Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/06 19:30 Bunyodkor 0-3 Neftchi
02/06 00:00 Borussiya D 0-2 Real Madrid
02/06 21:00 Atalanta - Fiorentina

Ular kelasi yili “Real Madrid”ni tark etishi mumkin

Ular kelasi yili “Real Madrid”ni tark etishi mumkin

Baho:
+ | -

 

"Real Madrid" kelasi transfer oynasida deyarli futbolchi xarid qilmasa kerak. "Qaymoqranglilar" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yaqinda klub yanvarda hech kim bilan shartnoma imzolamasligini aytdi. Shu bilan birga, mutaxassis yaqin kelajakda ba’zi futbolchilar Ispaniya poytaxtini tark etishi mumkinligini aytib o‘tdi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, stadion.uz 2022 yilda “Blankos”ni kim tark etishi mumkinligi haqida so‘z yuritadi.

Andrey Lunin

Madridning “Real” klubi Luninni 2018 yilning yozida “Zarya”dan 8,5 million yevroga sotib olgandi. O‘shandan beri 22 yoshli ukrainalik Ispaniya kubogida "qaymoqranglilar" uchun bor yo‘g‘i 1 o‘yin o‘tkazgan. Darvozabon "Leganes", "Valyadolid" va "Ovedo" klublarida ijara asosida to‘p tepgan, ammo "Qirollik klubi"da unga hamon o‘zini ko‘rsatishga imkon berilmayapti. Anchelotti omma oldida yosh darvozabonga o‘yin amaliyotini va’da qilgan, ammo bu mavsumda uni birorta o‘yinda mydonga tushirmagan. Lunin «Real»ni tark etmoqchi, degan mish-mishlar tobora ko‘payib bormoqda. Ushbu mish-mishlarda bir tomondan haqiqat bor. Futbolchi Tibo Kurtuaga qarshi raqobatda g‘alaba qozonishi imkonsizdek ko‘rinmoqda, shuning uchun, u boshqa variantlarni izlash kerak. Ispaniyada futbolchini Madriddan olib ketishga tayyor klublar bor.

Xesus Valyexo

Valyexoning holati Luninniki bilan deyarli bir xil. Joriy mavsumda 24 yoshli markaziy himoyachi barcha turnirlarda jami 10 daqiqa maydonda harakatlangan. Hali qisqa bo‘lgan faoliyati davomida ispaniyalik futbolchi allaqachon Frankfurtning "Ayntraxt", "Vulverxempton" va "Granada" klublarida ijara asosida o‘ynagan. Futbolchi hamma joyda yaxshi o‘yinlar o‘tkazgan, ammo Madridda hozircha ahvol u uchun yaxshi emas. Yozda yoki yanvarda ispaniyalik futbolchi "qirollik klubi"ni tark etishi mumkin. «Qaymoqranglilar» yangi himoyachi izlayotgani uchun futbolchini o‘zlari sotishni rejalashtirayotgan bo‘lsa ajab emas.

Marselo

 Marseloning "Real"dagi davri nihoyasiga yetmoqda. Braziliyalik futbolchi 2007 yilning yanvaridan beri "Qirollik klubi"da o‘ynab kelmoqda va hozirda Madridda hurmatli insonga aylangan. Ammo oxirgi paytlarda futbolchining o‘yinida pasayish sezildi. Joriy mavsumda 33 yoshli himoyachi La Ligada atigi 3 ta va Chempionlar ligasida 2 ta to‘liqsiz o‘yin o‘tkazdi. U Ispaniya chempionatining so‘nggi to‘rtta o‘yinida umuman maydonga tushmadi.  Himoyachining “Blankos” bilan shartnomasi mavsum oxirigacha amal qiladi. Shartnoma uzaytirilmasligiga shubha yo‘q. Bitta savol qolmoqda. Braziliyalik qachon ketarkin yozda yoki qishda?

Dani Sebalyos

Sebalyos Ispaniya terma jamoasida olgan jarohati tufayli bu mavsumda hali "Real"da o‘yin o‘tkazmadi. Ammo Dani sog‘lom bo‘lsa ham, maydonga u qadar ko‘p tushmasa kerak. "Qirollik klubi"da yarim himoyachilar yetarli. Bundan tashqari, o‘tgan yozda «qaymoqranglilar» Eduardo Kamavingani ham «Renn»dan 31 million yevro evaziga sotib olgandi. Sebalyos "Arsenal"da 2 yil ijarada o‘tkazdi va agar xohlasa, u yerda qolishi mumkin edi, ammo Madridga qaytishga qaror qildi. Ispaniyalik futbolchi "Real Madrid"da o‘zi uchun hech narsa yo‘qligini tezda angladi va bir muncha vaqt o‘tgach, u eski klubi hisoblangan "Betis"ga qaytishi mumkinligi haqida gapira boshladi. "Roma" ham futbolchini sotib olishi mumkin.

Isko

Iskoning "Real"ni tark etishi haqidagi gap-so‘zlar anchadan beri davom etmoqda. Futbolchining o‘zi ham o‘yin vaqtining ozligidan qayta-qayta shikoyat qilgan. Shunga qaramay, ispaniyalik futbolchi "qirollik klubi"da qolmoqda. "Qaymoqranglilar" kreativ hujumkor yarim himoyachidan foydalanishi mumkin, ammo Anchelotti uni o‘z rejalariga kiritmaganga o‘xshaydi. Futbolchining «Galaktikos» bilan shartnomasi joriy mavsum oxirigacha tuzilgan. Shu sababli Iskoning ketish ehtimoli ancha yuqori.  Isko balki o‘yin uslubi mos jamoa tarkibiga borib qo‘shilar. Misol uchun, “Barselona”ga.

Luka Yovich

2018/19-yilgi mavsumda Yovich Bundesligada Frankfurtning “Ayntraxt” klubi safida 17 ta gol urdi. Shundan so‘ng darhol, 2019 yilning yozida "Real Madrid" futbolchini "burgutlar"dan 63 million yevroga sotib oldi. Madridda serbiyalikdan umidlar katta edi, biroq umidlar puch chiqdi. Zinedin Zidan qo‘l ostida forvard juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Yovich ijara asosida sayohat qilgan “Ayntraxt”dan qaytgach, o‘zining avvalgi darajasida o‘yin ko‘rsata olmadi. La Liganing joriy mavsumida Anchelotti qo‘l ostida 23 yoshli hujumchi atigi 71 daqiqa maydonda o‘tkazdi. Avvalroq, serb "Real"da o‘z o‘rnini egallash borasida qat’iy niyati borligini malum qilgandi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, forvard allaqachon "Qirollik klubi"ni tark etish haqida o‘ylamoqda. Futbolchining “qaymoqranglilar” bilan shartnomasi 2025-yilning iyuniga qadar tuzilgan, biroq uning Madridda buncha muddat qolishi dargumon.

Mariano Dias

Mariano "Real"da 2011 yildan buyon to‘p suradi. Biroq asosiy tarkibda Dias o‘z o‘rnini topa olmagan olmagan. 2017 yilning yozida hujumchi 8 million evro evaziga «Lion»ga o‘tgandi. Dominikanlik futbolchi Liga 1da 18 ta gol urib, ajoyib mavsum o‘tkazdi. Shundan so‘ng darhol “qaymoqranglilar” futbolchini 21,5 millionga qaytarib sotib oldi. O‘shandan beri 3 yil o‘tdi, bu vaqt ichida Mariano "Qirollik klubi" safida atigi 5 ta gol urdi. 28 yoshli hujumchining “Real”dagi kelajagi so‘roq ostida. Dias ba’zan maydonda yaxshi harakat qiladi. Lekin “qirollik klubi” unga ishonch bildirishi qiyin.

  Mirjalol Pardaboyev tarjimasi

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 19:02, 10.12.2021.
O'qildi: 4229 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.