Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

PFL rahbari Vadim Abramovning «agentlik faoliyati» va natija keltirmaydigan uslubini keskin tanqid ostiga oldi

PFL rahbari Vadim Abramovning «agentlik faoliyati» va natija keltirmaydigan uslubini keskin tanqid ostiga oldi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev «Offside» ko‘rsatuvida qatnashdi. Unda funksioner O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov va boshqa masalalar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Terma jamoaning keyingi bosqichga chiqa olmasligini oldindan taxmin qilgani haqida

Taxmin bo‘lgan, oldindan, buni yashirmayman. Lekin oldindan bilganman deb ayta olmayman. Chunki hech narsani oldindan bilib bo‘lmaydi. Ichki xavotir bor edi, menda bu Vadim Abramov terma jamoaga tayinlangandan keyin boshlangan. Shuning uchun juda bir olamshumul, dod-voy soladigan narsa bo‘lmadi men uchun.

Xorijlik murabbiyning ketishi va Abramovning kelishi noto‘g‘ri yo‘l ekanligi haqida

Ko‘pchilik bizga hujumkor futbol yoqishini aytadi, menga ham yoqadi shunday o‘yin. Mana kecha bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev ham hujumkor boks ko‘rsatib, bitta kuchli zarba o‘tkazib yuborib, nokautga uchradi. Futbolda ham shunaqa. Urishni bilgan odam, kaltak yeyishni ham bilish kerak. Saudiya Arabistoni ikkita o‘yinda 3 tadan gol urib, Ektor Kuperning falsafasi to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatdi. Toshkentda ham, Ar-Riyodda ham. Faqat gol urishimiz, oldingi chizig‘imiz va yarim himoyamiz bilan ish bitmasligini hamma biladi. Kuper himoyani to‘g‘rilashdan boshlayotgandi. U bilardi, himoyamiz og‘riqli nuqta ekanligini. Jahon Chempionatidagi raqiblarimiz Yaponiya, Koreya, Eron, Avstraliya va Saudiya Arabistoni ekanligini ham yaxshi tushunib turgandi. Biz ular bilan hujumkor o‘ynay olamizmi? Yo‘q. Qiynalamiz, judayam qiynalamiz.

Misol uchun, Koreyaning yetakchi futbolchilari Yevropaning kuchli chempionatlarida o‘ynaydi. Biznikilar esa Koreyaning 1-ligasida. Shunday ekan, qanday qilib hujumda o‘ynashimiz mumkin. Abramov himoyalanishni bilmaydi. U buni bir necha marotaba isbotlagan. O‘zbekistonni Olimpiadadan mosuvo qilganda ham, klublarda ishlaganda ham, 6 talab gollar o‘tkazgan. U avantyurist murabbiy. Shuning uchun menga unga na shaxs sifatida va na murabbiy sifatida ishonmaganman, ishonmayman ham.

Vadim Abramov terma jamoa murabbiyligiga qayta tayinlanishidan oldin «Bunyodkor»ni tublikdan olib chiqqani haqidagi gaplar borasida

Bitta savol beraman: «Bunyodkor» qachon tubga tushib ketgandi? Akademiyasi bor, maydonlari bor, doim futbolchilar yetishib chiqadi. Bu klub qanaqasiga tubga tushib ketdi va Abramov nimadan olib chiqdi? U o‘sib turgan lolalarga tayyor bog‘bon bo‘lib keldi. Moliyaviy qiyinchiliklar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq «Bunyodkor» va «Nasaf»da shundayki, jamoa ming o‘yinchisiz qolib ketsa ham, nariroqda qurol saqlanadigan ombori bor. O‘sha futbolchilar bilan Superligadan chiqib ketish haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi. O‘sha jamoaga keldi va tayyor futbolchilarni o‘ynatdi. Buni nimasi tubdan olib chiqish, to‘g‘risi tushunmadim.

Abramov «Neftchi»da qanday ishlaganini bilaman, «Lokomotiv»da nimalar qilganini bilaman. Klub miqyosida qanday olamshumul ish qildi? Tubdan olib chiqish qanaqa bo‘ladi, «Andijon» bilan Superligada 4—5-o‘rinni olsin, «Buxoro»da ishlasinda, jamoani olib chiqsin.

Ektor Kuperni ketkazish uchun Falastinga qarshi dastlabki o‘yinda atayin imkoniyat boy berilgani haqida

Eshitgan fikrimga qarab ish qiladigan bola emasman. Futbolchilarni ko‘r-ko‘rona ayblashdan yiroqman. Biroq o‘zimni shubhaga solgan o‘yinlar bor. Masalan, JCH—2014 yo‘lida Livanda durang o‘ynaganimiz, KXDRga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat yoki Falastinga qarshi bahs — bular shubhali o‘yinlar, biroq bunga hech qanday dalilim yo‘q.

Har qanday futbolchi terma jamoada unga tayinlangan murabbiy bilan ishlab, natija ko‘rsatishi kerak. Futbolchilarni terma jamoada murabbiy tanlab o‘tirishini hazm qilib bo‘lmaydi. Qaysi futbolchi bo‘lishidan qat’i nazar.

Misol uchun, Abramov birinchi marta ishdan olinib, uning o‘rniga Mirjalol Qosimov tayinlangan vaqtda Server Jeparov va Temur Kapadzeni federasiya binosida ko‘rganman. Ular murabbiyni olib qolishga harakat qilgandi. Lekin ular vatan terma jamoasida o‘ynayaptimi, kim murabbiy bo‘lmasin, u jamoada jonini berib o‘ynashi kerak.

Abramovning salohiyati haqida

O‘zbekiston terma jamoasining salohiyati Yaman va Singapurni murabbiysiz ham yutishga yetadi. Murabbiyning imzosi o‘zidan kuchli yoki teng raqiblarga qarshi o‘yinlarda seziladi. Biz Saudiya Arabistoni bilan ikki marta o‘ynadik. Ikkita o‘yinda ulardan oltita gol o‘tkazib yubordik. Bu Abramovning haqiqiy salohiyatini bildiradigan natija.

Ektor Kuperning himoyaviy uslubi futbolchilarimizni toliqtirgan bo‘lishi mumkin. U ketganidan keyin Abramov keldi va «bemalol o‘ynanglar» dedi. 1-2 o‘yinda shunday eyforiya bilan g‘alaba qozonsa bo‘ladi, ammo keyingilariga murabbiyning imzosi kerak.

Abramovda tayyorgarlik uchun bir yil vaqt bo‘ldi. U markazlashtirilgan tizim, musobaqaning boshqa yerga ko‘chirilganini muhokama qilmasin. Biz javob o‘yini uchun shundoq ham Saudiyaga borishimiz kerak edi, Yaman bilan ham o‘yin safarda, shunga o‘xshash joyda bo‘lib o‘tardi. Faqat Singapur bilan o‘yinimizgina o‘sha yerga ko‘chib qoldi. Dubayga bordi, 6-7 ming dollar sarflab Galiulinni kuzatishga bordi. Bir yil shu o‘yinga tayyorlanib, bir kun qolganida kimdir xonasiga kirib «men himoyada o‘ynamoqchiman», degan ekan «xo‘p, o‘yna» debdi. Bu axir kulgili holat. Sen bu o‘yinga bir yil tayyorlanding! Odil Ahmedov kirib shunday deganiga ishonmayman ham. O‘sha kuni (O‘FA kongressida) faqat Odil Ahmedovga achindim. U sardor sifatida O‘zbekiston terma jamoasining, «Paxtakor»ning muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shgan. Million-million pullar taklif qilinganida ham «Paxtakor»ni tark etmagan. O‘sha kuni shunday vaziyat bo‘lib qoldi va u ham faoliyatini tugatdi.

Sarkisyan, Babayan va Abramov haqida

Men nimaga achinaman, bilasizmi, millatchi emasman, biroq mening jamoam, mening g‘ururim 8 yildan beri ikkita odamning qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishi... Bu holatga achinaman. Keladi. Xohlagan ishini qiladi. Muxlisga ham «qo‘yib qo‘yadi», xohlasa u futbolchini chaqiradi, xohlasa bunisini, istagan ishini qiladi va oxirida bittasi hamma ayb menda deydi, yana biri matbuot anjumaniga kelmay ham qo‘ya qoladi. Xato qilish ayb emas, xatoni takrorlash ayb. Qachongacha shu xatoni takrorlaymiz? O‘zbek futbolida milliy terma jamoada Sarkisyan ham ishladi, Babayan ham ishladi, Abramov ham ishladi. Siz uch o‘zbek mutaxassisi Armaniston terma jamoasini ketma-ket boshqarishini tasavvur qila olasizmi? Men e’tiqod tomondan ham, millat tomondan ham bag‘rikengman.

Abramovning agentlik faoliyati bilan shug‘ullanishi haqida

Bizda ham g‘urur bor-ku. Agentlik bilan shug‘ullanadi. Futbolchilarga shartnomaga qo‘l qo‘y deydi, futbolchilarni sotadi. Jasur Jaloliddinovni ko‘rdingiz. Biz o‘sha vaqtda shov-shuv ko‘tardik, shu bolani qutqarib qolishga intildik. Ichimiz achidi. Yetim bolani o‘ylamagan odam, sizning terma jamoangizni o‘ylaydimi? Uning ishi shu.

Menga alam qiladigani, matbuot anjumani jurnalistlarning hamma savoliga javob topib beradi. O‘zimga qolsa, unga nisbatan tartib-intizom ishini ochardim. Besh futbolchini olib kelib, ularga bog‘liq vaziyatni o‘rganish kifoya. Terma jamoaga kimni va nima maqsadda qo‘yyapti? Kuperning ustunlik tomoni shunda ediki, uning terma jamoada agentlik manfaati yo‘q edi.

Unga hamma sharoit qilib berildi, xohlagan joyiga bordi, xohlaganda chempionatni to‘xtatdi, istagan o‘yinchisini oldi. Butun xalq aytdi: «Hoy, bu futbolchi yugura olmaydi». Yo‘q, hamma ishni qildi, hammasini rasvo qildi!

Himoyaviy o‘yinda muvaffaqiyatsiz harakati haqida

Nahotki shularni oldindan ko‘rishni iloji bo‘lmagan? Ayrimlarning fikricha, u hujumkor o‘ynaydi. Xo‘p, Avstraliya bilan natijamiz qanday bo‘lgan? Janubiy Koreya bilanchi? Biz Osiyo Kubogi—2011 da yarim finalga qanday chiqqanmiz? O‘sha vaqtda futbolchilarimiz eng yuqori darajada edi. Xolbuki, chorak finalda Iordaniyani yutganmiz, Eron, Yaponiya yoki kuchli jamoani emas. Avstraliya va Koreya esa haqiqiy holatimizni ko‘rsatib bergan. To‘g‘ri, Eronga qarshi Toshkentdagi o‘yin (JCH saralashi doirasida 0:1) yaxshi taassurot qoldirgandir.

Ba’zi vaqtda shunday bo‘ladi, haqiqatda omad kelmaydi. Abramov jamoasi bilan Eronga qarshi o‘yin shunday bo‘lgandi. 90 daqiqa hujum qilingan, Odil Ahmedovning haqqoniy goli inobatga olinmagan o‘yinda yutqazib qo‘yganmiz. Odamlar mag‘lubiyat bo‘lsa-da, o‘yinni juda yaxshi qabul qilgan. O‘sha vaqtda ko‘pchilik Abramovga ishonib qolgandi. Biroq bugungisichi? Saudiya bilan o‘yinda nima qildik? Odil Ahmedovni himoyaga qo‘ydi, bechora Masharipovni, butun umr vinger bo‘lib o‘ynagan bolani o‘rtaga qo‘ydi. Siz Play Station’da ham shunday o‘ynamasangiz kerak. Messini himoyaga qo‘ymayssizku. Masalan, o‘sha simulyatorda o‘yinchini boshqa pozisiyaga olsangiz, reytingi pasayib ketadi — bu osmondan olinmagan.

O‘zaro suhbat borasida

Hamma narsani ochiqlayotganim yo‘q, biroq ularga ham bir kun vaqt keladi. «Bunyodkor»da ishlab yurgan vaqtida, bir kuni xonamga kirdi. U-18 chempionatini to‘xtatishni so‘radi, pul yetmayotgan ekan. «Bunyodkor» bosh murabbiyi menga shu gaplarni aytyapti. «Seni chempionatingni to‘xtatsam, to‘xtataman, ammo bu ligani to‘xtatmayman», dedim. Shomurodovni, Shukurovni, Aliboyevni qaysi chempionat yetkazib bergan? O‘sha bolalarga necha pul ham ketardi? Uning yuziga aytdim: «Insofing bormi, seni bir oylik maoshingga U-18 jamoasi 1 yil yashaydi». Jahl qilib chiqib ketdi.

Vadim Abramovning «agent murabbiy» deb atalashi haqida

Bunga 100% qo‘shilaman. Qolgan murabbiylarni ham shunday deyish mumkinmi? Misol uchun, Rauf Ineleev yoki Mirjalol Qosimov futbolchilarni shartnomaga qo‘l qo‘yishga majbur qilganini bilmayman. Abramov borasida o‘z fikrimni aytdim. Yuz foiz kafolat berishim uchun uni ish ustida ko‘rishim kerak. Biroq ishonchli manbalarim bor va bunga zarracha shubham yo‘q.

U nuqul meni jurnalist ekanimni aytadi. O‘zing kim eding? Ma’mur eding, to‘p tashib yuruvchi xodim eding. Omadini bersin. U bunday ko‘tarildi, men unday. Qayerdan kelib chiqqanimga «tashlab» nima qilasan?

Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin haqida

O‘sha kuni o‘yinchilarimiz harakat qildi, ularga bir tomondan achinasiz ham. Qo‘g‘irchoq o‘ynatuvchi odamlarni xursand qilish uchun yaxshi teatr qo‘yib berish kerak, biroq u buni sahna ortida qildi.

Mirjalol Qosimovni terma jamoaga qaytarish borasida

Qosimov — o‘zining yo‘nalishida, o‘zining ritmida, o‘zi bilganicha ishlayotgan, deyarli katta g‘alabalarni qo‘lga kiritmagan «OKMK»ni asta-sekin ko‘tarayotgan mutaxassis. Ikki marta terma jamoaga olib kelingan, juda qiyin pallalarda qo‘lidan kelgan yordamni bergan. Har safar og‘ir ahvolga tushib qolganimizda — Qosimov. «Qutqaruvchi» rolini berishdan avval uning fikri bilan ham qiziqish kerak.

O‘zbekiston terma jamoasining Jahon Chempionatiga chiqa olmasligiga aybdor haqida

Tizim aybdor. Shuni o‘zgartirish yo‘lidamiz. Xudo xohlasa, shu futbolda nimanidir o‘zgartiramiz yoki ketamiz. Optimistik kayfiyatni saqlab qolaman va o‘z yo‘nalishimda oxirigacha kurash olib boraman. Bir-ikki odamning sassiq gapi tufayli bu yerdan ketish niyatim yo‘q. Oxirigacha kurashamiz.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 07:00, 23.06.2021.
O'qildi: 9760 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.