilar uchun. Endi biz ularning yo‘qligini sezdirmasligimiz lozim. Buning uchun yanada ko‘proq ter to‘kishimiz, mahoratimizni oshirishimiz talab etiladi. Shunda ko‘zlangan cho‘qqini zabt eta olamiz.

- Seningcha, shohsupaga ko‘tarilish uchun jamoaga nima yetishmayapti?

- Mening shaxsiy fikrimga ko‘ra, hisobda oldinga chiqib olganimizdan keyin hushyorlikni yanada oshirishimiz kerak. Ko‘pincha gol urganimizdan so‘ng raqibga muvozanatni tiklash imkoniyatini berib qo‘ymoqdamiz. Natijada ular hisobning tenglashganidan ruhlanib, yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsatishmoqda. Menimcha, o‘yinning mana shu jihatiga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Boshqa jabhalarda o‘yinimiz chakki emas, chiroyli kombinasiyalar evaziga ko‘plab xavfli vaziyatlarga ega bo‘lyapmiz, bir talay gollar urdik. Buni oxirgi turlardagi natijalarimiz ko‘rsatib turibdi. Bizga konsentrasiyani o‘yinning boshidan so‘nggi soniyasigacha yo‘qotmaslik xislati ba’zan yetishmay qolmoqda.

- Oxirgi 1 yil ichida juda mashhur bo‘lib ketding. Uni ko‘tarib yurish oson emas. Mashhurlikning salbiy jihatlari ham sezilyaptimi?

- Yo‘q, hozircha hammasi risoladagidek, menga ma’qul kelmaydigan holatlarga duch kelmadim. Balki ulg‘ayganimda savolingizga javoblar ham topilib qolar. Biroq hozir baxtiyorman, juda baxtiyorman.

- Dortmundga kelganingdan ke-yin qaysi jihatlarda o‘sishga erishding?

- Nima desam ekan... Ajoyib, ammo kutilmagan savol. Menimcha, futbolchi sifatida ancha ulg‘aydim - o‘smirlar futbolidan kattalar futboliga qadam qo‘ydim, professional maqomiga o‘tdim. O‘smirlar jamoasida to‘pni ko‘proq o‘zimda ushlab turardim. Endi to‘pni o‘z vaqtida uzatish tushunchasiga ega bo‘ldim. Umuman, eng muhim narsam shuki, o‘yin davomida kuchimni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgandim. O‘smirligimda o‘yin tugashidan avval charchab qolib, tezligim pasayib ketardi. Hush-yorlik ham. Hozir kuchimni to‘g‘ri baholab, teng taqsimlaydigan bo‘ldim. Eng asosiysi, o‘zimga mos jamoada to‘p suryapman, 90 daqiqa bir maromda o‘ynashimda jamoaning yordami katta.

- Eslatib o‘tganingdek, Dortmund­da bir qator iqtidorli yoshlar bilan hamkorlikda to‘p sur­yapsan. Ulardan biri - Jovanni Reyna. Bu yigit xususida nima deya olasan?

- O‘ylashimcha, saviyali futbolchi, yaqin orada uning jamoa yetakchilari safidan joy olishini sezib turibman. Harakatlarini maroq bilan kuzataman, yonma-yon to‘p surayotganimdan mamnunman. Qolaversa, keyingi hamkorligimiz qanday bo‘lishini hayajon bilan kutyapman. Maydonda va kiyinish xonasida qo‘limdan kelganicha uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapman, tez-tez muloqotda bo‘lamiz. Chunki ikkimiz ham ingliz tilida so‘zlashadigan o‘yinchilarmiz va bir-birimizni oson tushunamiz.

- Yevropa chempionatini boshlab beradigan yoz faslini qanday o‘y-xayollar va hayajon bilan kutayotganingni bilsak bo‘ladimi?

- Agar meni terma jamoaga taklif etishsa, o‘sha kunlarni orziqib kutaman. Bu men uchun juda muhim. Yevroda ishtirok etishni istayman. U men uchun Angliya terma jamoasidagi dastlabki yirik musobaqa bo‘ladi. Bundan tash­qari, qit’a birinchiligida shu yoshimda vatan sharafini himoya qilishim men uchun ham, oila a’zolarim uchun ham unutilmas voqea bo‘ladi. Shaxsan o‘zim esa uni yirik natija sifatida qabul qilaman va sabrsizlik bilan kutaman. Ammo hozir bu yerdaman, diqqat-e’tiborim faqat «Borussiya»ga bag‘ishlangan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, mavsum davomida ko‘p narsalar yuz berishi mumkin.

- Nima deb o‘ylaysan, uyga sov­rin bilan qaytish ehtimoli qay darajada?

- Yevro g‘olibligini so‘rayapsizmi? Menimcha, yaxshi imkoniyatga egamiz. Ajoyib o‘yinchilardan ajoyib jamoa shakllanib ulgurgan. Imkoniyatlardan unumli foydalana olishimizga shubha qilmayman. Boz ustiga, bir qator uchrashuvlarni o‘z maydonimizda o‘tkazamiz. Bu esa muayyan ustunlik berib, imkoniyatlarimizni oshiradi. O‘z muxlislarimiz qarshisida munosib o‘yin ko‘rsatishimiz shart. Biz buni uddalaymiz!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:06, 23.03.2020.
O'qildi: 2042 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.