Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

«Real»ga qaytgan Karlo Anchelotti ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

«Real»ga qaytgan Karlo Anchelotti ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Baho:
+ | -

«Real»ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangan Karlo Anchelotti 2 iyun kuni madridliklar bilan shartnoma imzoladi va matbuot anjumanida qatnashdi. Italiyalik mutaxassis unda jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

Murabbiy etib tayinlanishi haqida

Prezidentga va Xose Anxelga rahmat aytaman. Bu yerga kelganimdan xursandman, bu yer xuddi uyimdek. O‘tgan safargi natijalarni takrorlashga bor kuchim bilan harakat qilaman. Klubdagi birinchi tashrifimdan juda ko‘p yaxshi xotiralar qolgan. “Real Madrid” ustozi bo‘lish nima ekanligini bilaman. Bu vazifani zavq, quvonch va mas’uliyat bilan ado etaman.

Mas’uliyat katta bo‘lishini bilaman. «Real» — dunyoning eng yaxshi jamoasi. Bu yerda javobgarlik boshqa jamoalardagidan kattaroq. Buni ham o‘tgan safargidek qabul qilaman.

Menga «Madrid»dan qo‘ng‘iroq qilishganda, bir soniya ham o‘ylab o‘tirmadim.


Ramossiz jamoani qayta qurish haqida

Nima bo‘lishidan qat’i nazar “Real Madrid” tarkibdagi eng sara futbolchilar bilan barcha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashadi. Men klubga endigina keldim va barcha savollarga endi oydinlik kiritaman. Ramosning kelajagi borasida o‘zi bilan suhbatlashib, yaqin kunlarda yakuniy qarorga kelamiz. Jamoaga qaytishim juda tez amalga oshdi, hali futbolchilar bilan suhbatlasha olmadim. Ko‘pchiligini yaxshi bilaman va ular bilan yana bir bor ishlash imkoniyati berilayotganidan xursandman. Kelajak borasida yaqin orada qarorlar qabul qilamiz.


Kattaroq yulduzlarga, masalan, Mbappega bo‘lgan ehtiyoj haqida

Katta futbolchilar muvaffaqiyatga erishishing uchun katta imkoniyatlarni taqdim etadi, ammo jamoani bir xil darajada ushlab turish, jamoaviy, sifatli o‘yinni namoyish etish eng muhimi. So‘zsiz, individual jihatdan kuchli futbolchi senga nimadir berishi mumkin, ammo futbolchilar birdam bo‘lib harakat qilishi lozim.

Jamoa uslubi haqida

Jamoaning yorqin va intensiv futbol namoyish etish qadriyati mavjud. Oxirgi yillarda futbol o‘zgardi. Bir qancha qoidalar o‘zgardi. Lekin «Madrid»da hech narsa o‘zgarmagan — hujumkor va yorqin futbol namoyish etishda davom etyapti. Muxlislar va jamoa tarixi ham shuni talab etadi.


Tarkib haqida

Klub bilan bu haqida suhbatlashmadik. O‘tgan galgi tarkibda bo‘lgan futbolchilarni yaxshi bilaman, undan tashqari ikkinchi jamoadagi va ijaradagi futbolchilar bilan ham tanishman. Bizda juda ko‘p variantlar mavjud. Men jamoaning holati bilan xotirjam tanishib chiqmoqchiman. Madriddagi birinchi murabbiyligimda «Kastilya»ning 4 nafar futbolchisidan foydalangandik: Morata, Nacho, Kazemiro va Xese. Ular judayam yaxshi o‘yin namoyish etardi. Ulardan tashqari Karvaxal ham bor edi. Yaqin kunlarda barcha musobaqalarda kurashish uchun yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaymiz.


Jamoa faxriylari haqida

Men Beyl, Isko, Marselolar bilan yaxshi munosabatdaman. Ular “Real Madrid” futbolchilari va bu ularni ruhlantirishi kerak. Lekin maydonda hamma narsa hal bo‘ladi. Ular mashg‘ulotlarga jiddiy yondashib, «Madrid»da o‘ynashga haqli ekanliklarini murabbiyga isbotlashi kerak.


Prezident bilan suhbat haqida

Bu yerga kelishimdan avval u bilan bir oz suhbatlashdim. Biz u bilan juda tez kelishuvga erishdik. Menga berilayotgan imkoniyat uchun unga minnatdorchiligimni bildirdim. Endi biz «Real»ga maksimum foyda beradigan ishlarni qilishni boshlaymiz.


«Real»dagi kelajagi haqida

Qarshingizda 6 yil oldingi Karlo Anchelotti turgani yo‘q. Men o‘zgardim. Endi menda yana 6 yillik tajriba bor. «Everton»da meni yaxshi kutib olishdi, afsuski, u yerda muvaffaqiyatga erishish nasib etmadi. Ammo omadsizlik ham sening rivojlanishingga yordam beradigan bir tajriba. Tarkib juda yaxshi shakllangan. Kross, Beyl, Benzema kabi tajribali futbolchilar va Rodrigo, Vinisius, Valverde kabi yosh futbolchilar mavjud. Sifatli tarkib. Biroq vaziyatni yaxshilab o‘rgangach, tarkibni qisqartirishimizga to‘g‘ri keladi.


Murabbiylar shtabi haqida

Yaqin kunlarda barchasini rejalashtiramiz. Hozircha bunga vaqtimiz bo‘lmadi.


Serxio Ramos haqida

Ramos — «Real» uchun muhim futbolchi. Biz u bilan suhbatlashamiz. Shartnoma borasida muammolar yuzaga kelayotganidan xabarim bor, ammo kichik detallarni hali bilmayman. Barchasini o‘rganib chiqib, keyin bu mavzu haqida gapira olaman.


Gol urish haqida

Benzema 30 ta emas 50 ta gol urishi zarur. Vinisius ham gol urishi kerak. Boshqalardan ko‘ra ko‘proq gol urishimiz lozim. Qo‘l ostimdagi futbolchilar boshqalardan ajralib turadi. Yana bir bor Benzema bilan ishlayotganimdan xursandman. U hozir avvalgidan ancha yaxshiroq bo‘lgan, undagi mas’uliyat yanada oshgan. Kelajagi porloq yosh futbolchilar bor. Hujumkor futbol namoyish etishimiz kerak.

Jamoaning raqobatbardoshligi haqida

Bu futbolchilar raqobat qila olishiga ishonaman. Ijaraga berib yuborilgan futbolchilardan tashqari barcha futbolchilar Chempionlar Ligasi yarim finaliga qadar yetib bordi va La Ligada so‘nggi turgacha chempionlik uchun kurashdi.


Garet Beyl haqida

U Premyer Ligada kam o‘ynadi, lekin ko‘p gol urdi. Doimiy ravishda tarkibda bo‘lgani uchun oxirgi o‘yinlarda yaxshi o‘yin namoyish etyapti. Uni juda yaxshi bilaman. Agar unda motivasiya bo‘lsa, juda yaxshi mavsumini o‘tkazishiga shubha yo‘q.

«Real» bilan bog‘liq xotiralari haqida

Barchasini yaxshi eslayman. Biz g‘alaba qozongan o‘yinlar, erishgan sovrinlar. Qiyin lahzalar. Jamoaga kelgan va undan ketgan kunimni ham. Oradan 5 yil o‘tdi, men yana qaytib keldim. Xuddi birinchi bor kelgandagidek hissiyotlar mavjud.


Zidan haqida

Zizu haqida nima deya olaman? U ketma-ket uch bor Chempionlar Ligasi sovrinini qo‘lga kiritdi. Oxirigacha fantastik ishladi. Butun dunyo Zidandan minnatdor bo‘lishi kerak. Ammo bu futbol, murabbiylar ketadi va o‘rniga boshqasi keladi. U bilan hali gaplashmadim, lekin yaqin orada suhbatlashmoqchiman. Oxirgi yillarda Zidan bilan muloqot qila olganim yo‘q, ba’zan xabar almashib turardik. Endi esa u bilan suhbatlashmoqchiman.

U nima yozganini hali o‘qimadim. Lekin u nimanidir aytmoqchi bo‘lgani normal holat. Futbolchilar futbol o‘ynaydi, jurnalistlar nima yuz berayotgan bo‘lsa barchasi haqida yozadi. Futboldagi 40 yillik faoliyatim davomida hech narsa o‘zgarmadi. Buni to‘g‘ri qabul qilish va davom etish kerak.


Zidanning motivlarini tushungani haqida

Buni muhokama qilishni istamayman. Chunki uning prezident bilan qanday munosabatda bo‘lganini bilmayman.


Eden Azar haqida

U yuqori darajadagi futbolchi. Birinchi mavsumida muammolarga duch keldi, hozircha o‘zining darajasini ko‘rsata olgani yo‘q. Azar hali o‘zini ko‘rsata oladi. Balki ushbu mavsum uning imkoniyatlarini to‘liq ochib berar.


Krishtianu va uning «Real»ga qaytishi haqida

Ronaldu bilan yaxshi munosabatdaman, lekin men boshqa jamoa futbolchilari haqida gapirishni yoqtirmayman. Uning «Yuventus» bilan shartnomasi bor va buni muhokama qilish to‘g‘ri emas. U hali ham yuqori darajadagi o‘yin namoyish etyapti, juda ko‘p gol uryapti. Bir italiyalik jurnalist mendan u faoliyatini so‘ngiga yaqinlashdimi deb so‘ragandi. Men «ha» deb javob berdim. Chunki u avval 50 ta gol urardi, endi esa 30 ta.


Krishtianuning xabari haqida

U menga hech qanaqa xabar jo‘natmadi.


Tanqidlar haqida

«Real» jamoasi oldida qanday maqsadlar turganini hamma biladi: Chempionlar Ligasi, La Liga va Ispaniya Kubogida g‘alaba qozonish. Tanqid — bu normal holat. Bu — butun dunyo kuzatadigan klub. Bunday jamoani boshqarish juda katta mas’uliyatni talab etadi va ba’zan istagan narsalaringga erisha olmaysan. Eng muhimi — futbolchilarga, murabbiylarga, jurnalistlarga bo‘lgan hurmat”.

Karlo Anchelotti, «Real» bosh murabbiyi

 

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 18:06, 03.06.2021.
O'qildi: 6219 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.