Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Onasining erkatoyi yoki yana Pepe haqida badia...

Onasining erkatoyi yoki yana Pepe haqida badia...

Baho:
+ | -

Braziliyaliklarga xos an’anaviy ismlarni xush ko‘rmaydigan Anael Ferreyra o‘z o‘g‘loni uchun boshqa bolakaylardan yaqqol ajralib turadigan nom ilinjida edi. Biroq anchagacha bir to‘xtamga kela olmadi. U paytlari internet Braziliyaning ovloq hududlariga yetib bormagan, ammo Ferreyrada o‘ta noyob qo‘llanma - buyuk arboblar zikr etilgan oilaviy ensiklopediya bor edi. Undagi Iogann Kepler nomi Anaelga maqbul bo‘ldi. Ammo baxtiyor ota taniqli nemis astronomi bilan cheklanib qolmadi - 1907 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan fransiyalik fizik Sharl Lui Alfonso Laveran nomi ham unga yoqib qolgandi. Xullas, farzandiga nom berishda ota buyuk allomalarni ulug‘lash barobarida o‘zini ham unutmadi va o‘g‘lini Kepler Laveran Lima Ferreyra deb atadi.

«Bunday jarangdor ism bilan o‘g‘lonim kelajakda buyuk olim bo‘ladi», - derdi u do‘stlariga maqtanib. Biroq otaning bashorati to‘g‘ri chiqmadi - bolakay yam-yashil futbol maydonlarini tor va diqqinafas laboratoriya xonalaridan afzal ko‘rdi. Shuningdek, uning jarangdor ismi ham yuksak parvozdan chetda qoldi - dunyo ahliga u kamtarona Pepe nomi bilan tanildi.

Ta’kidlash joizki, Pepe biologiya, kimyo va fizika fanlarini risoladagidek o‘zlashtirdi. Jismoniy holati esa namuna bo‘la oladigan darajada - badanidan kuch-quvvat ufurib turadi. 38 yoshda ham u futbol maydonida tengi yo‘q jang-chi maqomida yuribdi. «Portu», «Real» klublari va Portugaliya terma jamoasi uchun Pepe zabt etib bo‘lmaydigan yengilmas qoya misoli. To‘g‘ri, muxlislar orasida uni futbol donishmandi emas, makkor afsungarga qiyoslaydiganlari ham yo‘q emas. Qisqasi, turfa xil fikrlar yetarli. Ammo insondek murakkab xilqat tavsifi uchun kamlik qiladi. Shunday bo‘lsada, Pepening qanaqa odam ekanligiga oydinlik kiritishga urinib ko‘ramiz.

Sof haqiqat: 17 yoshga chiqquniga qadar Pepe kattalar karavotida uxlardi. Yolg‘iz o‘zi cho‘zilib yotishni xush ko‘rgani uchun emas, onasining erkatoy arzandasi bo‘lgani uchun. U 3 nafar opalari qurshovida ulg‘aygani bois, uning har bir aksirishidan onasi qaltirab qolardi. Hatto o‘smirlik chog‘ida ham Pepe asosiy vaqtini onasining yonida, sochlarini turmaklash yoki turli mavzularda suhbatlashish bilan o‘tkazardi.

Keyinchalik Pepe bu intilishni tez orada uyni tark etishini oldindan sezganligi bilan izohlagandi. «Juda ko‘p vaqtimni undan uzoqda o‘tkazishimni avvaldan his etgandim», - degandi futbolchi Portugaliya matbuoti vakiliga bergan intervyusida. Amalda ham shunday bo‘ldi: Pepe faoliyatining shiddatli rivojlanishi o‘rtoqlik uchrashuvi bilan boshlandi. O‘shanda himoyachi «Maritimu» skautlari nazoratidagi raqib jamoa hujumchisini zararsizlantirishi lozim edi. O‘yin arafasida Pepedan biroz muloyimroq munosabatda bo‘lishni iltimos qilishgandi. Biroq u iltimosni inobatga olmadi. Natijada «Maritimu» hujumchini emas, Pepeni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.

Oradan bir necha hafta o‘tgach, Yevropa safari arafasidagi so‘nggi uchrashuvda Pepe oyog‘idan jarohat oldi. Kimdir uni ataylab shunday qilganlikda aybladi.

Qisqasi, «Maritimu»dagi uch mavsumdan so‘ng, Pepe «Portu»ga o‘tdi - salmoqli qadam. Yangi jamoa bosh murabbiyi Ko Adrianse unga 3-4-3 sxemasida himoya chizig‘ining asosiy ijrochisi vazifasini yukladi. Jamoaning boshqa bir tengsiz o‘yinchisi - braziliyalik Asunsan yangi jamoadoshi o‘yinidan lol qolgandi: «Uning yagona markaziy himoyachi sifatida to‘p surgan o‘yinlariga guvoh bo‘lganman. Qandaydir yigitcha bir o‘zi ishonchli himoyani ta’minlay oldi. O‘sha paytdayoq uning ko‘p narsalarga qodir ekanligini sezganman».

«Portu»da Pepe Londonga yo‘l olgan Rikardu Karvalyu o‘rnini egalladi. O‘zi 2007 yilda «Real» safiga otlanganida, unga hech kim havas qilmagandi: Pepe 4 yil avval yetakchi himoyachisi - Fernando Yerrodan judo bo‘lgan chempion tarkibida yangi qo‘rg‘onning asosi bo‘lishi kerak edi.

Fransisko Pavon, Raul Bravo, Alvaro Mexiya, Ruben Gonsales, Valter Samuel, Jonatan Vudgeyt va Kristof Metselder Pepedan avval bu vazifani bajarishga urinishgan, lekin uddalay olmagandilar. Qahramonimiz esa ortiqcha muammolarsiz epladi. Serxio Ramos ham umid uyg‘otdi, lekin o‘ng qanotda. Hatto, jahon chempioni Fabio Kannavaro jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgandi. «Markaziy himoyachilar qabristoni» - o‘sha paytdagi «Real» shunday sovuq laqabga loyiq ko‘rilgandi.

«Taktik jihatdan puxta tashkil etilgan klubdan kelgandim. Madridda esa xaosga duch keldim. «Atletiko»ga qarshi uchrashuvning dastlabki 30 daqiqasida bizni parchalab tashlashdi. Himoya chizig‘imizda birin-ketin yakkama-yakka vaziyatlar yuz bera boshladi. Kannavaroga murojaat qildim: «Menga ko‘maklashib tur, Fabio!» Ammo u iltimosimni rad etdi: «He, yo‘q, bizda har kim o‘zi uchun javobgar».

Dastlabki kunlarda Pepe hech kimga yoqmadi. Madrid matbuoti unga sarflangan 30 mln. yevro behuda ketishi haqida jar soldi. Chunki Pepe kuchliroq ligalarda o‘ynashga ulgurmagandi. Lekin u ko‘proq maydonga tusha boshlagach, himoyadagi muammolar kamayib ketdi. Chunki Pepe qat’iyatli va keskin o‘yinchi edi. Tez orada u bahslashishga o‘rin qoldirmaydigan yetakchi maqomiga ko‘tarildi. «Yerro saviyasiga ko‘tarilish hech kimga nasib etmadi. Biroq Pepe o‘sha davrdagi xaridlarning eng omadlisi bo‘ldi. U qisqa vaqt ichida klub eng kerakli transferni amalga oshirganligini isbotladi», - degandi Pepe bilan yonma-yon to‘p surgan Migel Torres.

Portugaliyalik himoyachining «klasiko»dagi debyuti barcha tan-qidchilarni mum tishlashga majbur etdi. Ronaldinyodek yulduzni to‘la zararsizlantirgan Pepening ishonchli o‘yin evaziga «Qirollik klubi» 1:0 hisobida zafar quchdi. U maydonni tark etayotganida matbuot kotibi mamnuniyat bilan xitob qildi: «Ajoyib o‘yin! Bugun sening hayoting tubdan o‘zgardi».

Pepening keskin va tajovuzkor o‘yinchi ekanligi hech kimga sir emas. Maydonda u hech kimni ayamaydi. Shu xislati evaziga muxlislar mehrini, raqiblar nafratini qozondi. Ha, biz Pepe o‘zi istamagan holda Messining qo‘lini bosib olganiga yoki JCH-2014da qizil kartochka bilan jazolangani, o‘z jamoadoshi Alvaro Arbeloani raqib o‘yinchisi bilan adashtirib urib yuborgani yoki tizzasi bilan Dani Alveshga zarba berganiga guvoh bo‘lganmiz. Bu kabi misollar bizni 2009 yilning 21 apreli voqeasiga olib boradi.

Hammasi «Xetafe» yarim himoyachisi Xavyer Kaskero Pepening arzimas turtkisidan so‘ng maydonga yiqilishi bilan boshlandi. Futbol bellashuvi uchun odatiy hol, ammo Pepening kayfiyati o‘zgacha edi. Avval u Kaskeroni ikki marta turtdi, keyin Xuan Anxel Albinaga zarba berdi. Shundan so‘ng bor ovozi bilan so‘kingan holda maydonni tark etdi. Bu borib turgan telbalikdan o‘zga narsa emasdi. O‘yin tugashi bilan Pepe hammadan uzr so‘radi. Uning so‘zlari samimiy edi: «Men ruhan ezilgan holga tushib qoldim, o‘zimni boshqara olmadim. Videotakrorlarda o‘zimni tanimadim. Kechinmalarimni ta’riflashga so‘z topolmayapman. Bu men uchun eng og‘ir jazo».

Futbolchi 10ta uchrashuvga diskvalifikasiya bilan jazolanib, bu muxlatni chinakam azoblanish bilan o‘tkazdi. Hatto futboldan voz kechish istagi ham tug‘ildi. «Pepeni hech qachon bunchalik tushkun holatda ko‘rmaganman», - degandi Marselo. O‘sha voqeadan keyin Pepening obro‘-e’tibori va «Real»ning chempionlik imkoniyatiga sezilarli putur yetdi. «Qirollik klubi» muxlislari uzrni qabul qilgan bo‘lsalar, boshqalarda mahalliylashgan portugaliyalikka nisbatan nafrat kuchayib ketdi. Shundan keyin Pepe quvg‘indiga aylandi, raqib jamoalar muxlislari «qotil» laqabi bilan «siylashdi». Kataloniya TVsida uning Gannibal Lekter niqobidagi roliklari namoyish etildi. «U nafaqat dahshatli, shu bilan birga o‘ta tajovuzkor edi. Endi men unga yaqinlashishdan ham qo‘rqaman», - degandi yarim himoyachi Kani. Ko‘pchilik bu fikrni tasdiqladi.

Bir-ikki rolikni tomosha qilgandan so‘ng Pepe haqida xulosa chiqarish qiyin emas. U kiyinish xonasida hukm-ronligini o‘rnatgan ashaddiy isyonchiga o‘xshaydi. Lekin u bilan yonma-yon to‘p surgan o‘yinchilarning fikrlari buning aksini tasdiqlaydi. Ha, maydonda u chinakam yirtqich, ammo uning tashqarisida tamoman o‘zgacha olam. O‘ta muloyim, ko‘ngilchan yigit. «Pepe doimo o‘yinni yuqori shiddatda o‘tkazadi, mag‘lubiyatga chiday olmaydi, hatto mashg‘ulotlarda ham. O‘sha kuni Kaskeroga nisbatan nohaq edi. Lekin ochig‘i, u kiyinish xonasidagi eng yuvosh va odobi o‘yinchilarning biri edi», - degandi Migel Torres.

Portugaliya terma jamoasining sobiq a’zosi Ederning e’tirofi qu-yidagicha: «Maydonda u jangchi qiyofasida. Doimo so‘nggi soniyagacha kurashadi, ko‘pincha oshirib ham yuboradi. Mashg‘ulotlarda ham shunday. Uning asosiy maqsadi - raqibni iloji boricha qiyin vaziyatga tushirish. Biroq inson sifatida Pepe tamoman o‘zgacha. Juda kamgap, ko‘pincha sukut saqlaydi. Diqqat markazida bo‘lishni yoqtirmaydi. Ba’zan uning bor yoki yo‘qligini sezmay qolasiz. Pepe o‘ta vazmin tabiatli yigit».

Qizig‘i shundaki, Pepening o‘zi buni tan olishga oshiqmaydi. «Podkat»ga borish jarayonida raqibni kutib turmayman. Maqsadim - to‘pni tortib olish. Raqibning men bilan to‘qnashib ketishi esa, uning muammosi. Futbol - kontaktga boy sport turi. Ha, men musaffo emasman. Mendan nima istaysiz? Raqibni o‘tkazib yuborishimnimi? Uzr, bunday qilolmayman. Raqibni qo‘yib yuborib, keyin ortidan yuguradiganlar toifasidan emasman. Men to‘pga intilaman».

Mana shu jasorat tufayli Pepe muvaffaqiyatga erishdi. Lekin faqat shaxs sifatida emas. Uning jismoniy qudrati va pozisiya tanlash qobiliyati ham muhim o‘rin tutadi. U Mourinyo, Anchelotti va Benites kabi turli uslubdagi murabbiylar davrida «Real»ning asosiy yetakchilari safida bo‘ldi. Bu uning nechog‘li universal jangchi ekanligidan dalolat beradi.

Vaqt o‘tishi bilan Pepe ancha vazmin tabiatli o‘yinchiga aylandi. La Ligadagi so‘nggi 5 mavsum davomida atigi 26 marta sariq kartochka bilan jazolandi, birorta ham «qizil» olmadi. Yoshi ulg‘ayib qolganiga qaramasdan, yuksak saviyani saqlay oldi. Klubda risoladagidek o‘ynagani sababli, terma jamoaga ham muntazam jalb etilmoqda. Bo‘sh paytlarida uyida qizlari bilan o‘ynashni har xil ko‘ngilochar tadbirlardan ustun qo‘yadi. «Gap faqat uning mash-g‘ulotlardagi ishtirokida emas. To‘g‘ri ovqatlanish va uyquning ahamiyati juda katta. Pepening hayoti sevimli kasbini talab darajasida ado etishga qaratilgan», - deydi Asunsan.

S.RAHMONOV tayyorladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:06, 11.05.2021.
O'qildi: 1792 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.