Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/05 23:45 Kalyari 2-3 Fiorentina
24/05 23:45 Jenoa - Bolonya
25/05 00:00 Jirona - Granada
25/05 17:00 Osasuna - Vilyarreal
25/05 19:15 Real Sosyedad - Atletiko
25/05 21:00 Yuventus - Monsa
25/05 21:30 Almeriya - Kadis
25/05 21:30 Rayo Valyekano - Atletik Bilbao
25/05 23:45 Milan - Salernitana
26/05 00:00 Real Madrid - Betis

Diyor Imomxo‘jayev: «Bizning sharoitda klublar foyda keltirmaydi»

Diyor Imomxo‘jayev: «Bizning sharoitda klublar foyda keltirmaydi»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev «Oqtepa» klubining Pro ligani erta tark etishiga o‘z munosabatini bildirdi.

«Oqtepa»ning nafaqat bu yilgi mavsumdan, balki o‘tgan mavsumlardan ham qarzdorligi mavjud. Klub xususiy ekanligidan kelib chiqib, biz har safar ularga yon berishga harakat qildik. Reglament bo‘yicha biz qishki transferdayoq «Oqtepa» futbolchilarini ro‘yxatdan o‘tkazmasligimiz kerak edi. Ammo «Orol» yoki «Olimpik» degan klub istisno tariqasida Pro ligada ishtirok etsa-yu, biz bir necha yillik «Oqtepa»ga yordam bermasak, adolatdan bo‘lmaydi deb, barcha futbolchi va personallarini ro‘yxatdan o‘tkazdik. 

«Oqtepa» legionerini «Qizilqum», «Bunyodkor» kabilarga ijaraga bergan vaqtida, ijara pullarini vaqtida olishi uchun qayg‘urdik. Klub bizdan ro‘yxatdan o‘tkazgan, ammo biror uchrashuvda maydonga tushirmagan afrikalik legioner uchun to‘lovni olib tashladik. «Oqtepa» klubining taklifi bilan Pro liga klublari uchun legioner futbolchilar to‘lovini pandemiya davrida 50 foizgacha kamaytirdik. 

Biz «Oqtepa» uchrashuvlarini jonli efirga olib chiqish uchun UzReport texnik guruhini To‘qimachilikdan tortib, Jarning mashg‘ulot maydonigacha olib kirdik. O‘zingiz bilasiz, bu stadionlarda uchrashuvlarni translyasiya qilish uchun sharoit juda kam. Ammo biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshirdik. 

23 klub orasida uchrashuvlarni tashkil etish bilan bog‘liq eng ko‘p kamchilik ham aynan «Oqtepa» klubi bilan bog‘liq ekanligini bizdagi barcha komissarlar yaxshi biladi. Chunki bu yerda sport direktori, texnik direktor, ma’mur, kerak bo‘lsa matbuot kotibi-yu, oddiy xizmatchi vazifasini ham faqat bir kishi — Vladimir amalga oshiradi. Katta personalni ushlab turish esa tabiiyki katta chiqim talab qiladi.     

Biz faqatgina yangi bosh murabbiy — Eldor Sakayevni ro‘yxatdan o‘tkazmadik (Sakayev Yangiyerda ishladi va iste’foga chiqdi. Murabbiy Pro lisenziyasini bir necha yil ololmay yurdi va faqatgina PFL aralashuvi bilan «Andijon» klubi o‘sha lisenziya pulini O‘FAga to‘lab berganidan so‘ng, mutaxassis Pro lisenziyasiga ega chiqdi). «Oqtepa» yangi personal ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi borasida bir necha marta ogohlantirilgan. Yil boshida bosh murabbiy sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Sergey Tokov qayerda ekani, nega klubdan ketgani borasida ma’lumot mavjud emas va umuman bu holat yangilik ham emas. Chunki klub 2020 yilni Aleksandr Yejov bilan boshlagan, yil yarmida uni «Xorazm»ga ijara berib, mavsumning qolgan qismini bosh murabbiysiz o‘tkazgan. Murabbiylik lisenziyasi mavjud bo‘lmagan Alisher Shog‘ulomov mavsumni yakunlab qo‘ygan. 2019 yilda ham shunday, Ravshan Bozorov bosh murabbiy bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan, ammo biror uchrashuv qaydnomasiga kiritilmagan, sababi bizga ma’lum emas. Qaydnomalarda bo‘lgan Yaroslav Krushelniskiy esa 2019 yilning 5 avgust kuni totalizatorda ishtirok etgani aniqlanib, 1 yilga futboldan chetlashtirilgandi. Mavsumni yana Alisher Shog‘ulomov yakunlab qo‘ydi. 

Shu joyida to‘xtashim to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki «Oqtepa» doim eng yoqtirgan klubim bo‘lgan, u o‘zim istiqomat qiladigan mahallam jamoasi. «Chempion» gazetasi chop etilayotgan vaqtlardayoq Muhrim (A’zamxo‘jayev) bilan «Oqtepa» o‘yinlarini muhokama qilib, yosh futbolchilarga qo‘rqmay imkon berishini maqtardik. Klub homiysi gapning dangalini aytadigan odam ekanini siz «Sokker klub» orqali ham yaxshi bilasiz. Birinchi liga dasturini olib borgan vaqtlarimdayoq «Oqtepa» haqida yetarlicha ma’lumot berishga harakat qilganman. Shunday ekan, klubning musobaqadan chiqib ketishi achinarli. Biroq talab hamma uchun bir xil — biz ketishni istagan klubni yalinib olib qoladigan tashkilot emasmiz.

Albatta bizning sharoitda futbol klubini moliyalashtirish juda qiyin, bizning sharoitda klublar foyda keltirmaydi. Shularni inobatga olib, bir necha yillik mehnatlari uchun «Oqtepa» rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Va yana aniq bilamanki, insonlar vaqt o‘tgani sayin o‘zgaradi. Vaqt bizni har qanday harom ishlardan tiyilishga undayotgan bo‘lsa, bu albatta yaxshi. Buni «Oqtepa» stadionidan uzoq bo‘lmagan choyxona misolida ko‘ryapman. Bugun bu yerda talablar qattiyroq va chiroyliroq. Balki uning egalari futboldagi ayrim futbolchi yoki murabbiylar noinsofligidan charchab, endi boshqa yo‘nalishga o‘tishni istayotgandir, balki bolalar futboli orqali o‘zini namoyon qilishni istar. Futbolni yaxshi ko‘rgan odam, undan uzoqlashib keta olmaydi», - deya yozadi Imomxo‘jayev o‘zining telegramdagi sahifasida.

Kiritildi: 17:14, 10.07.2021.
O'qildi: 3077 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.