Belgraddagi boks bo‘yicha jahon chempionatida nimchorak final bosqich janglari yakuniga yetdi. 63,5 kilo vazn toifasida Mujibillo Tursunov chorak final yo‘llanmasi uchun Xitoy Taypeyidan tashrif buyurgan Chu-En Layga qarshi ringga ko‘tarildi.
Hamyurtimiz uchun jang oson kechmadi. Ayniqsa, qo‘llari uzunroq bo‘lgan taypeylik bokschi birinchi raundda qarshi hujumda yaxshi harakat qildi va hakamlarning to‘rt nafari ustunlikni unga berishdi.
Ikkinchi bo‘limga kelib Tursunov raqib uslubiga moslashdi va raqibiga nisbatan ko‘proq zarbalar berdi. Natijada bu safar 4 nafar hakam vatandoshimizga ustunlik berdi.
Uchinchi raundda sportchilar ochiq jangga kirishishdi. Bu esa Mujibillo uchun ayni muddao edi. Yaqin masofada u raqibiga nisbatan yaxshi ishladi. Bu bo‘limda hakamlarning yana 4 nafari o‘zbek bokschisining ustunligini e’tirof etdi.
Hakamlarning yakuniy baholari — 3:2 (29:28, 29:28, 30:27, 28:29, 28:29).
Tursunov yarim final yo‘llanmasi uchun kubalik Endi Kruzga qarshi ringga ko‘tariladi.