Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Chiro Immobile: «3 nafar farzand ham kam...»

Chiro Immobile: «3 nafar farzand ham kam...»

Baho:
+ | -

«Lasio» hujumchisi Chiro Immobile o‘tgan mavsum Italiya chempionatida 36ta gol urib, Yevropa milliy ligalarining eng yaxshi to‘p­urariga atalgan «Oltin butsa» sovrinini qo‘lga kiritgandi. Yaqinda Yevropa sport nashrlari assosiasiyasi (ESM) Chiroga tegishli mukofotni tantanali tarzda topshirdi va italiyalik futbolchi taqdirlash marosimidan keyin jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

UCHINCHI ITALIYALIK

- Ancha kech bo‘lsada, mana, nufuzli sovrin endi qo‘lingizda...

- Hechqisi yo‘q. Muhimi, «Oltin butsa» nihoyat, qo‘limga tushdi-ku (kuladi).

- «Oltin butsa»ni yutgan italiyalik uchinchi futbolchisiz. Bunga qadar yurtdoshlaringizdan Luka Toni va Franchesko Tottidek afsonalar yevromavsumning bosh goleadori maqomiga erishgandilar. Qisqasi, «romachi»dan keyin navbat «lasiale»ga keldi.

- Adolat bor - tegirmon ham navbati bilan. Sovrindoshlarim - jahon chempioni unvoniga ega buyuk o‘yinchilar. Ular, umuman, «Oltin butsa» yutgan boshqa futbolchilar safiga qo‘shilganimdan faxrlanaman, albatta.

- O‘tgan mavsumdagi natijangiz bilan faoliyatingiz davomida siz tomon otilgan ta’na toshlariga munosib javob qaytardingiz. Shundaymi?

- Ha, buni o‘ziga xos javob o‘rnida ko‘rish mumkin, lekin biror muayyan muxlisga nisbatan emas, albatta. Futbolda har qaysi o‘yin­chi nimagadir erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi, faqat sabr qilish kerak. Mana, o‘tgan mavsum mening omadim chopdi.

 

KORONAFUTBOL

- Afsuski, sayyoramizdagi barcha odamlar murakkab davrni boshdan kechirmoqdalar. Koronavirusga qorishgan yil siz uchun qanday kechdi?

- Darhaqiqat, barchaga og‘ir yil bo‘ldi. Shaxsan men do‘stlarim va yaqinlarim bilan uzoq vaqt ko‘risholmaslikdan rosa qiynaldim.

- Koronafutbol qanday ekan?

- O‘yin lazzati avvalgidan ancha kamayib ketdi. Stadionlar bo‘m-bo‘sh... Muxlislar hayqirig‘i, da’vatisiz ishtiyoq va ehtiros ham, g‘alabani nishonlash zavqi ham oz. Shu bois mazkur sovrinni nafaqat klub va jamoadoshlarim, balki muxlislarga ham bag‘ishlayman. Ularning qadri juda bilindi.

- Keyingi paytlar bo‘sh vaqtni ko‘proq uyda o‘tkazayotgan ekansiz. Nima, yangi yumush topib oldingizmi?

- Hammasi taom tayyorlash va bog‘ parvarishiga berilish oqibati. Bundan tashqari, rafiqam va farzandlarim bilan raqs tushaman. Shu tariqa o‘zimni tetik his etaman.

 

ONA CHORLOVI

- 17 yoshda Neapol janubidagi Tore-Annunsiati shahridan chiqib, Turinga yo‘l olgansiz. Qiynalmaganmisiz?

- Albatta, yangi muhitga moslashish oson emas. Boz ustiga, juda yosh edim. Muhimi, orzularim bir olam bo‘lib, avvalo, «A» seriyada o‘ynashni istardim. Buning uchun nimadandir voz kechish talab etilardi. Haligacha kalchoni yaxshi ko‘raman. «Oltin butsa»ga erishish uchun uzoq yo‘l bosish, ko‘p ter to‘kish kerak. Bu sovrinni qanchadan-qancha futbolchilar orzu qilishlari, ammo turli muammolarga duch kelishlarini yaxshi bilaman. Ularga maslahatim oddiy: «O‘zingizni qo‘lga oling, sira chekinmang». Hammaga ertami-kech imkoniyat beriladi, faqat astoydil ishlash kerak, xolos.

- Onangiz sizni qaytarish uchun ortingizdan Turinga kelgani rostmi?

- Ha, onammi? Yanglishmasam, o‘shanda tug‘ilgan kunim edi. Uning vajohatli so‘zlari hali ham esimda: «Tamom. Qani, lash-lushlaringni yig‘ishtir, uyga qaytamiz. Nima, Turinda oy ko‘rdingmi?» Lekin o‘shanda onamning ra’yiga qarshi turishda kuch topgandim.

 

E’TIQOD

- Dindorlar oilasidansiz. Hozir ham ibodat qilasizmi?

- Shak-shubhasiz. 1 oycha avval «Lasio» prezidenti Klaudio Lotito bilan Rim Papasi qabulida bo‘ldik. Uchrashuvdan ulkan taassurot va hissiyotlar bilan qaytdik.

- U sizga nima dedi?

- Avvalo, 3 nafar farzandning otasi ekanligimga e’tibor qaratdi. Papaga katta oilalar yoqadi. Qisqasi, farzandlarim yanada ko‘payishiga tilak bildirdi.

- Bunga qanday qaraysiz?

- Papa istagini bajo keltirsam, yomon bo‘lmasdi, har holda. 3 nafar farzand kam, albatta.

- Orada 8 yilda 8ta jamoa ko‘rdingiz. Biroq 2016 yili «Lasio» safiga qo‘shilgach, «sayo­hat»ga chek qo‘ydingiz. Nima uchun aynan shu jamoada ildiz otishni lozim topdingiz?

- Avvalo, Rimdagi sharoit qoniqtirdi. Hammasi oilamga ham ma’qul. Qolaversa, klub, murabbiy Simone Inzagi, futbolchilar - barchamiz yagona yumush bilan bandmiz. Hozir yangi jamoa yaratyapmiz. Muvaffaqiyatlar yo‘q emas, ammo yanada ko‘prog‘iga erishishni xohlaymiz.

 

KLOZE

- «Lasio»da Miroslav Kloze vorisiga aylandingiz...

- Uning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lgani yo‘q. Axir Miroslav kumirim, jamoa ramzi edi. Bu vaziyat Dortmunddagi holatni eslatadi. Robert Levandovski «Borussiya»dan ketgach, shunday qi­yinchilikka duch kelganman. Noyob o‘yinchilar o‘rnini to‘la-to‘kis bosishning iloji yo‘q. Futbolchi faqat o‘z yo‘lini topishga intilishi va bundan chekinmasligi kerak.

- Lekin agar gollar sonini inobatga olsak, Klozedan allaqachon o‘zib ketdingiz.

- Statistik raqamlarni taqqoslashga xushim yo‘q. Bundan tash­qari, «Lasio»da Mirodan ancha ko‘proq o‘ynadim.

- «Borussiya»ni tilga oldingiz, xorijda chindan ham, ishlaringiz uncha yurishmadi...

- Aslida unchalik yomon ham emas. Germaniya va Ispaniyada asosan tajriba to‘pladim. O‘zgacha madaniyat, o‘zgacha ruhiyat bilan tanishdim. Bu doimo foydali - ham hayot, ham futbol nuqtai nazaridan. Hattoki, sport bobidagi natijalar istaganimdan ancha past bo‘lsa ham, aslo afsuslanmayman.

 

KLOPP, TUXEL, ZEMAN

- Faoliyatingiz davomida turli murabbiylardan tahsil oldingiz. Ularga qanday ta’rif bera olasiz? Masalan, Klopp­ga...

- Chin jangchi, g‘olibga xos ruhiyat egasi. U bilan gaplashganingizda, beixtiyor har bir to‘p uchun kurashish istagi kuchayib ketadi. Ochig‘i, Kloppning xususiyatlari meni lol qoldirardi.

- Tomas Tuxel...

- U bilan qisqa vaqt hamkorlik qildik. Tuxel arzimasdek tuyulgan mayda-chuyda jihatlarga ham jiddiy e’tibor qaratishi bilan hayratga soldi. Uni bu borada italiyalik murabbiylarga o‘xshatish mumkin.

- Zdenek Zeman...

- Yuqori shiddat, tezlik... Uning gapi bitta: «Hujumga o‘t, hujum o‘t, hujumga o‘t». Aynan Zeman rahbarligida ilk bor eng yaxshi to‘purar maqomiga ega bo‘ldim - 2011|2012 yillar mavsumida «Peskara» safida. O‘shanda Lorenso Insinye va Marko Verratti bilan klubdosh edim.

 

TERMA JAMOA

- Hozir «Skuadra Adzurra»da Roberto Manchini bilan hamkorlik qilyapsiz. Bundan avval esa, JCHni o‘tkazib yubordingiz.

- Faoliyatimdagi eng yoqimsiz, mavhum va alamli lavha shu. Hayotda ko‘pincha shunday voqeliklar salbiy holat takrorlanmasligi uchun achchiq saboq vazifasini o‘taydi. Manchini bilan ishimiz samarali kechayotganini natijalar ko‘rsatib turibdi. Har holda, muxlislarda terma jamoamiz o‘yinlaridan qoniqish paydo bo‘lgani yaqqol sezilmoqda.

- Milliy jamoaning yangi avlodi xususida qanday fikrdasiz?

- Ayni payt chindan ham, yosh iqtidorlardan shakllangan kuchli tarkibga egamiz. Yigitlar terma jamoa sharafini munosib himoya qilishga tayyorlar. «Moviylar»ni porloq kelajak kutmoqda.

- Xo‘sh, Italiya termasi Yevro-2020da g‘olib chiqishga qodirmi?

- Umidimiz katta. Guruh bos­qichi o‘yinlari Rimda o‘tishi kerak. Bu qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi, albatta.

- Terma jamoaning 42ta o‘yinida 10ta gol urdingiz. Bu kamligiga qo‘shilasizmi?

- Aftidan, bor shijoatimni klub o‘yinlarida sarflab yubordim, shekilli. Nima derdim, fikringizga qo‘shilaman, mahsuldorlikni oshirishim lozim.

- Yevropa chempionatida g‘olib chiqishdan tashqari, yana qanday cho‘qqini mo‘ljallayapsiz?

- «Oltin butsa»ni juft qilib qo‘ysam, yomon bo‘lmasdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:40, 07.04.2021.
O'qildi: 2993 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.