2021 yil futbol olamida uzoq vaqtdan beri kutilgan eng hayajonli yil bo‘lib tarixga kirishi mumkin. Bunga sabab bir yilga kechiktirilgan Yevropa chempionati va Kopa Amerika musobaqasi bir vaqtda o‘tkazilganini misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Muxlislarning uzoq vaqtli tanaffusdan so‘ng stadionlarga kiritilishini ham yodda qolarli hodisa sifatida baholashimiz mumkin. Ularning bahonasida «Oltin to‘p» ham qaytmoqda. Esingizda bo‘lsa, ushbu sovrin o‘tgan yili hech kimga topshirilmagandi. Bu mavsumda kimga berilishi, kim loyiqroq ekanligini birgalikda tahlil va tahmin qilib ko‘ramiz.
10. Neymar (PSJ va Braziliya)
2021 yil statistikasi: 12 gol, 12 golli uzatma
Qo‘lga kiritgan sovrinlari: Fransiya kubogi
Bu yil Neymar uchun og‘ir yil bo‘ldi, ayniqsa Amerika Kubogi finalida Argentinadan uchralgan mag‘lubiyat haligacha uni bezovta qilsa kerak.
Joriy mavsumda Neymarni klub doirasida Kilian Mbappe orqa fonga surib qo‘ydi, ammo u terma jamoada bosh qahramonligicha qolmoqda. Amerika kubogida faqat Messi va Lautaro Martines undan ko‘p gol urishdi va faqatgina Messi ko‘proq golli uzatmani amlaga oshirdi.
Hozircha uning «Oltin to‘p» olish ehtimoli juda past va yangi mavsum boshida mo‘’jizaviy o‘yin ko‘rsatib yubormasa, u ushbu sovringa dahl qilmasa ham bo‘laverdi.
9. Meyson Maunt («Chelsi» va Angliya)
2021 yil statistikasi: 9 gol, 6 golli uzatma
Sovrinlar: Chempionlar Ligasi
Ikki yil oldin Meyson Mauntni deyarli hech kim tanimas edi. Ammo endi u «Chelsi»ning Chempionlar Ligasidagi yutug‘i va Angliyaning Yevro-2020dagi muvaffaqiyatli o‘yini tufayli u «Oltin to‘p»ga nomzod futbolchilar qatorida etirof qilinyapti.
Maunt klubning Chempionlar ligasini qo‘lga kiritishida muhim rol o‘ynadi. Yevroda 22 yoshli futbolchi «uch sher»larning dastlabki ikki uchrashuvida 90 daqiqa to‘liq maydonda harakat qildi. Chexiya va Germaniya bilan o‘yinlarni o‘tkazib yubordi, so‘ngra Ukraina va Daniyaga qarshi asosiy tarkibda ko‘rinish berdi.
8. Rahim Sterling («Manchester Siti» va Angliya)
2021 yil statistikasi: 11 gol, 6 golli uzatma
Sovrinlar: Premyer liga
Yevro-2020 Rahim Sterlingga kutilmagan mukofotni qo‘lga kiritishda yordam berishi mumkin. «Manchester Siti» tarkibida butun mavsum davomida Sterlingning o‘yinlari qovushmay keldi, lekin u bor kuchini Yevro-2020da Angliya uchun namoyish qilib berdi.
Ko‘pchilik uni musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida tan olindi, deya tahmin qilgandi. Biroq italiyaliklarning finaldagi qahramonligi uni bu sovrindan mahrum qildi.
7. Jorjinyo («Chelsi» va Italiya)
2021 yil statistikasi: 4 gol, 2 golli uzatma
Sovrinlar: Chempionlar Ligasi, Yevro-2020
29 yoshli futbolchining yarim himoyadagi tinimsiz mehnati ko‘pincha e’tibordan chetda qolib ketadi va yakunda Ngolo Kante «Chelsi»ning Chempionlar ligasidagi qahramoni sifatida etirof etiladi.
Biroq uning Yevro-2020da Italiya termasining chempionligiga qo‘shgan hissasini baholab bo‘lmaydi. musobaqa davomida faqatgina Janluiji Donnarumma undan ko‘ra ko‘proq vaqt maydonda harakat qildi. Hech kim u kabi uzoq masofani bosib o‘tmadi (72,3 km). Hech kim undan ko‘proq uzatma bermadi.
«Agar Italiya Yevropa chempionatida g‘olib chiqsa, u “Oltin to‘p”ning favoritiga aylanishi aniq», – degan edi Maurisio Sarri.
6. Romelu Lukaku («Inter» va Belgiya)
2021 statistikasi: 22 gol, 8 golli uzatma
Sovrinlar: A Seriya
Romelu Lukaku bu mavsumda o‘zining qanchalik yaxshi futbolchi ekanligini barchaga yana bir bor isbotlab qo‘ydi. Antonio Konte boshchiligida u «Inter»da futbolchi sifatida muhim rol o‘ynadi va A Seriyada birinchi sovrinini qo‘lga kiritdi.
Afsuski, u Belgiya bilan Yevro-2020 chorak finalidan ortga qaytishga majbur bo‘ldi. 28 yoshli futbolchi chempionatda 4 gol urdi. Undan yaxshiroq natija faqat Krishtianu Ronaldu va Patrik Shikda bor.
Belgiya termasi ustozi Roberto Martines Goal'ga bergan intervyusida shunday dedi: «Men Romelu Lukakuga 50 yevro, Kevin de Bryuynega 50 yevro tikardim. O‘ylaymanki, ikkalasi ham o‘z pozisiyalarida jahon futbolidagi eng zo‘rlari qatorida turishadi. Shuning uchun ular munosib e’tirofga sazovor bo‘lishlariga umid qilaman».
5. Ngolo Kante («Chelsi» va Fransiya)
2021 yil statistikasi: 1 golli uzatma
Kubok: Chempionlar Ligasi
Yevro-2020 arafasida hamma Fransiyaning chempionligi Ngolo Kanteni «Oltin to‘p»ning asosiy favoritiga aylantiradi, deb o‘yladi. Axir u Chempionlar ligasi yarim final va final uchrashuvlarining eng yaxshi futbolchisi edi.
Kantening yarim himoyadagi
tinimsiz mehnati uni jahon futbolida eng yaxshilar qatorida etirof etilishini ta’minladi.
Biroq fransuzlarning 1/8 finaldayoq musobaqani tark etishi uning imkoniyatlarini keskin kamaytirib tashladi. Kante hali ham kuchli davogar, ammo g‘alaba ehtimoldan yiroq ko‘rinadi.
4. Xarri Keyn («Tottenxem» va Angliya)
2021 statistikasi: 23 gol, 6 golli uzatma
Sovrin: Premyer-liganing Oltin butsasi
Harri Keynga Yevro-2020da ajralib chiqish uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi, ammo yakunda «Oltin butsa» uchun kurashda Krishtianu Ronaldu va Patrik Shikdan faqat bitta golga ortda qoldi.
U hech qachon klubda yoki xalqaro miqyosdagi sovrinlarni yutmagan, shu sababli u klubini o‘zgartirishni o‘ylayapti. Sovrin yutmaganiga qaramay u individual ravishda bu mavsumda fantastik o‘yin namoyish qildi.
3. Kevin De Bryuyne («Manchester Siti» va Belgiya)
2021 yil statistikasi: 10 gol, 10 golli uzatma
Sovrinlar: Premyer liga, Angliya Liga kubogi.
Yevro-2020da atigi to‘rt futbolchi Kevin De Bryuynega qaraganda ko‘proq uzatmani amalga oshirgan. Kevinga bu ko‘rsatkich uchun 272 daqiqa maydonda harakat qilishi yetarli bo‘lgan.
U so‘nggi paytlarda jahonning eng zo‘r pleymeykeri, deya e’tirof etilishi ham bejizga emas.
U bu mavsumda Premyer liga chempionligini qo‘lga kiritgan va Chempionlar Ligasi finaliga chiqqan Sitining eng yaxshi futbolchisi edi. Belgiya faqat 30 yoshli futbolchi va Romelu Lukaku bir vaqtda maydonga tushganida haqiqiy Yevro-2020 da’vogariga o‘xshardi.
Ular chorak finalda mag‘lub bo‘lishdi, ammo De Bryuyne turnirdagi jarohatlariga qaramay ajoyib shaxsiy natijalar bilan «Oltin to‘p» uchun imkoniyatini oshirdi.
2. Robert Levandovski («Bavariya» va Polsha)
2021 statistikasi: 34 gol, 4 golli uzatma
Sovrinlar: Bundesliga chempionligi, Bundesliga «Oltin butsa»si, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati.
Bu mavsum Yevropaning kuchli beshlik ligalarida hech bir futbolchi Robertdan ko‘p gol urolmadi. COVID-19 sabab o‘tgan yili «Oltin to‘p» hech kimga berilmagandi, o‘sha mavsumda Leva haqiqiy da’vogar futbolchi edi.
2021 yilda 32 yoshli futbolchi Bundesliga o‘yinlarining har 61 daqiqasida gol urgan. Taqqoslash uchun, Messi La Ligadagi har 79 daqiqada, Portugaliya hujumchisi André Silva har 100 daqiqada ushbu natijaga erishgan. Bu Levandovskining «Oltin to‘p» poygasidagi ustunligi.
1. Lionel Messi (erkin agent va Argentina)
2021 statistikasi: 33 gol, 14 golli pas
Sovrinlar: La Liganing «oltin butsa»si, Ispaniya kubogi, Amerika kubogi
U 34 yoshda va erkin agent, ammo Lionel Messi «Oltin to‘p» davogarlari ro‘yxatida birinchi o‘rinda.
«Barselona»dagi shartnomaviy holatiga qaramay, 2021 yilda Messi ham klubda, ham milliy jamoada yaxshi o‘ynadi. Ushbu mavsumda hech kim uning La Ligadagi statistikasiga yaqinlasha olmadi va Amerika kubogida u mutlaq yetakchi edi.
Ta’kidlash joizki, Messining azaliy raqibi Ronaldu «Yuventus» va Portugaliya bilan asosiy sovrin yo‘qligi sababli A Seriyaning «Oltin butsa»siga qaramay, bizning o‘ntaligimizga kira olmaydi. Huddi shu mantiq Kilian Mbappa va Erling Hollandga tegishli.
Reytingni ko‘rib birinchi navbatda Ronaldu qani, degan savol sizda paydo bo‘lishi tabiiy. Bu shunchaki bizning tahminlarimiz tanlovni esa professionallar qabul qilishadi.
Ruslan Maksimov tayyorladi