Hayot juda o‘zgaruvchan va hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Millionlar o‘yini bo‘lmish futbol haqida gap ketganda ham xuddi shunday sifatlarni ishlatish mumkin. Biroq futbolning tezlashuv koeffisiyenti boshqa sohalarnikidan 10 karra yuqoriroq deyilsa ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu sababli, yaqindagina muxlislarning maydondagi kumiri bo‘lgan futbolchilar allaqachon o‘zlarining murabbiylik faoliyatini boshlab yuborgan. Quyida ana shunday mutaxassislar haqida so‘z boradi.
Tyerri Anri
1998 yilgi Jahon va 2000 yilgi Yevropa chempioni, shuningdek ikki karra Angliya va Ispaniya chempioni hamda 2008/09 yilgi Chempionlar Ligasi g‘olibi Tyerri Anri futbolchilik faoliyatini 2015 yilda MLS’ning «Nyu-York Red Bullz» klubida yakunlagan. Fransiyalik futbolchi darhol «Arsenal»ning yoshlar jamoasida ishlashga taklif oladi, biroq Anrining «kanonirlar» bilan hamkorligi uzoqqa cho‘zilmadi. Bunga Anrining o‘ziga qayerda ishlash qulayligini hal etmagani va ko‘p vaqtini televizion kompaniyalarga sarflagani sabab qilib ko‘rsatiladi. 2016 yilning avgust oyida Roberto Martinesning Anrini Belgiya terma jamoasi murabbiylar shtabiga taklif etadi. Rossiyada bo‘lib o‘tgan JCH—2018 da belgiyaliklar bronza medallariga sazovor bo‘ladi. Musobaqa yakunida ko‘pgina mutaxassislar tomonidan Anrining xizmatlariga yuqori baho berildi. Keyinchalik Tyerrining murabbiylik iqtidoriga klub darajasida ham ishonch bildiriladi va 2018 yilning kuzida fransiyalik sobiq hujumchi «Monako»dan taklif oladi. Afsuski, bu yerdagi hamkorlik ham uzoq davom etmaydi. Monakodagi atigi uch oylik faoliyatdan so‘ng Anri istefoga chiqariladi, shundan so‘ng u qariyb 10 oy davomida ishsiz yuradi. Ammo mashhur nomning o‘ziyoq Anriga Kanadadan taklif bo‘lish uchun yetarli bo‘ladi. «Monreal Impakt» klubi xo‘jayinlari Anrining MLS chempionati bilan yaxshi tanish bo‘lgani uchun unga ishonch bildiradi. 2019 yilning noyabridan beri Anri Monreal klubida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning jamoasi shu paytgacha 5 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib, har bir o‘yinda o‘rtacha 1,2 ochko to‘pladi.
Andrey Shevchenko
Ukraina terma jamoasi, «Milan» hamda Kiyevning «Dinamo» klublaridagi faoliyati orqali muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Andrey Shevchenko 43 yoshda bo‘lishiga qaramay, murabbiylik kursisida to‘rtinchi yilini o‘tkazmoqda. 2003 yilda «Milan» safida Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan, 2004 yilda esa «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan Shevchenko 2012 yilda futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘yadi. Shundan so‘ng u ma’lum muddat siyosatga aralashishga harakat qiladi, biroq urinishlari muvaffaqiyatsiz kechgach, futbolga qaytishga qaror qiladi. 2016 yilda Shevchenko Mixail Fomenkoning yordamchisi etib tayinlanadi va mamlakat bosh jamoasini Yevro–2016 musobaqasiga tayyorlashga yordamlashadi. Ukrainlar uchun turnir ko‘ngildagidek o‘tmaydi, ular musobaqani guruh bosqichidayoq yakunlashga majbur bo‘ladi. Fomenko ishdan olingach, uning o‘rnini aynan Shevchenko egallaydi. Dastavval bu qaror ko‘pchilik tomonidan ma’qullanmagan bo‘lsa-da, ammo vaqt o‘tishi bilan ukrainaliklarning o‘yin uslubida yaxshi tomonga o‘zgarishlar kuzatiladi va jamoa hujumkor futbol namoyish eta boshlaydi. Xususan, Shevchenko boshchiligidagi Ukraina terma jamoasi kelasi yilning yoziga qoldirilgan Yevro–2020ning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, jamoa Millatlar Ligasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Shunga qaramay, Shevchenkoning terma jamoadagi kelajagi hanuzgacha mavhumligicha qolmoqda, boisi uning shartnomasi joriy yilning yozigacha mo‘ljallangan. Hatto «Milan» Andreyni bosh murabbiylik roliga taklif etmoqchiligi to‘g‘risida mish-mishlar ham yo‘q emas.
Aka-uka Inzagilar
Italiya va «Lasio»ning taniqli hujumchisi Simone Inzagi 2010 yilda «burgutlar» safida futbolchilik faoliyatini tugatadi. O‘sha yilning o‘zidayoq klub rahbariyati uni «Lasio»ning o‘smirlar jamoasiga murabbiylik qilishni taklif etadi. 2011–2016 yillarda Simone «Lasio»ning U-17 va U-19 jamoalarida murabbiylik qiladi. Inzagi uchun asosiy jamoaga yo‘l 2016 yilning bahorida boshlanadi, dastlab uni bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlashadi, yozda esa u Rim klubining to‘la huquqli ustozi sifatida ish boshlaydi. O‘shandan beri Inzagi klubning avvalgi mavqeyini qaytarishga harakat qilmoqda. Va qaysidir ma’noda u ushbu mavsumda bunga erishdi ham. Agar Italiya chempionati davom ettirilmasa, «Lasio» uchun adolatsizlik bo‘lardi, chunki jamoa peshqadam «Yuventus»dan atigi bir ochkoga ortda qolmoqda.
Simonening akasi Filippo Inzagi futbolchi sifatida anchagina yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, shu paytgacha murabbiylikda unchalik omadi yurishmagan. Filippo futbolchilik faoliyatini 2012 yilda «Milan»da yakunlab, o‘sha yerda o‘smirlar jamoasida murabbiyi bo‘lib qoladi. 2014 yilda esa Inzagi «rossoneri» bosh murabbiyi etib tayinlanadi. Filippo uchun murabbiylikning ilk yili omadsiz kechadi va bir yildan so‘ng jamoaning muvaffaqiyatsiz natijalariga asosiy sababchi deb topilib, iste’foga chiqariladi. Bir yil ishsiz yurgandan so‘ng, Inzagi «Venesiya»da ish boshlaydi va uni B Seriyasiga olib chiqadi. Shundan so‘ng u A Seriyaga qaytadi. Afsuski, yana «Bolonya» klubi bilan muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 2019 yilning yozidan beri Filippo «Benevento» bilan B Seriyada peshqadamlik qilib kelmoqda.
Alessandro Nesta
Italiya terma jamoasi, «Lasio», hamda «Milan» klublaridagi o‘yinlari orqali mashhurlikka erishgan, 2006 yilgi Jahon Chempionatida g‘olibi Alessandro Nesta 2015 yilda Hindistonning «Chennayin» klubida faoliyatini tugatadi. Bir necha oydan keyin AQSHning «Mayami» klubini boshqarish taklifiga rozi bo‘ladi va u yerda ikki yarim yil ichida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oladi. Uning bu salohiyatini Italiyada ham payqashadi va 2018 yilda Nesta «Peruja»da ish boshlaydi. Biroq Nestaga jamoasini A Seriyaga olib chiqish nasib etmaydi. Shundan so‘ng B Seriyaning boshqa bir klubi «Frozinone»ga ko‘chib o‘tadi. Joriy mavsumda uning boshqaruvidagi jamoa turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turgan «Krotone»dan 2 ochkoga ortda qolib, uchinchi pog‘onani band etgan.
Patrik Viyeyra
Fransiya terma jamoasi tarkibida 1998 yili Jahon 2000 yili Yevropa chempioni bo‘lgan Patrik Viyeyra klub darajasida «Milan», «Arsenal», «Yuventus», «Inter» va «Manchester Siti» kabi nomdor jamoalarda o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan. U 2011 yilda «shaharliklar» safida katta futbol xayrlashib, klub akademiyasida faoliyat boshlagandi. 2013 yilda esa «Siti»ning U-21 yoshlar jamoasiga murabbiylik qila boshlaydi. 2016 yilda Patrik aksariyat yosh murabbiylar singari tajriba orttirish maqsadida MLS’ga yo‘l oladi va «Nyu-York Siti» klubi bosh murabbiyi sifatida yaxshi natijalarga erishadi. 2018 yilning yozida Fransiyasining «Nissa» klubidan taklif oladi. O‘tgan mavsum «Nissa» Fransiya chempionatini yettinchi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, bu yili jamoa turnir jadvalida oltinchi pog‘onada bormoqda.
Stiven Jerrard
«Liverpul» muxlislarining suyuklisi, 2005 yilgi Chempionlar Ligasi g‘olibi – Stiven Jerrard futbolchilik karyerasini 2017 yilda «Los-Anjeles Gelaksi»da tugatganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng u Angliyaga qaytib, ma’lum muddat Mersisayd klubining yoshlar jamoasiga ustozlik qildi. 2018 yilning yozida esa Jerrardni Shotlandiyaga chaqirishdi va uning zimmasiga mahalliy «Reynjers» klubining avvalgi mavqeyini tiklash vazifasi yuklandi. Jerrardning jamoasi o‘tgan mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, joriy yilgi mamlakat birinchiligida ham xuddi shunday natijani qayd etilmoqda. Shotlandiyadagi vaziyatga xolis baho beriladigan bo‘lsa, «Seltik»ni «taxt»dan ag‘darish uchun faqatgina murabbiyning yetukligi kamlik qiladi.
Frenk Lempard
Futbolchi sifatida o‘zini faqatgina yaxshi tomondan namoyon etgan Lempard 2016 yilda ko‘plab ingliz futbolchilari singari faoliyatini MLS’da («Nyu-York Siti») yakunladi. Oradan bir yil o‘tgach, Frenk qadrdon klubi – «Chelsi» akademiyasida ish boshladi. Ammo 2018 yilning yozida u Angliyaning «Derbi Kaunti» klubiga ustozlik qila boshlaydi. Jamoa Chempionshipda ijobiy natijalarni qayd etgach, «Chelsi» rahbariyati Lempardni asosiy jamoaga taklif etadi. 2019 yilning yozidan beri Lempard «Chelsi»da bosh murabbiy sifatida ishlab kelmoqda. Jiddiy transferlar amalga oshirilmagani va moliyaviy sarmoyalar kiritilmaganiga qaramay, Lempard jamoa o‘yinini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu mavsumda «ko‘klar» Premyer Ligada to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi va Evrokuboklarga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyatga ega.
Zinedin Zidan
Fransiya terma jamoasi, «Yuventus» hamda «Real»dagi yorqin o‘yinlari bilan ko‘pchilikning mehrini qozona olgan Zinedin Zidan faoliyatini yakunlaganiga 15 yilga yaqinlashgan bo‘lsa-da, hamon uning betakror o‘yinlarini sog‘inadiganlar topilsa kerak. Zidan murabbiylik faoliyatini 2012 yilda «qirollik klubi» akademiyasida boshlaganiga qaramay, tezda asosiy jamoaga ko‘tarilishga erishdi. 2016 yilning yanvarida bosh murabbiy etib tayinlangach, «galaktikos» ketma-ket ravishda uch marotaba Chempionlar Ligasidagi g‘alaba qozondi. Biroq «Real» muxlislarini ranjitayotgan jihat Zidan mamlakat birinchiliklarida jamoaning barqarorligini ta’minlay olmayapti va chempionlik poygasida azaliy raqib – «Barselona»ga imkoniyatni boy berib bermoqda. La Liganing joriy yilgi mavsumida madridliklarda oltin medallarni qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat saqlanib turibdi, ular «Barselona»dan bor-yo‘g‘i ikki ochkoga ortda qolmoqda.