Bir necha hafta oldin 30 yoshli fransuz hujumchisi Antuan Grizmann «Atletiko»ning yangi o‘yinchisi sifatida rasman tanishtirildi. Marosim «Wanda Metropolitano» stadionida bo‘lib o‘tdi.
«Matraschilar» prezidenti Enriko Sereso yangi kelgan futbolchiga sakkizinchi raqamni topshirdi. Ayni damda, futbol muxlislari, terma jamoalarning saralash bahslaridan so‘ng endi klub o‘yinlariga bor e’tiborini qaratishgan. Biroq yozgi transferlar oynasida Grizmann xaridi bir muncha vaqt e’tiboridan chetda qoldi. Bir tomondan bu hodisa transferlar oynasi yopilishidan oldin sodir bo‘lgan edi. Xalqaro o‘yinlardagi pauza esa bunga qo‘shimcha sabab qilib olindi.
Grizmann Kataloniya afsonasi Lionel Messidan ketganidan bir necha hafta o‘tib «Barselona»ni tark etdi. Argentinalikni yo‘qotib qo‘ygan «Blaugranas» kichikroq bo‘lsa ham, yana bir yulduzdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Ammo ayni dam «Barselona»ning asosiy muammosi kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. Rahbariyat yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunida yuqori maosh oladigan ikki futbolchisidan qutuldi. Biroq moliyaviy mojarolar sababli ularning o‘rnini bosadigan liderlar jamoaga jalb etilmadi.
Klub hujum chizig‘ini 31-raqamli Lyuk De Yong bilan to‘ldirdi. De Yong La Ligada oxirgi mavsum 34 ta o‘yinda maydonga tushib, atigi 4 ta gol urgan. Hozirda «Barselona»ning hujum chizig‘i hayratlanarli darajada ko‘rinishi mumkin: 33 yoshli Serxio Aguero, 31 yoshli Lyuk de Yong va 30 yoshli Martin Breytueyt. Agar mavsumning boshlang‘ich bahslarida munosib o‘yin ko‘rsatgan 27 yoshli Memfis Depay bo‘lmaganida, yuqoridagi trio shunchaki «quruq rasm» holida qolgan bo‘lar edi.
Yana Antuan Grizmann kartinkasiga qaytamiz. Uning «Barselona»dagi ikki yillik faoliyati sotib olingan paytdan tortib hozirgi «Atletiko»ga qaytgunicha to‘la kataloniyaliklar inqirozining aksi sifatida namoyon bo‘ldi. Aslida, Antuanning Kataloniyaga kelishi kutilmagan tarzda sodir bo‘lgan. 2019 yilning yozida «Barselona»ning o‘sha paytdagi rahbariyati aslida ikkita hujumkor futbolchi - Neymar va Grizmann variantlari o‘rtasida bosh qotirishgan, ulardan birini tanlashga to‘g‘ri kelgan.
Kataloniyaliklaring birdaniga ikki kelishuvga erisha olishi amri mahol edi. Bu yerda parijliklar prinsipial pozisiyalarini namoyish etishdi, shayxlar doimgidek o‘z futbolchisi uchun juda katta summa talab etishgan.
Grizmann esa keyinchalik 120 million yevro evaziga sotib olindi. Biroq o‘sha payti «Blaugranas» uchun qandaydir «toza havo» kerak edi. Bu hozirgi inqirozli davr oldidan o‘ta zarur poydevor sifatida xizmat qilishi kutilgan.
Muammo shundaki, «Barselona» birgina Grizmann transferi uchun qo‘shimcha bank kreditlariga tayanilgan. Kataloniyaliklar o‘shanda «Atletiko» hisob raqamiga fransuz uchun 35 million yevro o‘tkazib bergan, qolgan 85 millionlik summa esa uzoq muddatga qarz sifatida to‘lab borilgan. Oddiy qilib aytganda, «Barselona» Grizmanni sotib olish uchun yetarlicha pulga ega emas edi (Neymar varianti haqida esa umuman gapirmasa ham bo‘ladi). Ammo kataloniyaliklar baribir ushbu bitimni tuzishni ma’qul ko‘rishdi. Sotishga sotib olindi, biroq keyingi effekt qay darajada bo‘lgani barchaga ayon.
Ko‘rinib turibdiki, Grizmanning «Barselona»ga o‘tishi dastlab ikki xil tarzda qabul qilingan. Ha, fransuz hujumchisi «Atletiko»ga munosib tarzda moslashib keta oldi. Gollar urishdan to‘xtab qolmadi. Albatta, Grizmann Madrid jamoasining asosiy figuralaridan biri edi, lekin muxlislar uning «Barsa»ga moslashib keta olmasligini oldindan sezgan. Rahbariyat ham u Neymarning o‘rnini bosa olmasligini juda yaxshi tushunib turgan.
2021 yilning bahorida «Barselona» nihoyat, qiyin iqtisodiy vaziyatda ekanligini tan oldi. Boshqacha aytganda, rahbariyat deyarli umidsizlikka tushib qolgan holida Lionel Messi bilan iyun oxirigacha hisoblangan shartnomani uzaytira olmadi. La Liga qoidalari bunga imkon bermadi. Byurokratik prodseduralar bilan birlashtirilgan manfaatlar buyuk argentinalik futbolchining «Blaugranas» muxlislari bilan xayrlashishiga olib keldi. Yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Messi «Pari Sen-Jermen»ga jo‘nab ketdi. Biroq hatto uning ketishi ham «Barselona» budjetidagi muammolarni hal qila olmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, kataloniyaliklar Memfis Depay, Serxio Aguero va Erik Garsiyalar bilan shartnoma imzolash uchun ham jamoaning asosiy futbolchilari bilan ish haqini qisqartirish to‘g‘risida muzokara o‘tkazishi kerak edi va shunday ham bo‘ldi. Laporta futbolchilarni maoshning bir necha oyga qisqartirilishiga ko‘ndirdi va baribir o‘zi xohlagan narsaga erisha oldi.
«Atletiko» ayni damda bu vaziyatdan unumli foydalanib qoldi. Madridliklar xuddi «qon hidi»ni his qilgandek, Kataloniya klubida deyarli eng ko‘p pul oladigan Grizmann uchun taklif bilan Madridga chiqdi (norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir mavsum uchun 18 dan 23 million yevrogacha). Bundan tashqari «Barselona» chigal vaziyatni tezda tushunib, «matraschilar»ga darhol sotib olishni taklif qilmadi. Endi «Atletiko» Grizini 40 millionga majburiy sotib olish imkoniyati bilan uni 10 million yevroga bir yilga ijaraga oldi. Shu bilan birga «Atletiko» forvardning ijara muddatini o‘sha 10 million yevroga yana bir yilga uzaytirish imkoniyatiga ega, bunda keyingi xaridlar miqdori 30 milliongacha kamayishi kutilmoqda. Boshqacha aytganda, o‘z klubida kutilmagan iqtisodiy muammolar yuzaga kelganda, madridliklar qayta sug‘urtalash bilan qiyin vaziyatdan chiqib ketdi.
Laporta «Atletiko» taklifini qabul qilishga majbur bo‘ldi va Grizmanni Madridga qaytarib berdi, aslida kataloniyaliklar fransuzning sotuvidan unga sarflangan pullardan 3 barobar kamroq daromad ko‘rmoqda. Ammo ish haqlarining o‘n milliondan ortiq yevro kamaytirish orqali balansni saqlashga harakat qildi. Laporta bunga quyidagcha izoh berdi: «Futbol nuqtai nazaridan Antuan bizga kerak bo‘lgan o‘yinchi emas. U gol urishni biladi.
Shu jumladan Ispaniya kubogidagi g‘alabamizda muhim rol o‘ynadi, lekin ko‘pchilik undan ko‘proq narsani kutgandi. "Barselona" hech qachon asosiy tarkib futbolchisiga bu qadar ko‘p pul sarflab, kam daromad olmagan. Ammo hozir vaziyat bir xil emas: "Atletiko" Grizmanning maoshini to‘lashga tayyor edi va bu, aslida, o‘tgan mavsumda La Ligada jamoaning ikkinchi to‘purariga aylangan futbolchi uchun arzirli holat. Biroq bugungi "Barsa"ga yangi qon kerak. Messi ketdimi, demak, Grizmann ham ketishi kerak. Nima sodir bo‘lsa bo‘ldi», - deydi Laporta. Endi «Barsa» muxlislari jamoaning hujum chizig‘ida Breytueyt va De Yongga umid bog‘lashda davom etadi. Voqealar rivojini birgalikda kuzatamiz.
Yusufbek Saydaliyev tayyorladi