Faoliyati davomida ko‘plab mega yulduzlar bilan birga to‘p surgan va ko‘plab afsonalarga qarshi kurash olib borgan Xavi oavda kam ko‘rinish beradi. Shunga qaramay, u aytgan so‘zlar ko‘pincha oz fursatdan so‘ng o‘z tasdig‘ini topadi.
Bugun aynan Xavi tomonidan e’tirof etilgan futbolchilar va voqealar haqida so‘z boradi. Ayni damda murabbiylik qilayotgan ispanning har-hil vaqtda bergan intervyularini e’tiboringizga havola etamiz. Ushbu so‘zlardan so‘ng, "Real Madrid" muxlislarining ham Xaviga bo‘lgan hurmati oshsa, ajab emas.
Antuan Grizman
Xavi Antuanning “Barselona”ga ko‘nikib ketishi borasida , bildirgan fikrlarini etibor qarating! Bir necha oy avval berilgan intervyuda Xavi Grizmanni oldinda nimalar kutayotganani aniq ayta olgandek go‘yo...
"Antuan men ko‘rgan hujumchilar orasida eng kuchlilaridan biri deb ayta olaman. U Fransiya terma jamoasida ham “Atletiko Madrid”da ham o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkaza oladigan futbolchi hisoblar edi. Uning maydondagi harakatlari kishini quvontiradi. Antuan bilan bir necha bor maydonda to‘qnash kelganim uchun u haqida qo‘rqmasdan shu so‘zlarni aytmoqdaman. Tog‘ri Messi jamoani ortidan yetaklab yurishdan to‘xtamagunicha Grizman o‘z o‘yinini topa olmasligi mumkin, biroq u shusiz ham “Barselona”ni kuchaytira oladi. Shunchaki unga imkon berish lozim."
Neymar
Braziliyalik hujumchi PSJ bilan shartnoma imzolagach, ko‘plab muxlis va jamoadoshlari uni keskin tanqidqilishni boshladi. Xavi birinchilardan bo‘lib uni qo‘llab-quvvatlagan.
"Men uni doim hurmat qilganman va shunday bo‘lib qoladi. U chinakam futbol daxosi. Neymar maydondagi har bir daqiqani san’at asariga aylantirishni istaydi va bu ishni uddasidan chiqadi. Ochig‘i undagi potensialni Messidan boshqa hech kimda ko‘rmaganman. Bu futbol va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, o‘tmishni unutib oldinga qadam tashlash lozim. Uning Parijdagi faoliyatiga omadlar tilab qolaman. Hammasi uchun raxmat Neymar!"
Muhammad Salah
Xavi Salah haqida bir necha bor intervyu bergan bo‘lsada, u tomonidan Salah “Roma” jamoasida to‘p tepib yurgan davrlarda berilgan intervyuni taqdim etishga qaror qildik. Xavining topqirligiga yana bir bor baho bering
"Salah dunyodagi eng chaqqon futbolchilardan biriga aylanib bormoqda. Hozirda u Ronaldudan ham tezkor futbolchiga aylanib ulgurdi. Bundan tashqari, u katta tezlikda ham himoyachilarni aldab o‘tib ketishi mumkin. Salah istalgan jamoa uchun bosh og‘rig‘i bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik uni bir mavsum futbolchisi deb tahmin qilmoqda, lekin menimcha u kelajakda chinakam yulduz darajasida ko‘tarila oladi."
Mbappe
Fransiyaning Rossiyada bo‘lib o‘tgan mundialdagi g‘olibligadan so‘ng, Xavi ispan nashrlari uchun intervyu berdi va Mbappening o‘sishi uchun o‘z maslaxatini ayamadi.
"Killian jismonan juda rivojlangan futbolchi. Bundan tashqari katta tezlikda tana bilan ham yaxshi o‘ynay oladi. Hali 20 yoshga to‘lmagan yigitchaning shu qadar sifatli futbol namoyish etishiga qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q. U chinakam fantastik futbolchi. Afsuski, muammo ham aynan shunda. Agar Mbappe o‘sishdan to‘xtab qolsa, kelajakda uning o‘yinida keskin pasayish kuzatiladi. Chunki muxlislar uni juda yuqori tempdagi o‘yinlari bilan tanishdi. Endi yanada yaxshiroq to‘p surish talab etiladi. Ochig‘i unga Gvardiolaning jamoasida to‘p surishni maslahat bergan bo‘lar edim. Ana shundagina Mbappe o‘z o‘yinini yangi darajaga olib chiqa oladi."
Inyesta
Xavi uzoq yillik do‘sti “Barselona” uchun o‘zining so‘ngi uchrashuvini o‘tkazganidan so‘ng, shu satrlarni o‘z ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirgan edi.
"U bilan nafaqat maydonda balki hayotda ham birga ko‘p g‘alabalar va ko‘plab mag‘lubiyatlarni boshdan kechirganmiz. Uning “Barselona”ni tark etishi haqidagi xabar bugun yoki ertaga e’lon qilinishini tahmin qilayotgan bo‘lsamda, bunga ishonish qiyin. Ochig‘i butun hayoting o‘tgan klubdan ketish naqadar og‘ir ekanligini men yaxshi his etganim bois, Inyestaning ko‘nglidan nima o‘tayotganini tasavvur qilyapman. Do‘stim, sen futbol olamida o‘z so‘zingni ayta olgan futbolchisan. Sen kabi buyuk futbolchi bilan bir jamoada to‘p surganimdan faxrlanaman.
Bonus. Jaloliddin Masharipov
Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga qarshi o‘yinda “As-Saad” tarkibida maydonga tushgan Xavi o‘yindan so‘ng, jurnalistlar bergan savollarga javob berib o‘tdi. Quvonarlisi shundaki, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb e’torf etilgan yarim himoyachi hamyurtimiz Jaloliddin Masharipovni alohida qayd etib o‘tishni unutmadi.
"Murabbiy to‘g‘ri aytib o‘tdi. Dastlabki 15 daqiqada yaxshi o‘ynadik. "Paxtakor" juda yaxshi shakllangan jamoa ekanligini ko‘rsatdi. Ayniqsa qanotlarda yaxshi harakat qilishdi, chap qanotda o‘ynagan vingeri, Jaloliddin Masharipovning harakatlarini alohida takidlab o‘tgan bo‘lardim. Ikkinchi bo‘limda murabbiy taktikani o‘zgartirdi va o‘yinni nazorati bizg o‘tdi. Ikkinchi taymda deyarli bexato o‘ynadik. Yutishimiz ham, yutqazib qo‘yishimiz ham mumkin edi. Butun o‘yinni oladigan bo‘lsak durangni adolatli deb ayta olaman"