Ole-Gunnar Sulsherning «MYU»dagi 3 yillik faoliyatiga o‘tgan yakshanba kuni nuqta qo‘yilgan edi. Norvegiyalik mutaxassis dastlab, klubga vaqtinchalikka olib kelingan. Biroq qisqa vaqt ichida jamoani o‘zgartirishni eplab, o‘z g‘oyalarini ifoda eta olgach, rahbariyat uni doimiy ishda olib qoladi. U o‘z ish davrida transferlar uchun 400 million funtdan ortiq mablag‘ sarf etadi. Xo‘sh, shuncha mablag‘ evaziga keltirilgan futbolchilarning hammasi ham hozir «Old Trafford»dami? O‘zi ular kim edi? Shu va shu kabi savollarga quyida javob olishingiz mumkin.
Natan Bishop
«MYU» 2020 yilda «Sautend Yunayted»dan xarid qilgan darvozabon. Bishop hozirga qadar biror marta asosiy jamoada o‘ynamagan bo‘lsada, uchta uchrashuvda zahira futbolchisi sifatida ko‘rsatilgan. Darvozabon bu mavsumni ijara asosida ikkinchi liga vakili bo‘lgan «Mensfild Taun»da o‘tkazmoqda.
Tom Xiton
Yana bir Ole'ning xaridlaridan biri bo‘lgan darvozabon. U ham 2020 yilning yozida jamoaga kelgan. Bugungi kunga kelib, Xiton klubning 3-tanlov darvozaboni sanaladi. Uning xizmatlariga qachonki, De Xea yoki Din Xendersonga biror korhol bo‘lsagina, ehtiyoj seziladi.
Pol MakSheyn
Ushbu futbolchi aslida «MYU» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. Biroq asosiy jamoaga qo‘shilmagan. Pol 2006 yilda «Vest Brom»ga sotib yuborilgan edi. Bugungi kunda 35 yoshni qarshi olgan futbolchi, yana «MYU»ga qaytdi va o‘ynovchi-murabbiy sifatida faoliyat yurita boshladi. U hozirgacha U-23 jamoasida 5 marta maydonga tushgan.
Fakundo Pelistri
Ushbu futbolchi Sulsherga «MYU»ning sobiq hujumchisi Diyego Forlan tomonidan tavsiya etiladi. Shundan so‘ng, u 2020 yilning oktabr oyida Uruguay klubi «Penarol»dan xarid qilinadi. Pelistri ham klub yoshlari tarkibida bir muddat harakat qildi. Bu mavsumdan esa, «Alaves»ga ijaraga berib yuborildi.
Odion Igalo
Hozirda o‘rta Sharqda bo‘lgan futbolchi, 2020 yilning yanvar oyida Xitoyning «Shanxay Shenxua» klubidan xarid qilingan edi. Sobiq «Uotford» hujumchisi o‘z ishini yaxshi bajardi va muxlislar tomonidan e’tirof etildi. U 11 marta kubok bahslarida maydonga tushib, 5ta golga mualliflik qilgan.
Donni van de Bek
2019 yildagi «Ayaks» tarkibining eng zo‘r futbolchilari qatorida bo‘lgan Van de Bek, YECHL yarim finalchisi hisoblanadi. Uni «MYU» 2020 yil avvalida 35 million evaziga xarid qilgan edi. Golland hozirga qadar umumiy 17 marta maydonga tushirilgan, xolos. Ochig‘i, unga Sulsher unchalik ham ishonmas edi.
Aleks Telles
«Portu»ning sobiq vakili. 2020 yilda 14 million evaziga olib kelingan futbolchi. Biroq Telles ham van de Bek kabi tarkibning asosiy futbolchisi emas. U o‘z imkonini kutmoqda.
Daniyel Jeyms
Sulsherning dastlabki imzolaridan biri. U 2019 yilning yozida «Svonsi»dan 15 million funtga sotib olingan edi. Uels terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Jeyms, «MYU» safidagi o‘zining dastlabki 4 ta uchrashuvida 3 ta gol urgandi. Ammo bu davomli bo‘lmadi. Shu sabab o‘tgan yozda u «Lids»ga sotib yuborildi. Jeyms uchun «MYU» 25 million olgan.
Amad Diallo
Ivoarlik yosh futbolchi. U «MYU» safida 8 marta maydonga tushgan, xolos. «Atalanta»dan 30 milliondan ortiq mablag‘ sarflab olib kelingan Amad, o‘z vaqtini jarohatlar bilan kurashish bilan o‘tkazib yubordi. 19 yoshli futbolchi yana «Atalanta»ga ijara asosida ketgan.
Eron Uan-Bissaka
Ushbu futbolchi «Kristal Pelas»da bir yil to‘liq mavsum o‘tkazdi. Keyingi mavsum, 2019 yilda esa 50 million funt evaziga «MYU»ga yo‘l oldi. Uan-Bissaka hozir ham jamoaning asosiy futbolchilaridan bir bo‘lib qolmoqda.
Jeydon Sancho
Ingliz iste’dodi. U «Borussiya Dortmund»da eng kuchli futbolchi edi. Ammo «MYU»ga kelgach, buni isbotlashga qiynalmoqda. Qisqa qilib aytganda, u hali o‘ziga sarflangan pulni oqlay olgani yo‘q.
Rafael Varan
Oxirgi yozda sotib olingan futbolchilar qatorida bo‘lgan Varan, tajribali himoyachi. U «Real»da 10 yil o‘ynab, 3 marta Ispaniya chempioni, 4 marta Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan. Varan «MYU» himoyasiga muvozanat baxsh eta olgan edi. Biroq jarohat sabab, yana zaxiraga yo‘l oldi.
Krishtianu Ronaldu
36 yoshli afsona! U o‘tgan yozda «Old Trafford»ga qaytishni amalga oshirdi. Avvaliga, «Man Siti» bilan bog‘liqlik hosil qilgan Ronaldu, baribir eski uyiga qaytdi. Bir narsa aniq, «MYU»ning keyingi menejeri kim bo‘lsa ham, endi Ronaldu bilan hisoblashishi kerak.
Edinson Kavani
Uruguaylik yirtqich. U 33 yoshli erkin agent sifatida 2021 yilning yanvar oyida jamoaga keldi. Aslida Kavani «Boka Xuniors» safiga ketishi lozim edi. Biroq Sulsher uni yoshlarga motiv hamda yordam sifatida o‘z jamoasiga jalb etdi. Edinson mavsum avvalida mankunyanliklar bilan shartnomasini uzaytirgan edi. Biroq endilikda jamoadan ketishga majbur. Chunki bu yerda unga ortiq imkon berishmasa kerak.
Harri Maguayr
Jamoa yetakchisi. Harri 2019 yilning yozgi transferlar oynasida 80 million funt evaziga «Lester»dan olib kelingan edi. U kuchli o‘yin namoyish eta oldi. Jamoadagi dastlabki ikki mavsumida jami 26 marta darvozasini golsiz saqlay oldi. Bu ko‘rsatkich ushbu davrdagi har qanday himoyachinikidan yaxshiroqdir. Shunga qaramay, oxirgi paytlarda Maguayrning o‘yinida pasayish kuzatilmoqda.
Brunu Fernandesh
Sulsherning «MYU» qilgan eng katta yaxshiligi. Ushbu futbolchi haqiqiy yetakchiga aylana oldi. 2020 yilning qishida «Sporting»dan xarid qilingan Brunu, hozirgacha fantastik o‘yin ko‘rsatib keldi. Bu davr mobaynida Fernandesh 97 marta maydonga tushirilgan bo‘lib, 44ta gol hamda 33ta assist qayd etib turibdi.
Mana do‘stlar, Ole-Gunnar Sulsherning barcha transferlarini sanab o‘tdik. Uning ishiga baho berish esa, sizning qo‘lingizda!
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi