O‘zbekiston Superligasida 22-tur bahslari davom ettirildi.
19 sentyabr kuni tur doirasida yana ikkita uchrashuv o‘tkazildi. G‘uzorda "Mash’al" "Paxtakor"ni qabul qildi va 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Toshkentda esa "Bunyodkor" "Buxoro" ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Bundan avval 22-turning ilk uchrashuvida "Navbahor" Samarqandning "Dinamo" jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Ushbu natijalardan so‘ng "Paxtakor" 22 ta o‘yinda 49 ochko to‘plab, turnir jadvali peshqadamligini qo‘lga oldi. Bir o‘yin kam o‘tkazgan "Neftchi" 48 ochko bilan ikkinchi, "Navbahor" esa 44 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
"Bunyodkor" "Buxoro" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin 22 ochko bilan 13-pog‘onaga ko‘tarildi. "Buxoro" 34 ochko bilan 5-o‘rinda qoldi. "Mash’al" esa 4 ochko bilan so‘nggi, 16-pog‘onada joylashgan.
22-tur 20 sentyabr kuni "Andijon" — "Nasaf", "Surxon" — "Qo‘qon-1912", "So‘g‘diyona" — OKMK va "Lokomotiv" — "Neftchi" uchrashuvlari bilan davom etadi.
Turga 21 sentyabr kuni "Xorazm" — "Qizilqum" bahsi yakun yasaydi.















