Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/06 20:00 Dinamo - Olimpik
14/06 23:59 Germaniya - Shotlandiya

Maftunkor yulduzning faoliyati

Maftunkor yulduzning faoliyati

Baho:
+ | -

Sermahsullik bobida Mbappe bilan bo‘ylashayotgan Erling Xoland futbol olamining bo‘lajak yorqin yulduzi ekanligiga o‘ta qisqa vaqt ichida hammani ishontirib ulgurdi. Demak, norvegiyalik noyob iqtidor sohibi bilan yaqindan tanishish payti keldi.

Erling Xolandning dastlabki professional klubi - «Bryune». Norvegiyaning 2-divizionida qatnashadigan mazkur jamoa unchalik mashhur emas. Faoliyatidagi ilk uchrashuvni qahramonimiz 2016 yilning 12 mayida o‘tkazgan. O‘shanda u «Ranxeym»ga qarshi bahsning 2-bo‘limida maydonga tushgandi. Shundan keyin Erling debyut mavsumida 16 marta, asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Shuningdek, nemis jamoalarida ko‘rikdan o‘tish uchun Germaniyaga borib turdi. Jumladan, bir necha kunni «Xoffenxaym»da o‘tkazdi. Lekin bundan natija chiqmadi.

Vaholanki, Xoland o‘shanda ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Jamoa mutasaddilarining shunday hujumchidan voz kechganlarini tushunish qiyin. Oxir-oqibat, Erling 2017 yilning fevralida Norvegiyaning eng yaxshi klublaridan biri bo‘lgan «Molde» bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan «MYU»ning amaldagi bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher o‘shanda «Molde»ni boshqarayotgandi. Erling 2017 yilning 4 iyunida «Sarpsborg»ga qarshi bellashuv bilan Norvegiya chempionatidagi debyutini nishonladi. O‘sha yilning 6 avgustida esa «Tromsyo» darvozasiga professional faoliyatidagi dastlabki golini urdi. Debyut mavsumini u 14 uchrashuv, 2 gol bilan yakunladi.

Mavsum-2018da hujumchi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushish huquqini qo‘lga kiritdi. 2018 yilning 1 iyul oqshomida bo‘lib o‘tgan «Brann»ga qarshi bahs Xolandning benefisiga aylandi. Hujumchi o‘sha o‘yinda 4ta gol urib, jamoasiga yirik (4:0) hisobdagi g‘alabani hadya etdi. Keyingi turda 2ta gol va bitta assistni rasmiylashtirib, «Volerenga» ustidan erishilgan zafarga (5:1) ulkan hissa qo‘shdi. O‘sha yili Erling YELda debyutini nishonlashga ham ulgurdi. Nufuzli musobaqaning saralash bosqichi doirasida u Albaniyaning «Lachi» klubiga qarshi ilk marta maydonga tushgandi. Mavsumdagi 30 uchrashuvda Xoland 16ta gol urdi, oyog‘idan jarohat olgani bois, oxirgi 3ta o‘yinda maydonga tusha olmadi. Shunga qaramasdan, mavsumni «Norvegiyaning yil futbolchisi» unvoni bilan poyoniga yetkazdi.

2018 yilning avgustida Avstriya­ning «RB Zalsburg» klubi Xolandni 5 mln. yevro evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. 2019 yilning 19 iyulida u Avstriya kubogi doirasidagi «Parndorf»ga qarshi bellashuvda (7:1) dastlabki «xet-trik»ini amalga oshirdi. 10 avgustda «Volfsberg» darvozasini 3 marta ishg‘ol etib, chempionatdagi «xet-trik»ni nishonladi. 14 sentyabr oqshomida esa «Xartberg» (7:2) yosh to‘purardan 3ta gol qabul qilib oldi. Qo‘shimchasiga, Erling 2ta assist­ni ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Oradan 3 kun o‘tgach, Xoland YECHLdagi ilk «xet-trik»ini qayd etdi. O‘shanda u guruh bosqichining dastlabki turida Belgiyaning «Genk» klubi darvozasini 3 marta zabt etgandi. Shu tariqa Erling nufuzli turnirdagi debyutini «xet-trik» bilan nishonlagan 9-futbolchiga aylandi. Norvegiyaliklar orasida esa, bu borada uchinchi bo‘ldi. Undan avval shunday muvaffaqiyatga Sigurd Rusfeldt (1998) va Frude Yonsen (2000) erishgan edilar.

YECHLning 2-turida «Liverpul» maydoniga tashrif buyurgan «RB Zalsburg» Xolandning ikkinchi bo‘limdagi goli evaziga muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq «Enfild»dan ochko bilan qaytish Erling va uning jamoasiga nasib etmadi, mezbonlar 4:3 hisobida ustun keldilar.

3-turda Xoland «dubl»ga erishgan bo‘lsada, «Zalsburg» o‘z maydonida 2:3 hisobida «Napoli»ga imkoniyatni boy berdi. Lekin norvegiyalik mergan YECHLning 3ta uchrashuvida 6ta gol urgan dastlabki futbolchi sifatida o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.

Rekordchi to‘purarning gollar seriyasi 4 va 5-turlarda ham davom etdi. Avvaliga u Neapolda penaltidan unumli foydalandi, keyin «Genk»ka qarshi bahsda hisobni (4:1) yiriklashtirdi. Bundan tashqari, u o‘sha o‘yinda samarali uzatmani ham amalga oshirgandi.

10 noyabr oqshomida Avstriya chempionatining «Volfsberg»ga qarshi safar uchrashuvida (3:0) Erling mavsumdagi beshinchi va chempionatdagi uchinchi «xet-trik»i­ni rasmiylashtirdi. Shu tariqa uning ichki chempionatdagi 12 uchrashuvda urgan gollari 15taga yetdi.

2019 yilning 29 dekabrida Dortmundning «Borussiya» klubi Erling Xoland bilan 2024 yilgacha shartnoma tuzganligini e’lon qildi. 2020 yilning 18 yanvarida norvegiyalik snayper Bundesligadagi debyutini «Augsburg» darvozasiga 3ta gol urish bilan nishonladi. E’tiborlisi, u 56-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, 79-daqiqaga qadar «xet-trik»ni rasmiylashtirishga ulgurgandi. Ikkinchi uchrashuvni ham Xoland zaxiradan maydonga tushgan holda o‘tkazdi va bu safar «Kyoln»ga «dubl» «sovg‘a» qildi. Nihoyat, «Borussiya Dort­mund» tarkibidagi 3-bellashuvda murabbiy debyutantga boshlang‘ich tarkibdan joy ajratdi. Hujumchi bu gal Berlinning «Union»ini ham «dubl» bilan «siyladi». Shundan keyin Xolandning mavsum davomida «Zalsburg» va «Borussiya Dortmund» uchun 25ta rasmiy uchrashuvda urgan gollari soni 35taga yetdi. Oxirgi 3ta bahsda u darvoza tomon 8 marta zarba yo‘llagan bo‘lsa, ularning 7tasi golga aylangandi.

YECHLdagi 8ta uchrashuvda esa Erling 10 marta (8tasi «Zalsburg», 2tasi «Borussiya Dortmund» safida) raqiblari darvozalarini ishg‘ol etgandi.

2020 yilning 19 sentyabridagi dastlabki turda Xoland gladbaxlik nomdosh jamoa darvozasiga 2ta gol urdi. 3 oktyabr oqshomida «Frayburg» darvozasiga urilgan 4ta javobsiz golning 2tasi ham Erling hisobiga yozildi. 21 noyabrdagi Berlin safarida esa 2-bo‘limning 32 daqiqasi ichida «Gerta» darvozasini 4 (!) bor ishg‘ol etdi va 5:2 hisobidagi g‘alabani ta’minladi. 2021 yilning 9 yanvaridagi safar uchrashuvida Erling «RB Leypsig»ni «dubl» bilan jazoladi (3:1), 6 martda «Alyans Arena» ham uning 2ta goliga guvoh bo‘ldi. Biroq maydon egalari bunga 4ta gol bilan javob qaytardilar. Umuman, mavsum davomida Xoland Bundesliga doirasida 10ta «dubl»ni qayd etdi, 3 marta bittadan gol urdi, 2020 yilning noyabr va 2021 yilning aprel oylarida eng yaxshi o‘yinchi unvoniga sazovor bo‘ldi. Chempionatning 28 uchrashuvida 27ta gol urgan norvegiyalik mergan to‘purarlar bahsida Robert Levandovski (41) va Andre Silva (28)dan keyin 3-o‘rindan joy oldi. «Borussiya» mavsum davomida urgan gollarning 1/3 qismidan ko‘prog‘ini  (75tadan 27tasi) Xoland amalga oshirdi, jamoasi «RB Leypsig»dan 1 ochkoga ortda qolgan holda mavsumni 3-o‘rinda yakunladi. Erling muxlislar tomonidan eng yaxshi o‘yinchi sifatida e’tirof etilib, Bundesliga ramziy termasidan joy oldi.

Shuningdek, YECHLning 2020/2021 yillar mavsumidagi dastlabki 4 uchrashuvda 6ta gol urdi, birorta uchrashuvni golsiz tark etmadi. Shu tariqa 12ta o‘yinda 16ta golni amalga oshirdi. Jumladan, «Sevilya» bilan bo‘lgan nimchorak finalning ikki uchrashuvida ham «dubl»ga erishdi va jamoaning 5:4 hisobidagi umumiy g‘alabasini ta’minladi. Chorak finalda «Borussiya» ikki marta «Manchester Siti»ga 1:2 hisoblarida imkoniyatni boy berdi, Erling gol urolmadi. Lekin yakunda 10ta gol bilan Mbappeni 2ta golga ortda qoldirgan holda turnirning eng yaxshi to‘purari unvoniga sazovor bo‘ldi.

Shu yilning 21 mayida Berlinda bo‘lib o‘tgan Germaniya kubogi finalidagi «dubl» bilan Erling Xolandning sermahsul mavsumi nihoyasiga yetdi: 41 uchrashuv, 41 gol!

Xullas, norvegiyalik vunderkind o‘z faoliyatida ko‘plab to‘siqlarni mohirlik bilan bartaraf etdi va futbol olamining kelajagi porloq va qimmatbaho o‘yinchilaridan biriga aylandi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 19.09.2021.
O'qildi: 2567 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.