Stadion.uz Ronadluning ehtimoliy transferi haqida fikr almashadi.
Ketishga asos bormi?
Turin klubi chinakam pragmatik jamoa desak, adashmagan bo‘lamiz. Jamoa asosan erkin agentlar bilan shartnoma imzolash ilinjida barcha ishga tayyor. Ronalduning transferi klub uchun chinakam jekpot bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. U o‘z missiyasini mukammal darajada bajardi. Jamoaning aksiyalari narxi 4 barobar ko‘tarildi. Media bozorda oldinga ulkan qadam tashlandi. Boz ustiga oldinda yana yarim mavsumdan ko‘proq vaqt mavjud. Ayni damda, Turin klubi 35 yoshli Ronaldu uchun yiliga 31 million yevrodan voz kechmoqda. Undan keyingi o‘rindagi eng qimmat maosh oluvchi himoyachi De Ligt 8 million yevro bilan egallab turibdi. O‘rtadagi farqqa e’tibor qarating! «Yuve» maosh tarqatish borasida ham o‘z qonun qoidalari asosida harakat qilishi tahsinga sazovor.
Krish o‘z gollari sonini ko‘paytirish bilan ovora. Jamoa “A seriya”ni u siz ham qo‘lga kiritayotgan edi. Krish YECHLda natija ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan bo‘lsada, “Ayaks” va «Lion»ga qarshi bahslarda jamoa omadsizlikka uchradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, qahramonizning Turindagi sarguzashtlari yakuniga yetib bo‘ldi hisob. Boz ustiga, Pirloning jamoasi mavsumni juda yomon boshladi. Bu ketishda, Krish Italiyani bronza medallari bilan tark etishi ham katta gap.
Endilikda, «Yuve» yangi super yulduzni izlashni boshlab yuborishi lozim. Ular media olamdagi ustunlikni boy bermasligi uchun ham yana bir super yulduz bilan shartnoma imzolashga harakatni boshlab yuborgan bo‘lishi ham mumkin. Anyeli va Nedved klubning kelajagi haqida bosh qotirishmoqda.
PSJ? Nega endi yo‘q?
Parij klubi ichki musobaqalarda hech qanday muammoga duch kelmasligiga o‘rganib ham qoldik. Jamoa allaqachon Fransiyaning birinchi raqamli klubi. Shunday bo‘lsada, Shayxlarning asosiy maqsadi amalga oshmay kelmoqda. U ham bo‘lsa, Yevropa Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish. Krishtianu Ronaldu esa, bu borada chinakam rekordchi. To‘g‘ri, bu ishni Turinda amalga oshirishni uddalay olmadi, biroq butun jamoaning va murabbiyning no‘noqligi bunga imkon bermaganini unutmaslik lozim. PSJ o‘tgan mavsum finalga qadar yetib bordi, ammo hal qiluvchi o‘yinda katta sahnaga chiqadigan super yulduz yetishmadi. Balki, Ronalduning kelishi bu oldinga tashlangan qadam bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Krish uchun ham bu ajoyib taklif. Sababi, Ibrahimovich ham qariya yoshda chinakam sermahsullik namoyish etib eng yaxshi to‘purarga aylanishga muvaffaq bo‘lgan edi. Endi bu ishni Ronaldu davom ettirishi va shaxsiy rekordini yetib bo‘lmas darajaga olib chiqishi mumkin. Shaxsiy shartnoma borasida Krishni PSJ to‘liq qanoatlantira oladi. O‘z vaqtida Neymar uchun 222 million yevro to‘lagan klubda Krishtianu uchun yana 100 million yevro topilishi turgan gap. Himoyachilar uchun 50-60 million yevro to‘lanayotgan paytda, bu shunchaki fantastik transfer bo‘lar edi.
«Manchester Yunayted» ham chakki emas, biroq…
Angliyada Krishtianuni juda yaxshi ko‘rishadi. Boz ustiga, uning «qizil iblislar» safida yana ko‘rinish berishi katta ajiotajga sabab bo‘lishi ham aniq. Afsuski, bu tanlov amalga oshmasligi tobora aniqlashib bormoqda. Gap shundaki, «Manchester Yunayted» ayni damda umuman boshqa ko‘rinishga kelib bo‘lgan. Jamoa «Siti»ni yengishi va keyingi turda autsayderga mag‘lub bo‘lishi mumkin. Stabillik yo‘q. Boz ustiga, klubning YECHLdagi imkoniyatlari ham juda past baholanmoqda. «Istanbul»ga mag‘lub bo‘lgan klub bilan oldiga doimo katta maqsad qo‘yuvchi Ronalduni uyg‘unlikda tasavvur qilish mushkul.
Bundan tashqari, Sulsher ham Krish singari o‘zidan kattaroq figura bilan ish olib borishga tayyor emas. Uning super yulduzlar bilan ishlash tajribasi hali sinovdan o‘tganicha yo‘q. Bu kelishuvdan nafaqat Ronaldu, balki «MYU» ham zarar ko‘rishi mumkin. Bu shunchaki, faraz xolos. Shunday bo‘lsada, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
MLS, kattagina pul va yangi sarguzashtlar
Tan olish lozim, Ronalduning qaysi jamoaga o‘tishi borasida xabarlarni «Inter Mayami» egasi Devid Bekhem ham muntazam kuzatib bormoqda. U ham o‘zining AQSHdagi futbol g‘oyasini ilgari surishi uchun yangi qahramonlar izlamoqda. Birgina Iguain bilan stadionga muxlislarni qaytarishning imkoni yo‘q. Ularga qirol kerak! O‘z vaqtida Beksning MLSga o‘tishi juda katta shov-shuv bo‘lgan edi. Agar Krish o‘tsa, bu undan ham kattaroq mavzuga aylanadi. Bu esa, Beks ayni istagan narsa. U MLSga katta investorlarni tortish, milliy birinchilikning saviyasini oshirish ilinjida harakat qilmoqda. Ronaldu esa, uning uchun barcha rejalar kaliti bo‘lib xizmat qilishi aniq.
Shunga qaramay, Krish faolyatini MLSda davom ettirishga rozi bo‘ladimi? Balki bo‘lar, biroq hozir emas. U Yevropa darajasiga to‘liq mos kelmoqda va shu tempda yana kamida ikkita mavsum to‘p surishga qodir. Shunday ekan, kamida 2 yilsiz uni AQSHda kutmaslik lozim. Bu variantni bir muncha vaqtga chetga surib qo‘yamiz.
«Yuventus»da qolish?!
Turin super klubi Krishni tarkibda olib qolish borasida ham bosh qotirmoqda. Sababi, jamoada hech yo‘q yana yarim mavsum bor. Hech bo‘lmasa, ichki birinchilikda sovrinlarni qo‘lga kiritish orqali Krishni olib qolishga urinib ko‘rish mumkin. Afsuski, Pirloning juda yomon start olishi vaziyatni biroz keskinlashtirmoqda. Shunday bo‘lsada, Turinga Krish ancha o‘rganib qoldi. U jamoada o‘zini erkin tutmoqda. Rahbariyat bilan ham muammo mavjud emas. Umuman olganda, «Yuventus»da qolish ham Krishga naf keltirishi mumkin, biroq qahramonimiz qay uslubda oldinga qadam tashlashi noma’lum. Uning oldida haqiqatga yaqin ikkita tanlov bor. Biri Turinda qolish, ikkinchi esa Parijga ko‘chib o‘tish. U qay birini afzal ko‘rishini esa, mavsum oxirida bilib olishimiz mumkin. Uning transferi haqidagi boshqa mish-mishlarda esa, deyarli mantiq yo‘q. Yana kim biladi deysiz?!