Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Farhod Mirahmatov: “Raqobatdan cho‘chisam, “Navbahor”ga kelmasdim”

Farhod Mirahmatov: “Raqobatdan cho‘chisam, “Navbahor”ga kelmasdim”

Baho:
+ | -

2021 yilgi mavsum boshida “Navbahor” safiga ko‘plab yangi futbolchilar jalb etildi. Ulardan biri o‘tgan mavsum “Andijon”da to‘p surgan Farhod Mirahmatovdir. Mahoratli himoyachi “Navbahor” PFK matbuot xizmatiga bergan intervyusida yangi jamoaga moslashish jarayoni, mavsumoldi tayyorgarliklari va shaxsiy faoliyati xususida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Farhod, suhbatimiz avvalida “Navbahor”ning yangi mavsumga tayyorgarligi xususida gapirsangiz...
— Xabaringiz bor, jamoamiz dastlab Namanganda, Toshkentda, keyin esa Turkiyada o‘quv‑mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdi. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, mazkur jarayonda jamoaning barcha a’zolari yuqori kayfiyatda ishlashdi. Ayniqsa, xorij yig‘inida kuchli xorij jamoalari bilan o‘yinlar o‘tkazib, tajribamizni orttirdik. Turkiyada mashg‘ulotlarda murabbiylar tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni bekamu-ko‘st bajarishga intildik, rasmiy o‘yinlarda qo‘llanadigan taktikalar bo‘yicha ishladik. To‘g‘ri, o‘rtoqlik o‘yinlarida mag‘lubiyatlar ham kuzatildi, lekin asosiysi natija emasdi. Muhimi, murabbiylar barcha futbolchilar, xususan, yoshlarning tayyorgarligiga munosib baho berish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Turkiya yig‘ini yangi mavsumda bizga yordam berishi aniq.

— Superliga yangi mavsumi boshlanishiga ham oz fursat qolmoqda. “Navbahor”ning dastlabki turlardagi raqiblari ham aniq bo‘lib ulgurdi. Nima deb o‘ylaysiz, taqvim jamoamiz uchun noqulay kelmadimi?
— Bilasizmi, Superligada hozir kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Asosiysi, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, muxlislarni xursand qilmoqchimiz, istalgan raqibga qarshi munosib kurashishga tayyormiz. Birinchi turda “So‘g‘diyona” bilan o‘ynar ekanmiz, bu jamoaning qanday salohiyatga ega ekanligi, uni qanday murabbiy boshqarishi, tarkibdagi futbolchilarning nimalarga qodirligini bilamiz. Mazkur uchrashuv qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q. Bir narsa aniqki, bugungi kunda “Navbahor”da tajribali futbolchilar, iqtidorli yoshlar yig‘ilgan. Ular bilan katta natijalarga erishish mumkin va biz buni amalda isbotlash niyatidamiz. Hech qaysi raqibdan qo‘rqmaymiz, faqat oldinga intilamiz, “Navbahor” faqat g‘alabani o‘ylaydi.

— Yangi jamoaga moslashish jarayoni qanday kechmoqda?
— Yigitlar yaxshi qabul qilishdi, ancha moslashib qoldim. Qolaversa, jamoada tanishlarim ham bor. Jumladan, Zabihillo O‘rinboyev bilan yoshlar terma jamoasida birga o‘ynaganmiz. Yana ko‘pchilikni tanirdim, shu bois o‘zaro chiqishib ketishda qiyinchilik kuzatilmadi.

— Futbolga kirib kelishingiz haqida ham gaplashsak. Sportning bu turini tanlashingizga kim sababchi bo‘lgan? Qaysi murabbiylar bilan birga ishlagansiz?
— Millionlar o‘yiniga otam tufayli kirib kelganman. Umrlari uzoq bo‘lsin. 7 yoshimdan taniqli murabbiy Aleksey Yevstafeev qo‘l ostida shug‘ullanishni boshlaganman. Ushbu mutaxassis qo‘l ostida futbol sir‑asrorlarini o‘rgandim. Keyinchalik “Paxtakor” klubining turli yosh toifasidagi jamoalarida to‘p surdim. Samvel Babayan kattalar jamoasiga taklif qilgach, BAAda o‘tkazilgan qishki mavsumoldi yig‘inida qatnashdim. So‘ngra meni “Oq‑tepa”ga ijaraga berishdi. U yerda Aleksandr Mochinov va Marat Miftaxutdinov kabi murabbiylar qo‘l ostida ko‘p narsa o‘rgandim. Superligadagi debyutimni esa “Obod”da o‘tkazganman, bu klubga meni Bobur Zuhriddinov chaqirib, ishonch bildirgandi. Mazkur jamoa tarkibiga mavsumning ikkinchi qismida qo‘shilib, keyingi bir yilni o‘sha yerda o‘tkazdim. Keyinchalik “So‘g‘diyona”, “Andijon” klublarida o‘ynadim. Mana endi, “Navbahor”daman. Fursatdan foydalanib, menga ustozlik qilgan barcha murabbiylarimga tashakkur bildirmoqchiman.

— Faoliyatingiz davomida ko‘plab “vodiy derbilari”da qatnashgansiz. Ulardan qaysi biri siz uchun esda qolarli bo‘lgan?
— 2019 yili Namangandagi o‘yinda “Navbahor” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagandik. Hisobda oldinda borib, yakunda g‘alabani qo‘ldan chiqargan bo‘lsakda, o‘sha uchrashuv yodimda saqlanib qolgandi. Bu yil “vodiy derbilari” soni yanada ko‘payadi, “Andijon” va “Qo‘qon‑1912”dan tashqari, “Turon” bilan ham o‘ynaymiz. Mazkur jamoalarga qarshi kechadigan o‘yinlarning barchasi qiziqarli o‘tishiga shubha qilmayman.

— Mana, “Navbahor” murabbiylari qo‘l ostida shug‘ullanyapsiz. Xo‘sh, No‘’mon Hasanov va siz bilan birga ishlagan boshqa murabbiylar mashg‘ulotlari o‘rtasida qandaydir farq bor ekanmi?
— Yuqorida aytganimdek, juda ko‘plab murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadim. No‘’mon Hasanovning qisqa paslar, tezkor ochilishlar bilan o‘yin tashkil etishi menga ko‘proq yoqadi. To‘pni egallab olgach, shunchaki oldinga tepib yuborilishiga qarshi bo‘ladi. No‘’mon aka aynan shu jihati bilan boshqa murabbiylardan ajralib turadi, menimcha.

— Bolalikdagi kumiringiz kim bo‘lgan?
— O‘zimizdan, “Navbahor” va “Paxtakor”dagi o‘yinlari orqali tanilgan Leonid Koshelevning o‘yinlarini qiziqib kuzatardim. Ushbu futbolchi maydonda aqlli o‘yin ko‘rsatardi, standart vaziyatlarni a’lo darajada bajarardi. Jahon futbolida esa Marseloning o‘yinlariga qiziqishim baland. Uning hujumlarga faol qo‘shilishi yoqadi.

— “Navbahor”ga o‘tayotganda qanday maqsadni ko‘zlagandingiz?
— Avvaldan o‘z oldiga yuqori maqsadlar qo‘yadigan jamoa safiga qo‘shilishni niyat qilgandim. Xudoga shukr, “Navbahor”dan taklif olib, ushbu klubda faoliyat boshladim. Namanganga meni No‘’mon Hasanov taklif etdi, chunki u bilan “Paxtakor” o‘rinbosarlar jamoasida birga ishlagandik. Qolaversa, “Navbahor” PFK vise‑prezidenti Otabek Samatov bilan gaplashganimda, u ham jamoa tarkibiga qo‘shilganimdan xursandligini ta’kidladi. O‘z navbatida, “Navbahor”ning qanday fidoyi muxlislarga ega ekanligini ham bilardim, bu omil ham qaror chiqarishimda muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki ishqibozlar bilan gavjum stadionda to‘p surish boshqacha, baribir. Shularni inobatga olgan holda, jamoadan taklif tushganda, darhol rozilik berdim.

— Demak, muxlislar tomonidan bo‘ladigan bosimga tayyorsiz?
— Albatta, chunki Andijonda ham talabchan ishqibozlar qarshisida to‘p surganman. Bunday vaziyatlarga ancha ko‘nikib qolganman. Nasib qilsa, muxlislar bizni qo‘llab‑quvvatlab turishsa, ularga g‘alabalarimiz bilan javob qaytaramiz.

— Ayni payt chap qanot pozisiyasida to‘p surasiz. “Navbahor”da ushbu chiziqda Mirzohid G‘ofurov anchadan buyon barqaror to‘p surmoqda. Jamoada shunday kuchli raqobatga duch kelishdan qo‘rqmaysizmi?
— (kulib) Raqobatdan cho‘chiganimda, “Navbahor”ga kelmasdim. Umuman, ushbu jamoaga imkoniyatlarimni sinovdan o‘tkazgani kelganman. Raqobat hamma joyda bo‘ladi. Inson boshni baland ko‘tarib, faqat oldinga intilsa, albatta, maqsadiga erishadi. To‘g‘ri, Mirzohid aka juda tajribali, mahoratli futbolchi, ammo maydonga tushganda, hamma narsani unutib, o‘zimni ko‘rsatishga intilaman. U xoh mashg‘ulot bo‘lsin, xoh rasmiy o‘yin.

— Tasavvur qiling, murabbiy vaziyatdan kelib chiqib, sizni boshqa pozisiyada sinab ko‘rmoqchi. Bunga munosabatingiz qanday bo‘ladi?
— Qaysi chiziqda maydonga tushishimning unchalik farqi yo‘q, asosiysi — jamoamga yordamim tegsin.

— Muxlislarga tilaklaringiz?
— Bizni qo‘llab‑quvvatlashdan aslo charchashmasin, stadionlarni to‘ldirib turishsin. Biz esa ularning uylariga xush kayfiyatda qaytishlari uchun chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘alabalar tortiq etishga harakat qilamiz.

Ma’lumot uchun

Farhod Mirahmatov
Tug‘ilgan yili: 1994 yil, 5 avgust
Tug‘ilgan joyi: Toshkent shahri, Uchtepa tumani
Futbol bilan 7 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiyi: Aleksey Yevstafeev.
Toshkent Olimpiya zaxiralari kollejini tamomlagan.
Faoliyati davomida “Paxtakor” o‘rinbosarlari, “Oq‑tepa”, “Obod”, “So‘g‘diyona”, “Andijon” klublarida o‘ynagan.
2021 yildan “Navbahor”da. Oilali.
Muxlislik qiladigan jamoasi: “Real” (Madrid).
Yoqtirgan futbolchisi: Marselo.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 23:49, 01.03.2021.
O'qildi: 2295 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.