Aslida, Filippe Koutinyo masalasiga to‘xtalmoqchi emasdim. Ammo hozir so‘nggi xabarlardan biriga ko‘zim tushdi-yu, rosti braziliyalik IQTIDOR EGASIga achindim.
Xullas, Koutinyo bo‘yicha vaziyatdan xabardorsiz: "Barselona" sotmoqchi, "Bavariya" ijaraga olgan, ammo sotib olmoqchi emas, Kataloniya klubiga qaytarmoqchi, "Barselona"da joy yo‘q, ispan klubi Filippeni qanday qilib bo‘lmasin sotishi kerak, shuning uchun narxini 70 mln funtgacha tushirdi, ammo shu pulga ham xaridor chiqmayapti. "Chelsi"dan qiziqish bor, ammo "ko‘k-anorranglilar" futbolchini faqat ijaraga olmoqchi, xolos, 70 mln funt ko‘plik qiladi, deb hisoblayapti. "Liverpul" qaytarib olarkan, degan mish-mishlar chiqqandi, ammo ayni pandemiya paytida "qizillar" rahbariyati Koutinyo uchun pul sarflamasa kerak.
Koutinyo yuqoridagi kabi arosatda qolishga munosib futbolchi emas (iqtidori jihatidan). Xarakter jihatdan esa bunga munosib. Ehtimol, futbolchining muxlislari bu fikrim uchun meni qoralashar, ammo Koutinyoning ayni kerak paytida "Liverpul"dan qanday ketgani, ketish uchun nimalar qilgani yodimizda.
Aslida, Koutinyo Liverpuldan ketganidan keyinoq taqdir tomonidan jazolangandi. "Barselona" YECHLda uzoqqa borolmagan, "Liverpul" esa YECHL g‘olibi bo‘lgandi. Qizig‘i, Filippe sovrinlar uchun "Barsa"ga o‘tgandi. Endi taqqoslaymiz, Koutinyo ketganidan keyin Klopp jamoasi YECHL bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, APL chempioni bo‘lishga juda-juda yaqin turibdi. Agar Koutinyo hozir Liverpulda bo‘lganida, shaharning bosh jamoasi safida tarixiy sovrinni qo‘lga kiritib, katta ehtimol bilan jamoaning asosiy futbolchilaridan biri sifatida shon-shuhratga burkanardi. Ammo o‘sha paytdagi noto‘g‘ri qarori, "quloqsizligi" tufayli bugun keraksiz futbolchiga aylandi-qoldi. "Barselona"-ku mayli, Koutinyoning chizig‘ida o‘ynaydigan futbolchilar bordir, ammo markazda Filippening darajasidagi futbolchisi bo‘lmagan "Bavariya" ham braziliyalikni sotib olishni istamadi. Ehtimol, biz aytayotgan o‘sha iqtidorli Koutinyo bugun oddiy Koutinyoga aylangandir. Nima bo‘lganda ham, birgina noto‘g‘ri qadam Filippeni porloq kelajakdan deyarli mahrum qildi.
Shuning uchun nima bo‘lganda ham sadoqat hech qachon pand bermaydi. Ehtimol, sovrinsiz qolarsiz, ammo Totti, De Rossi kabi sadoqat timsoliga aylanasiz. Sizni hurmat bilan yodga olishadi. Hatto pul ustun bo‘lgan sohada ham sadoqatning o‘rni bo‘lak. U ana shunday buyuk xislat.
Nizomjon ISLOMOV