Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Hames “Everton” brendini qanday ommalashtiradi?

Hames “Everton” brendini qanday ommalashtiradi?

Baho:
+ | -

Hames-noyob futbolchi. Gap uning maydonni qanday ko‘rishi, super zarbasi va gollivudcha tabassumi haqida emas. U hech qachon dunyoning top-5 futbolchilari qatorida e’tirof etilmagan, lekin ijtimoiy tarmoqlarda, media bozorida Ronaldu va Messi atrofida yuruvchi sportchi. 2020 yil oktyabr oyiga kelib Instagramdagi obunachilari soni bo‘yicha faoliyati davom etayotgan futbolchilar qatorida beshinchi o‘rinda. Uning transferi “Everton”ning tijoriy bo‘limi uchun Anchelottiga qaraganda ko‘proq foyda keltiradi. Xamesning fenomenal darajada mashhurligi unga butun faoliyati davomida qo‘l kelyapti.

U Kolumbiyaning ramzi.

Rodrigesning bu darajada mashhurligini bir necha elementlarga ajratsak bo‘ladi.
Birinchidan, butun mamlakati uni yaxshi ma’noda yoqtirib qolgan. “Real” zaxira o‘rindig‘ida qolib ketayotgan bo‘lsa-da,unga ishonishdan bir soniya ham to‘xtashmagan. Uning yoshligi qiyinchiliklarda o‘tgan. Haqiqiy butsa olishni doim orzu qilgan. Kolumbiyadagi qashshoq hayot to‘grisida eshitgan bo‘lishingiz kerak.

Yevropaga ko‘chib o‘tgandan keyin ham yoshligida ko‘rgan kechirganlarini unutmadi. Birinchi shartnoma pullariga bobo va buvisiga o‘z yurtida uy qurib berdi. “Biz hammamiz kolumbiyalik” fondini ochdi. Fondning asosiy maqsadi sport bilan shug‘ullanuvchi bolalarni kiyim bilan ta’minlash edi.

Kolumbiyaliklarga Hamesdek inson mamlakat nomini butun dunyoga tanitishi juda ma’qul tushadi.Kolumbiyalik futbol sharhlovchisi “The Athletic” jurnaliga bergan intervyusida shunday degan edi: “Hames mamlakatimiz g‘ururidir. Bizning yurtni Pablo Eskobar kabi yomon nomlarga bog‘lashlariga o‘rganib qolganmiz, lekin bizda yangi kolumbiyaliklar avlodi yetishib chiqdi. Bular Xames, Shakira, Falkao, Dj.Balvin va Maluma. Ular o‘z ishlarining ustalari hisoblanadi. Har bir kolumbiyalik inson ularni ko‘rganda yuragida g‘ururni his qiladi”.

Hamesning bu darajaga yetishiga supermenejer yordamlashgan.

Media olamdagi muvaffaqqiyatning ikkinchi elementi-sifatli menejment. Hames 2010 yilda kolumbiyalik mashhur menejer Fernan Martines bilan hamkorlik qila boshlagan. Odatda bunday insonlar reklama shartnomalari va turli xil tadbirlar tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Lekin Fernan yosh mijoziga jurnalistlar bilan qanday suhbatlashish, sarik matbuotdan uzoq yurish sirlarini ham o‘rgatadi. Hames 20 yoshida “Portu”ning asosiy tarkibida yorqin o‘yin ko‘rsatadi, ammo bugungi kundagi Mbappe yoki Sancho kabi mashhur emasdi. Shunga qaramay uning reklamalardan ishlab topgan yillik daromadi 8,5 million yevrodan oshgan. 2015 yilga kelib Xames boshqa bir taniqli futbol agenti Jorje Mendesh bilan shartnoma tuzadi.

2014 yilgi Jahon chempionati uni dunyo darajasidagi yulduzga aylantirdi.

So‘nggi element. Sehrli 2014-yil.

Biz Jahon chempionatlari jozibasi haqida juda yaxshi bilamiz. Milliardlab insonlar bir oy davomida o‘z televizorlari qarshisida “qotib” qolishadi. Bunday vaziyatlarda birgina harakat bilan yulduz bo‘lish hech gap emas. Bizning qahramonimiz o‘sha yilgi turnirning haqiqiy yulduziga aylandi. Chempionat to‘purari bo‘lgan Xames eng chiroyli gol nominasiyasida ham g‘olib chiqqan. Urugvayga qarshi o‘yinda uzoq masofadan urgan goli har qanday fleshmoblarni bezab bergan. Jahon chempionati davomida "Tvitter"da 8,8 million marta eslangan. U haqida xattoki jahon darajasidagi yulduzlar ham yozishgan. Ular qatorida qo‘shiqchilar Shakira va Rianna ham borligi o‘sha paytda Hamesga bo‘lgan e’tiborni yaqqol ko‘rsatib beradi.


Bunday shov-shuvlardan keyin top klublardan qiziqishlar bo‘lishi tabiiy edi. Florentina Peres uni “Real”ga taklif qiladi. Transfer qiymati 75mln. yevro.

“Real”da Hamesamaniya boshlandi: futbolchining taqdimot marosimiga 15 ming kolumbiyalik tashrif buyurdi.

Taqdimot payti Rodriges o‘z nutqida : “Endi 45 millionlik Kolumbiya aholisi madridist bo‘ladi”. Bu gapga hech kim qarshilik bildirolmadi. 72 soat ichida 400 mingdan ortiq futbolka sotildi, do‘konlardagi navbatlarning oxiri ko‘rinmasdi. Bu borada faqatgina Krishtianu Ronaldu yuqoriroq natija qayd etgan. Bu voqealarni Madrid Xamesamaniya, deb atashdi. 2016-yilda 1,2 million dona futbolkasi sotilgan futbolchi Messidan (1,9 million) ortda qolgandi.


“Bavariya” va Hames; AQSH bozoriga kirish uchun qilingan harakat.

Zidan murabbiyligida ko‘plab uchrashuvlarda zaxirada qolib ketayotgan futbolchini “Bavariya” 2017 yilda 2 yillik ijaraga oladi. Hamesning ijarasi myunxenliklarga ancha qimmatga tushardi. Bosh murabbiy Anchelottining qarori bilan taklif qilingan futbolchi orqali nemislar Lotin Amerikasi va AQSH bozoriga kirib boradi.

“Biznes nuqtai nazaridan bizda Chili, Meksika va Kolumbiyadan futbolchilar bo‘lishini xohlardik. Bu bizning xalqarolashuvimizga ham yordam beradi”, degan edi “Bavariya”ning Janubiy Amerika bilan ishlash departamenti direktori Rudolf’ Vidal 2016 yilda.


Hamesning kelishi bilan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida Karl-Xayns Rummeninge kolumbiyalikning marketing potensiali haqida gapira turib : “Bizning matbuot xizmatimiz rahbari Rodriges kelishi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda layklar soni 10 martagacha oshganini aytdi. Men buning nima ekanligini bilmayman,lekin quloqqa yoqimli eshitildi”. Bu xabar yolg‘on bo‘lib chiqmadi, bir sutkada “Bavariya”ning ijtimoiy tarmoq sahifalariga 100 mingdan oshiq inson obuna bo‘ladi.

"Everton” Taym-skver va Mayami-Bichda Hamesni reklama qildi.

Bugungi kunga qaytamiz. Hames deyarli 30 yoshda, ammo jarohati va har doim ham o‘z ishiga jiddiy yondashmagani sababli u bir necha mavsum davomida soyada yurdi. Ammo muxlislari uni yolg‘izlatmadi. Hozirda uning "Instagram"da 46 million obunachisi bor, jami barcha ijtimoiy tarmoqlarda 80 milliondan ko‘proq.

Rodrigesning dunyodagi eng marketing rivojlangan ligaga o‘tdi, ammo "Instagram"da u nafaqat "Everton" ni (1,8 million), balki Premer liganing istalgan klubini ham ortda qoldirmoqda: "Manchester Yunayted" (37 million), "Liverpul" (28), "Chelsi" (23), "Siti" (21), "Arsenal" (18). "Everton"dagi jamoadoshlaridan esa judda katta farq bilan oldinda.

Dastlabki besh turda kolumbiyalik "sehrgar" 3 gol va shuncha golli uzatma berdi va "Everton"ning super startidagi asosiy sababchilaridan biri bo‘ldi. “Everton”ga uning maydon tashqarisidagi foydasi ham katta bo‘lishi kutilmoqda.

"Everton" Hames auditoriyasidan ikki yo‘nalishda foyda olishga harakat qiladi.

1. Rodriges auditoriyasining bir qismini qo‘lga kiritish.

"Everton" rasmiy saytiga bergan birinchi intervyusida Hames "Real" davridagi so‘zlarini takrorladi: "Endi Kolumbiya ko‘kka bo‘yanadi"."Everton" uchun bu 10-20 million yangi muxlis orttirish imkoniyatidir. APL da top-6 likka qo‘shilish uchun ham yaxshi imkoniyat bo‘ladi.Qachondir kolumbiyalik futbolchi jamoani tark etgan taqdirda ham “irislar”ga muxlis bo‘lib qolaveradi.

2. Yangi obunachilarning salmoqli qismi Janubiy Amerika va AQSHda yashovchi kolumbiyaliklardir.

"Everton" ning savdo bo‘limi ulardan qanday qilib foyda qilishni allaqachon o‘ylab qo‘yishgan. Yaqinda Bogotada (Kolumbiya poytaxti) "Everton" ning fan-do‘koni ochiladi va 2021 yil yoziga qadar Mayami va Floridada ham xalqaro ofislarini ochish rejalashtirilgan.

Rodrigesning transferi uchun "Everton" g‘ayrioddiy reklama kampaniyasini o‘ylab topdi.Asosiy nishonda amerika va kolumbiyaliklar edi.

Hamesning "Everton" libosidagi reklamasi Nyu-YOrkning "Tayms-skver" maydonida paydo bo‘ldi. Mahalliy muxlislar ham unutilmagan. Liverpuldagi bir nechta binolar Xames gologrammalari bilan yoritilgan.

“Everton” marketing xizmati reklama kampaniyasi dunyo bo‘ylab 400 million kishini qamrab olganini taxmin qilmoqda. Kolumbiyada allaqachon "Everton"ni yoqtirib qolishmoqda. Sport saytlari “irislar”ning har bir o‘yiniga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Shunday futbolchilar borki faqatgina jamoaning natijalarini yaxshilash uchungina olib kelinmaydi,butun boshli tizimni yangicha ko‘rinishga keltirish uchun ham xizmat qiladi. Bugungi qahramonimiz aynan shunday futbolchilar sirasiga kiradi.

Ruslan Maksimov tayyorladi.

Kiritildi: 09:36, 25.10.2020.
O'qildi: 4697 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.