Xalqaro basketbol federasiyasi (FIBA) Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bilan maslahatlashuvlardan so‘ng erkaklar o‘rtasida basketbol bo‘yicha olimpiya saralash musobaqalarining muddatlarini tasdiqladi. Ushbu saralash turnirlarini o‘tkazish muddatlari koronavirus pandemiyasi sababli o‘zgartirilgan edi.
FIBA ushbu to‘rtta turnir bo‘yicha XOQ bilan maslahatlashuvlarda sportchilarning yuklamasi, milliy terma jamoalarining rejalari va musobaqalari muddatlarini hisobga oldi. XOQ ham ushbu omillarni hamda “Tokio-2020” 2021 yilga ko‘chirilishi munosabati bilan yuzaga kelgan favqulodda holatni hisobga olgan holda FIBAning olimpiya saralash turniri muddatlarini tasdiqladi.
FIBA prezidenti Xamane Niang va Bosh kotibi Andreas Zagklis XOQ prezidenti Tomas Bax va XOQ Ijroiya kengashiga buning uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi. FIBAning to‘rt saralash turniri Kanada, Xorvatiya, Litva va Serbiyada 2021 yilning 29 iyunidan 4 iyuligacha bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirning har birida oltitadan, jami 24 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi. Hozirgacha Xalqaro basketbol federasiyasining 2019 yilgi jahon chempionati natijalari bo‘yicha olti milliy jamoa hamda Tokio-2020 mezboni Yaponiya 2021 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan.
FIBA olimpiya saralash musobaqalariga qur’a tashlash Xalqaro basketbol federasiyasining Patrik Bauman nomidagi basketbol saroyida 2019 yilning noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan edi. Olimpiya saralash musobaqalari g‘oliblari 2021 yil 23 iyulidan 8 avgustgacha Tokioda bo‘lib o‘tadigan Yozgi olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.