Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Lukaku faoliyatini Samarqand yoki Buxoroda davom ettirishi mumkin! Nimaga deysizmi?!

Lukaku faoliyatini Samarqand yoki Buxoroda davom ettirishi mumkin! Nimaga deysizmi?!

Baho:
+ | -

Bugungi kunda Romelu Lukaku ko‘rsatib kelayotgan o‘yin ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Darhaqiqat, u ortda qolgan fevral oyini fantastik suratda o‘tkazdi. Romelu fevral oyida jami 4 ta o‘yinda maydonga tushib 4 gol va 3 assist muallifiga aylandi. Natijada unga «oyning eng yaxshi o‘yinchisi» sovrini topshirilganidan xabaringiz bor. Ushbu natijalarni hisobga olmagan taqdirda ham futbolchi «Inter»ga kelgan kunlaridan boshlab mavsumdan mavsumga ochilib bormoqda. Shu paytgacha u 26 ta o‘yinda maydonga tushib 19 gol va 7 assist muallifiga aylandi, ayni paytda A Seriya to‘purarlar ro‘yxatida Ronaldu bilan tengma-teng ravishda kurash olib bormoqda. Bundan tashqari ham Lukakuning e’tirof etiladigan boshqa ko‘plab ijobiy xususiyatlari mavjud.

Biroq biz bu gal belgiyalik yulduzning umuman boshqa bir jihatiga to‘xtalmoqchimiz. Qahramonimiz o‘z hamkasblari orasida bir qator xorijiy tillarni biluvchi kamdan kam futbolchilar qatoriga kiradi. Qiziq tomoni, Lukaku bugungi kunda o‘z ona tili flemish (belgiyada mahalliy xalq ushbu tilda so‘zlashadi)dan tashqari golland, fransuz, ingliz, portugal, lingala (Kongoda mahalliy aholi gaplashadigan asosiy til), nemis hamda italyan tillarini mukammal o‘zlashtirgan.

Albatta, asosiy faoliyati futbolchilikdangina iborat bo‘lgan yigitcha uchun baho berilganda bu fantastik holat sifatida eshitilishi mumkin. Biroq Romeluning mamlakatida ikki-uchta tilni mukammal o‘zlashtirishga odatiy hol sifatida qaraladi. Bu makon nuqtayi nazaridan kelib chiqqan jarayon. Belgiyaning shimoliy qismida aholi o‘z tili flemishdan tashqari golland hamda fransuz tillarini yaxshi o‘zlashtirgan. Mamlakatning janubiy qismidagi aholi uchun esa nemis tili begona emas. Bunday bo‘lishiga asosiy sabablardan biri sifatida mamlakatga har yili kirib keladigan son minglab immigrantlarni keltirish mumkin.

 

Etnik jarayonlar ta’sirida har bir belgiyalik u-bu tildan oz-moz o‘zlashtirib borishi albatta tabiiy hol. Buni Lukakudan tashqari Vinsent Kompani va Tibo Kurtualarda ham ko‘rishimiz mumkin. Vinsent fransuz, ingliz, nemis va golland tillarida bemalol gaplasha oladi. Tibo ham xuddi shu darajada plyus ispan tilidan ham yuqori ko‘rsatkichga ega. Biroq shu asnoda fikrimizga teskari misol ham keltirib o‘tishimiz mumkin. Belgiya milliy terma jamoasining yana bir a’zosi Maroan Fellayni bu borada ortiqcha maqtana olmaydi. Maroan ingliz tilini o‘rganish jarayonida ancha qiyinchiliklarga uchragan. Buni uning «MYU»dagi jamoadoshi Rio Ferdinand ham bir intervyusida alohida ta’kidlab o‘tgan edi. Shuningdek, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Roberto Martines ham futbolchilar bilan suhbatlarda aynan ingliz tilida gapirishda muammolarga duch keladi.

Lukakuga to‘xtaladigan bo‘lsak unda «bilingualizm» xususiyati bolaligidanoq shakllanib borgan. U dastlab onasi va bobosidan (Romelularning kelib chiqishi asli Kongodan) lingala tili bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni o‘rgana boshlaydi. Bu yerda qahramonimizning turli xalqlar madaniyati va urf-odatlarini o‘rganishga bo‘lgan tug‘ma qiziqishi turtki bo‘lgan desak yangilishmaymiz. Anderlextda yashagan payti esa nemis tili bo‘yicha bilimlarini oshirib borgan Lukaku Angliyaga ko‘chib o‘tgan kezlari uning uchun bu yerdagi mahalliy tillarda gapirish umuman muammo bo‘lmagan. Qiziq tomoni, «Chelsi» tarkibida o‘sha paytlari braziliyalik futbolchilarni yetarlicha topsa bo‘lar edi.

 

Romelu shu asnoda o‘ziga portugal tilini ham kashf qilib oldi. Bu yo‘lda unga David Luis va Joze Bozingvalar yordam beradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, shu tariqa fenomenal xotiraga ega bo‘lgan Lukaku uchun 7 ta tilda so‘zlashish odatiy holga aylanib bordi. Biroq u bu tillarning aksariyatida umumiy o‘rganuvchilarga xos bo‘lgan darajada gapirardi xolos. Murabbiy ko‘rsatmalariyu chizmalari, shuningdek, yo‘riqnoma va kitoblarni aniq tushunib olish uchun u albatta tarjimonga murojaat qilar edi. Ammo bu yerda bir jihatni unutmaslik kerak.

Qahramonimiz bu kabi mashaqqatli jarayonlarda birorta ham o‘quv kurslari yoki malakali ustozlar ko‘magidan foydalanmagan, shuningdek, hech qanday mavjud qo‘llanma va darsliklarni ham muntazam ravishda o‘qib bormagan. Faqatgina tug‘ma qobiliyat va intilishning o‘zigina Romeluga bir klubdan boshqa bir klubga ko‘chib o‘tish jarayonida eng kerakli pallalarda adptasiya uchun asqotgan. Buni biz uni «Inter»da ko‘rinish berganidan so‘ng dadil harakatlari orqali anglab oldik. Gap shundaki, qahramonimiz Appenin yarimoroliga ko‘chib o‘tar ekan bu yerlarning madaniyati va tiliga ko‘nikishda deyarli hech qanday to‘siqlarga uchramadi, aksincha avvalgi ko‘nikmalarini mustahlakamlashda davom etdi.

Avvalari faqat televizor bilan suhbat qurgan Romelu endi ko‘proq jonli muhitga kirisha boshladi. Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratish lozim. Romeluning akasi Jordan Lukakuning 2016 yildan beri «Lasio» tarkibida o‘ynab kelishidan xabaringiz bor. U mashg‘ulotlardan bo‘sh payti sport o‘yinlarida kommentatorlik bilan ham shug‘ullanar edi. Jordan o‘zining «Sky Italia Channel» kanalidagi amaliyot kurslariga bevosita ukasini ham taklif etar, unga bu soha sirlarini qo‘lidan kelgancha o‘rgatib borar edi. Ko‘rinib turganidek, haqiqiy italyan adabiy tili muhitida voyaga yetgan kichik Lukaku bu tilni qiyinchiliksiz o‘zlashtirib oldi. Totti hamda Del Pyerolar bilan o‘tkazilgan podkastlarda ham u muntazam ravishda ishtirok etgan. Bu omillar unga «Inter»dagi faoliyati davomida ancha qo‘l kelayotganini futbolchining o‘zi ham bir intervyusida ta’kidlab o‘tgan edi.

U Instagramida avgustdagi mashg‘ulotlar jarayonidan olingan bir postida Joao Mario va Dalbertlar bilan ispan, italyan va portugalchada hazilomuz suhbatlar uyushtib turishiga urg‘u bergan edi. «Lukaku qo‘llaydigam metoddan ko‘pchilik ham foydalanavermaydi. U xotirasida turli so‘z o‘yinlarini yaratib oladi va jumlalarni ichida ko‘p-ko‘p qaytarib osonlik bilan yodlab olishga urinadi. Uning eng sevgan tili - bu portugalcha. Jamoadoshlari bilan bo‘ladigan kommunikasiyada ham u ushbu tilda so‘zlashishni talab qiladi», - deydi Bozingva. Shuningdek, uning «Everton»dagi jamoadoshi Ross Barkli bilan bir suhbati ham ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak. U Rossga 2006 yildan tortib o‘sha paytgacha o‘tkazilgan barcha musobaqalarni sanab berishini so‘raydi. Barkli esa ikkita turnir sanog‘idan so‘ng ketma-ket tarzda kkilana boshlaydi va nihoyat sanoqni bahsning yarmida to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Romelu esa shartni oxirigacha bajarib ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘lgan. O‘shanda u 20 dan ziyod turnirni ketma-ket, adashmay, bir tartibda tilga olgan edi.

Qayd etish kerakki, billinguallik xususiyati qahramonimizga futbol uchrashuvlarida ham ayni middao bo‘lgan. U «Everton»da o‘ynab yurgan kezlari hujumdagi eng yaxshi partnyorlaridan biri Yannik Bolazi edi. Har ikkisining ham kelib chiqishi aynan Kongodan bo‘lgan bu juftlik jamoasining yaratilgan hujumlarida ancha sermahsullikni namoyish etgan. «APLda himoyachilar to‘sig‘idan osonlikcha o‘tishning iloji yo‘q. Buning ustiga og‘ir vaznimni hisobga olsak bu men uchun deyarli imkonsiz ish edi. Shu kabi vzaiyatlarda aqlni ishga solish lozim. Men Bolazi bilan lingala tilida gaplashardim. Bu tilda esa Premyer-ligada bizdan boshqa deyarli hech kim gaplashmagan. Shu sababli Yannik bilan maydonda kalit so‘zlarni bemalol ishlata olganman. Darvozabonning zaif nuqtasini aniqlashda hamda uning himoyachilar bilan muloqotini tezda tushunvolish uchun bu ayni muddao edi. Shundan bo‘lsa kerak, "Everton"da o‘zimni ancha erkin his qilganman», deydi", - Lukaku.

Shuningdek, Lukaku aqlli inson va  ziyoli kishi sifatida e’tirof etiladi. U turizm bo‘yicha bakalavr diplomiga ega. Romelu futbolchilik faoliyatini shunchaki yakunlab qo‘ymoqchi emas. U keyinchalik murabbiylik sohasida ham o‘zini sinab ko‘rishni maqsad qilgan. Shuningdek, uning eng hurmatga sazovor xususiyatlaridan biri - Lukaku hech qachon tashqi ko‘rinishga e’tibor qaratmaydi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, tungi klubga borgan istalgan yigitni ham odobsiz deb o‘ylamaydi.

"U «Anderlext» da to‘p tepib yurgan kezlaridanoq 16-17 yoshlik bola sifatida boshqa jamoadoshlaridan keskin ajralib turgan. Lukaku hayotda faqat futbolchi bo‘lib yashash kerakmasligini uqtirardi. U har doim ko‘p qirrali inson bo‘lishga intilgan. U men bilan «Sint-Guido» institutiga kirishi kerakligini juda ko‘p gaplashardi. Nihoyat, shu voqea sodir bo‘ldi ham. Keyinchalik u ikki yil davomida PR va turizm sohasini muvaffaqiyatli tamomlab oliy malakali mutaxassis diplomiga ega bo‘ldi. Men shunda uni anchayin porloq kelajak kutib turganini sezgandim", - deydi Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines Men Sportga bergan intervyusida.

Albbatta, turfa xil tillarni bilish darajasi Lukakuga istalgan chempionatida qiynalmay o‘ynab ketishiga yordam beradi. U bu orqali raqib hujumlarini o‘qiydi, o‘ziga qulay imkoniyat yaratib olishda chalg‘ituvchi usullardan foydalanadi. Biz yuqorida bir futbolchi qilishi mumkin bo‘lgan professionallikning kichik bir darajasi haqida so‘z yuritdik. Darhaqiqat, Lukaku endi bemalol faoliyatini Buxoro yoki Samarqandda davom ettirishi mumkin. Malakali turist  maqomiga ega futbolchi bu yerlarda yurtdoshlarimizni zeriktirmasligi tayin. Romeluga o‘xshagan ko‘p qirrali futbolchilar bugungi kunda  yetishib chiqayotgan yosh avlod uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi

Kiritildi: 00:39, 16.03.2021.
O'qildi: 15430 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.