Samarqandning “Dinamo” klubi a’zosi Jahongir O‘rozov faoliyatini Rossiya Premer Ligasida ishtirok etadigan Qozonning "Rubin" klubida davom ettirishi ma’lum qilingandi. O‘rozov "Rubin"ga qo‘shilishdan oldin tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi, deb xabar berdi Sport24.
Qozon klubi Samarqandning "Dinamo" klubi bilan shartnomaning barcha bandlari bo‘yicha kelishib oldi. 22 yoshli futbolchi allaqachon yangi jamoasi bilan mashg‘ulot o‘tkazmoqda va bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rasmiy transfer tez orada e’lon qilinadi.
"Rubin" O‘rozovning ijarasi uchun 100 000 yevro to‘laydi. Agar himoyachi ushbu mavsumda jamoa rasmiy o‘yinlarining kamida yarmida maydonga tushsa, "Rubin" O‘rozovni 700 000 yevroga xarid qilishi mumkinligi shartnomada belgilab qo‘yilgan.
O‘rozovning Qozondagi maoshi yiliga 450 000 yevroni tashkil qiladi. "Dinamo"da u oyiga taxminan sakkiz ming dollar, yiliga esa taxminan 96 ming dollar ishlab topgan.
Ma’lumot o‘rnida, Jahongir O‘rozov O‘zbekiston Superligasidagi o‘yinlari orqali terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro e’tiboriga tushgan. Futbolchi O‘zbekistonning JCHdagi ilk o‘yinida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa-da, keyingi o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Xususan, O‘rozov Kongo DR milliy jamoasiga qarshi uchrashuvda 7 marta xavfni bartaraf etgan.













