Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Stefano Okaka-CHuka: «31 yoshda termaga qaytish – bu fantastika!»

Stefano Okaka-CHuka: «31 yoshda termaga qaytish – bu fantastika!»

Baho:
+ | -

«Udineze» hujumchisi Stefano Okaka-CHuka 31 yoshida Italiya milliy jamoasi tarkibiga qaytganidan xursand. Faxriy futbolchi The Guardian nashri muxbirlari bilan suhbat chog‘i buni fantastikaga qiyosladi. U shuningdek, Angliyadagi faoliyatini yodga oldi, yana og‘riqli mavzu - butun dunyodagi irqchilikka qarshi kurash jarayoniga munosabat bildirdi.

- 31 yoshda terma jamoaga qaytish men uchun qanday ahamiyat kasb etishini tassavvur ham qilolmaysizlar. Faoliyatim davomida bir qator jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelganini nazarda tutsak, bu shunchaki, fantastika,  - deya suhbatni boshladi 4 yillik tanaffusdan keyin «Skuadra Adzurra» yig‘iniga chaqirilgan tajribali hujumchi. 2019 yilning yanvarida «Uotford»dan «Udineze»ga o‘tgan Stefanoning o‘zi ham Italiya milliy jamoasidan chaqiruv olishni kutmagan bo‘lsa kerak. Chunonchi, u APLda o‘zi uchun xavotirli davrga aylangan oxirgi 6 oy davomida atigi 3ta o‘yinda maydonga tushgandi. Muhimi, Okaka-CHuka «A» seriyaga qaytgach, 45ta uchrashuvda 10ta gol urib, chempionatning eng foydali hujumchilari qatoriga qo‘shildi. To‘g‘ri, Stefano Italiya termasining oxirgi o‘yinlarida qatnashmadi, lekin uning uchun jamoa­ga qaytishning o‘zi - katta yutuq.

- «Udineze»da menga katta yordam berishdi va shu munosabat o‘laroq, klubdagi ilk kundanoq o‘z salohiyatimga ishonch oshdi. O‘zi «Udineze»ga eng yaxshi sifatlarimni namoyish etish asnosida jamoaga yordam berish va yuqori saviyaga qaytish niyatida keldim. Mudom muxlislar mehri va hurmatiga erishishni istayman. Bu yerda chamasi 1 oydan so‘ng shu muhabbatni yaqqol seza boshladim. Menimcha, sifatli futbol namo­yish etish uchun yaxshigina ter to‘kdik va maydon tashqarisida ham yoqimli munosabatlarni o‘rnatdik, - deydi faoliyatidagi o‘zgarish haqida Stefano. Mana, Italiya milliy jamoa­si ustozi Roberto Manchini ham faxriy hujumchiga e’tibor qaratdi. Murabbiy Okaka-CHuka «Skuadra Adzurra»ga o‘zgacha kuch bag‘ishlashidan umidvor. Oddiy aytganda, Italiya termasi ustozi joriy mavsum 2tagina gol urgan, ammo boshqa sifatlarini namoyish etish asnosida «Udineze» yetakchilaridan biri bo‘lib turgan hujumchi salohiyatiga ishonmoqda.

- Manchini nimalarga qodirligim va o‘yin uslubimni yaxshi biladi. U chindan ham, fantastik murabbiy. Deylik, qisqa vaqtda terma jamoada ajoyib muhit yaratdi, ulkan ishlarni amalga oshirdi. Vaholanki, milliy jamoamiz orada juda ayanchli ahvolga tushib qolgandi. Endi hammasi mutlaqo boshqacha. Manchinining yutug‘i shuki, u avvalo, kiyinish xonasida yaxshi muhit shakllantirishga e’tibor qaratdi va yosh futbolchilarni ham jalb qila boshladi. Albatta, futbolda tajribali ijrochilarsiz qiyin. Muhimi, ayni payt Italiya termasi safida shunday ajoyib iqtidorlar borki, ular maydonda ko‘pni ko‘rgan yigitlardan aslo qolishmayaptilar. Qisqasi, hozir milliy jamoamiz ichida ham, atrofida ham o‘zgacha ruh bor va bu holat faqat oldinga, g‘alabalar sari undamoqda» - nigeriyalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan va «Skuadra Adzurra» libosini kiygan kam sonli qora tanli futbolchilardan biri Stefano Okaka-CHukaning Manchiniga nisbatan munosabati ancha yaxshi.

2001 yili Italiya termasi safida maydonga tushgan birinchi qora tanli futbolchi - Fabio Liverani ayrim holatlarda irq­chilikka oid kamsitishlarga uchragandi. Okaka-CHukaning aytishicha, oxirgi yillarda Apennin yarim orolida irqchilikka bog‘liq vaziyat ancha yaxshilandi va bu milliy jamoaning «rang-barang» bo‘lishi, uning yorqin kelajagidan dalolat:

- Irqchilik bitta stadion, muayyan o‘yin yoki qaysidir mamlakatga tegishli emas, balki global muammodir. Bu masalada insonlar va bolalarga to‘g‘ri yo‘nalish bersakkina vaziyat yaxshilanishi mumkin. Farzandlaringizga tana rangi hech qanday ahamiyatga ega emasligi, aksincha, yurak, ishonch, qalb va munosabat muhimligini to‘g‘ri uqtirsangiz, ularning irqchilikka munosabati o‘zgaradi, albatta. Dunyo, shuningdek, futbol ham o‘zgardi. Turli terma ja­moa­larda qora tanli futbolchilarni ko‘rish odat tusiga kirmoqda. Tana rangining qandayligi emas, balki qaysi mamlakatda tug‘ilganing va hayotga qadam qo‘yganing muhim. Masalan, men Italiyada tug‘ildim va sport sohasida mamlakat sharafini himoya qilayotganlar qatori shu zaminda ulg‘aydim. Italiya - umumiy vatanimiz. Hammamiz shu mamlakat nomidan o‘ynash va uning shuhratini oshirish imkoniga egaligimizdan faxrlanishimiz shart. Shaxsan men uchun Italiya termasi futbolkasida maydonga tushish - katta sharaf.

Tajribali hujumchi 2016-2019 yillar davomida «Uotford» safida to‘p tepdi, ammo Angliyada eng yaxshi sifatlarini namoyish etolmadi. Zero, «Uotford» safidagi 36ta o‘yindan 23tasida zaxiradan maydonga tushdi, klubdagi 3,5 yillik faoliyati davomida naq 6 marta murabbiy almashdi. Ehtimol, italiyalik hujumchiga shunday beqarorlik xalaqit bergandir... Uning o‘zi bu borada kamtarona fikr yuritadi:

- 3 yil oldin «Liverpul»ga qarshi o‘yinda «Uotford» boshlang‘ich tarkibida maydonga tushdim va Angliyadagi ilk golimni nishonladim. O‘sha o‘yinda 3:3 hisobida jangovar durang qayd etdik. Biroq keyinchalik bosh murabbiy Marku Silva bilan o‘rtamizda qandaydir muammolar yuzaga keldi va u meni boshqa tarkibga qo‘ymadi. G‘irt bema’nilik. U hattoki, sababini ham tushintirgani yo‘q. Tasavvur qiling, dastlabki golini «Liverpul» darvozasiga urgan futbolchi keyingi bahsda tarkibdan chetda qolsa... Afsuski, yuzaga kelgan vaziyatga ta’sir o‘tkazolmadim, hech narsani o‘zgartirolmadim. Yakunda «Uotford»dan hayotim davomida faoliyatimni 3 yoki 4-marta qayta tiklash ilinjida ketdim. O‘zi butun faoliyatim davomida turli hodisalar yuz bergan, muhimi, har qanday holatda ham motivasiyani yo‘qotgan emasman. Chunki futbolni chinakamiga yaxshi ko‘raman va qiyinchiliklarga qaramay, aslo qo‘l ko‘tarmayman. Mudom kurashish asnosida nimalarga qodirligimni namoyon etishni istayman. Bu munosabat faoliyatim yakuniga qadar o‘zgarmaydi. Qisqasi, hech qachon taslim bo‘lmayman.

Stefano Okaka-CHuka shu yil yozda o‘tkaziladigan Yevropa chempionati «zayavka»siga kirsa, unda egizak singlisi Stefaniya natijasini takrorlash imkoniyati yuzaga keladi. Gap shundaki, voleybol bilan shug‘ullangan Stefaniya 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Yevropa chempioni bo‘lgan, biroq keyinchalik jarohat tufayli faoliyatini erta yakunlagan. U hozir ruhshunos sifatida o‘zi kabi qiyinchiliklarga duch kelganlarga yordam bermoqda. Stefano singlisiga hamisha havas bilan qaraydi:

- Jarohatlar seni to‘xtatib qolsa, sportchilik faoliyatingga nuqta qo‘ysa, boshqacha hayot tarzini boshlash... Nima deyishim mumkin? Singlimga faqat havas qilaman va uning irodasini so‘z bilan ifodalashim mushkul.

Yevro-2020 startiga hali vaqt bor va Stefano bo‘lajak turnirda «Skuadra Adzurra» tarkibidan joy olish niyatida:

- Oldindan shov-shuv ko‘tarishni istamayman. Terma jamoamizning bo‘lajak o‘yinlarida Manchini ishonchini oqlash niyatidaman. Lekin nimanidir bashorat qilolmayman. Axir keyingi 2 oy ichida har narsa yuz berishi mumkin. Shunday ekan, yaxshisi, o‘z o‘yinimni namoyish etishda davom etaman. Faqat shu yo‘l bilan terma jamoa murabbiylar shtabi tanloviga ta’sir o‘tkazishim mumkin. Ko‘ramiz, barchasi qanday tus olarkin...?

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:20, 18.04.2021.
O'qildi: 2206 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.