O‘zbekiston futbol federasiyasi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi sobiq prezidenti Mirabror Zufarovich Usmonov hayot bo‘lganida bugun 74 yoshni qarshi olgan bo‘lar edi.
O‘z ishining chin fidoiysi sifatida katta hurmatga sazovor bo‘lgan Mirabror Zufarovich o‘zbek futbolining rivoji yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirganini milliy sportimiz jamoatchiligi also unutmaydi.
Mirabror Usmonov rahbarlik yillarida milliy sportimiz, xususan futbol Osiyo qit’asida o‘z obro‘ va e’tiboriga ega bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston yoshlar hamda o‘smirlar terma jamoalari 5 bora Jahon chempionatlarida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Qolaversa, mamlakatimiz turli yosh toifalarida 5 ta Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Shuningdek, Mirabror Usmonov tashabbusi bilan yurtimizda mavjud infratuzilma yaxshilandi, bir nechta stadionlar, sport inshootlari barpo etildi.
Yurt sporti rivoji yo‘lidagi xizmatlari uchun Mirabror Zufarovich “Mexnat shuxrati”, “El-yurt xurmati”, «Do‘stlik» ordenlari bilan taqdirlangan.
Mirabror Zufarovich 2006-2017 yillar mobaynida O‘zbekiston futbol federasiyasi rahbari sifatida, 2013-2017 yillarda Milliy Olimpiya qo‘mitasi, 2015-2018 yillar davomida esa Markaziy Osiyo futbol assosiasiyasi prezidenti sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Mirabror Usmonovning o‘zbek futboli rivoji yo‘lida amalga oshirgan sa’y-harakatlari va u kishining yorqin xotirasi hamisha yodga olinadi.