«Liverpul»ning ispaniyalik yarim himoyachisi Tiago Alkantara jamoasining Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 5-turidan o‘rin olgan «Portu»ga qarshi o‘yini (2:0)dan oldin mersisaydliklar ustozi Yurgen Klopp bilan birga matbuot anjumanida qatnashdi va Angliya chempionati, jarohatlari, «Liverpul»ga o‘tish qarori haqida gapirdi. Aytgancha, Tiago mazkur uchrashuvda o‘ta g‘ayritabiiy va chiroyli gol muallifiga aylandi. Bu YECHLda haftaning eng chiroyli goli sifatida tanlab olinganini ham alohida e’tirof etish joiz.
Jarohatdan keyin asosiy tarkibga qaytish
- Mashg‘ulotlar paytida, avvalo, jarohat olish xavfini minimallashtirishga harakat qilamiz. Bu kundalik ishimizning bir qismi. Nafaqat o‘yinga tayyor bo‘lish, balki yaxshi formani saqlab qolish ham muhimdir. O‘ylaymanki, «Arsenal» bilan o‘yin barchamizga bu borada yordam berdi.
Chempionlar Ligasidagi g‘alabalar
- YECHLda ikki marta g‘olib chiqqansiz, deyishingiz mumkin, ammo javobim shuki, faoliyatim boshlanganiga o‘n yildan oshdi, demak, men nafaqat ikki marta g‘alaba qozonganman, balki sakkiz martadan ko‘proq mag‘lubiyatga ham uchraganman. Bu eng yaxshi jamoalar va futbolchilar o‘ynaydigan juda murakkab turnir: har bir uchrashuvda eng yaxshi o‘yiningizni ko‘rsatishingiz talab etiladi.
Angliya chempionatining kuchi
- Menimcha, har bir mamlakatning o‘ziga xos kuchli davri bo‘lgan. O‘z vaqtida ispan klublari va terma jamoasi barcha xalqaro turnirlarda g‘alaba qozongan. Hozir esa ingliz klublari muvaffaqiyat qozonmoqda, ularning davri. APL - shubhasiz, eng kuchli chempionat. Umuman olganda esa, futbol hamma joyda bir xil o‘ynaladi.
«Liverpul»dagi muvaffaqiyatsiz birinchi mavsum
- Koronavirus va jarohatlar o‘tgan mavsumni buzib tashladi, ammo keyin liga va jamoaga tezda moslashib oldim. O‘tgan mavsum og‘ir kechdi, lekin men jamoadoshlarimni yaxshiroq bilib olishga ulgurdim. Murabbiy va sheriklarimga nimani xohlashlariga qarab, turli yo‘llar bilan yordam bera olaman.
«Liverpul»ga o‘tish qarori to‘g‘rimi?
- Yuz foiz. Albatta, hech kim jarohatlarga duch kelishimni bilmasdi. Oxir-oqibat, shikastlanganingizda, o‘yinni chetdan turib tomosha qilish imkoningiz bo‘ladi, bu ham foydali bo‘lishi mumkin. Jarohatlar yoqimsiz, biroq bu ishimiz va hayotimizning bir qismidir. «Liverpul»ga o‘tib, o‘zimning qulay zonamdan chiqib, yangi tajribalarni sinab ko‘rmoqchi edim. Yurgen qo‘l ostida o‘ynashni xohlardim. Futbolda siz doimo yangi narsalarni o‘rganasiz, shunday ekan, nega endi yangi tajribalardan voz kechishingiz kerak?
M.PO‘LATOV tayyorladi