Ayni damda OAV eng aylanadigan mavzulardan biri bu katta pullar evaziga transfer qilingan futbolchilarning muhokamasi hisoblanadi. Darhaqiqat, ko‘p mablag‘ evaziga xarid qilingan futbolchilardan umid katta bo‘ladi. Hozir katta mablag‘ evaziga xarid qilingan, ammo hech qanaqasiga umidni oqlay olmagan 3 futbolchiga to‘xtalib o‘tamiz.
Eden Azar ("Real Madrid")
"Chelsi"dan "Real"ga o‘tganiga 2 mavsumdan oshgan Eden Azar shu ikki mavsumni "super" darajada omadsiz o‘tkazdi. "Super" deyishga ma’lum sabablar bor. Birinchidan u ketma-ket jarohatlar oldi va maydonga tushgan paytlarida ham baribir o‘z darajasida harakatlana olmadi. Futbolchi yangi klubda va yangi muhitda o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. "Qirollik klubi" belgiyalik futbolchi uchun 100 million yevro sarfladi. Shuningdek, ancha oldin oshkor bo‘lgan ma’lumotlarga qaraganda bu summa bundanda ko‘p bo‘lish ehtimoli mavjud. Yaqinda "Chelsi" YECHL yarim finalida "Real"ni chiqarib yubordi va o‘yin so‘ngida 30 yoshli vinger London klubi bilan yaxshi munosabatda bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida "qaymoqranglilar"ning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, nafaqat Azar "Real"da yaxshi o‘ynay olmayapti balki, o‘zini hali bu klubning futbolchisidek his qilmayapti. Shuncha iqtidor va daraja qayerga ketdi deyishingiz mumkin? Rostdan ham qayerga ketdi ekan.
Filippe Koutinyo ("Barselona")
Dunyoning ikkinchi eng qimmat futbolchisi bo‘lmish Filippe Koutinyoning hikoyasi ancha uzun. "Liverpul"ni katta maqsadlarni ko‘zlab tark etgan futbolchi 2018 yilning qishida "Barselona"ga kelib qo‘shildi. O‘sha mavsum Mersisayd klubi finalgacha yetib bordi, uning yangi jamoasi esa chorak finalda o‘z yurishini to‘xtatdi. Ikkinchi mavsum esa aynan sobiq jamoasi "Barselona"ni ushbu turnirdan chiqarib yubordi va "qizillar" finalda ham g‘alaba qozonib chempionlik masalasini hal qildi. Eng yomoni omadi kelmayotgan va biroz inqiroz holatida qolgan "Barselona"da Koutinyo yorqin o‘yinlar ko‘rsatmadi. Aksincha, tushkin kayfiyatdagi mazmunsiz o‘yinlar oxiri uni "ko‘q-anorranglilar" tarkibidan ketishiga ham sabab bo‘ldi. "Bavariya"ga borib chempion bo‘lib qaytdi, ammo braziliyalik iqtidor egasi endi chempionlarga ham kerak emas edi. Ayni dam u yana Kataloniyada va jarohatidan tuzalish bilan ovora. Katta ehtimol u mavsum yakunida "Barselona"ni butunlayga tark etadi. Bir paytlar shov-shuv ko‘targan Filippe ayni o‘zining cho‘qqisiga chiqishi kerak bo‘lgan paytda tobora yo‘qolib bormoqda.
Antuan Grizmann ("Barselona")
"Atletiko" kuchli klub, ammo "Barselona" darajasida emas edi. Balki, Grizmaanning "matraschilar" safini tark etishiga asosiy sabab shu bo‘lgandir. Fransiyalik iqtidor egasi 120 million yevro evaziga kataloniyaliklar futbolchisiga aylandi. Xo‘sh, nima bo‘lishi kerak edi? "Barselona" kuchli bo‘lib, "Atletiko"ning darajasi tushib ketishi kerak edi, ammo bu shunchaki tahmin va gipotezalar. Aslida, "ko‘k-anorranglilar" u darajada kuchayib ketgani yo‘q va "Atletiko" kutilganidek kuchsizlashib qolmadi. Mana Grizmann kelganiga ikki mavsum bo‘ldi. Shu davr mobaynida klub La Ligani boy bermoqda. Kataloniya klubi uchun eng alamlisi bu mavsum Luis Suares Madridning "Atletiko"siga o‘tdi va jamoa chempion bo‘lishga yaqin. Bunda Luisning hissasi juda katta. Uning transferi uchun ham ko‘p pul sarflanmadi. Bonuslar bilan 6 million yevro holos. Har holda 120 million yevro oldida buni arzimagan summa desak bo‘ladi. Grizmanning "Barselona"ga qo‘shgan hissasi va ko‘rsatayotgan o‘yini maqtarli darajada emas. Shunchaki, solishtiring kimning transfer narxi qimmat va kim qanchalik foydali.
Bu kabi futbolchilarga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin, ammo ular endi boshqa masala. Sababi, bu 3 futbolchi muhokama masalasida qolganlardan bir bosh ustun. Ular o‘z klublariga foyda keltira olmadi. Ulardan kutilgan narsa sodir bo‘lmadi, ammo bu futbolchilar turli tahmin va mish-mishlarga qaramay hamon o‘z klublarida. Balki, "o‘chib bo‘lgan olov qandaydir uchqun chiqarar va yana yonishni boshlar".
Xudayqulov KARIM maqolasi