"PSJ" hujumchisi Kilian Mbappening ukasi Itan Mbappa haqida qisqacha hikoya qilamiz
dekabr oyining ikkinchi haftasi Fransiyada boshqa narsalar qatori ushbu mamlakat yoshlar terma jamoasining 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi joriy yilgi so‘nggi mashg‘ulotlari bilan yakuniga yetdi. Klerfonteyndagi elita yoshlar akademiyasi maydonlarida Jan-Lyuk Vannuka boshchiligida 35 nafar o‘smir yig‘ildi, ammo jurnalistlar va mutaxassislar e’tibori ro‘yxatdagi bir futbolchiga qaratilgan edi. Yo‘q, gap “PSJ” va Fransiya terma jamoasining yetakchi hujumchisi Kilian Mbappe haqida ketayotgani yo‘q, u yoshlarga maslahat berish uchun o‘quv bazasiga tashrif buyurganicha yo‘q. Uning ukasi, 14 yoshli Itan Mbappe haqida gap ketyapti, u birinchi marta katta futbolchilar bilan birga mashg‘ulotlarga chaqirildi.
Yosh Itan shu yozda Parijning U-17 jamoasida o‘ynay boshladi. Bungacha Mbappe Junior Parij klubining bolalar maktabida tahsil olgan. Biroq, Kiliandan farqli o‘laroq, Itan butunlay boshqacha profilga ega futbolchi. Kichik Mbappe hujumda o‘ynashga va gol urishga unchalik ham intilavermaydi. Unga ko‘proq dispetcherlik yoqadi. Ya’ni maydon markazida to‘pni qabul qilib, sheriklari uchun vaziyat yaratishga urinadi.
Bevosita Itan bilan ishlagan odamlarning fikr-mulohazalariga asoslanib, bu 14 yoshli futbolchining futbolga nisbatan ancha kuchli qarashlari bor. Hattoki, uni to‘p bilan ishlash tezligiga emas, balki qabul qilinadigan qarorlar sifatiga e’tibor qaratgan o‘tmishdagi pleymeykerlar bilan solishtirishadi. Itan chapaqay futbolchi, bu ham uni o‘ziga xos qiladi, chunki ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, chap oyoqda o‘ynaydigan futbolchilar ko‘proq ijodkor va kreativ bo‘lishadi.
Kiliandan farqli o‘laroq, Itan Mbappe hozirgi yoshida to‘pga egalik qilishga haddan tashqari intiladi. U driblingning turli usullarini qo‘llagan holda u bilan shug‘ullanishni juda yaxshi ko‘radi va akasi unga Itaninyo, deb laqab ham qo‘ygan.
Qizig‘i shundaki, Itan o‘zining yulduz akasi bilan juda jiddiy munosabatda. Ular birgalikda ko‘p vaqt o‘tkazishadi va har doim raqobatlashishga harakat qilishadi. Aytishlaricha, kichigi PlayStationda futbol o‘yinlarini akasidan yaxshi o‘ynaydi. Oxirgi omil Kilian Mbappening afsonaviy gol nishonlashida katta rol o‘ynadi. Xususan, forvard 2016/17 yilgi mavsumda “Monako” safida Chempionlar ligasi chorak finalida Dortmundning “Borussiya”siga gol urganida, qo‘llarini bukib golni nishonladi, bu keyinchalik Kilianning o‘ziga xos uslubiga aylandi. Ko‘pchilik bu golni nishonlash usulini qayerdan paydo bo‘lganini bilmasa kerak. Gap shundaki, Itan Mbappe bu harakat videoo‘yin paytida gol ursa takrorlaydi. Demak, Kilian bu usulni ukasidan o‘rgangan
Itan Mbappe Fransiya U-16 terma jamoasiga mashg‘ulotlarga chaqirilganiga qaramay, yosh yarim himoyachining hozircha bu mamlakat yoshlar terma jamoasi safida o‘yinlarda ishtirok etganicha yo‘q. Itanning otasi kamerunlik, onasi esa jazoirlik. Shunday ekan, kelajakda Itan qaysi terma jamoada o‘ynashni o‘zi hal qilishi mumkin. Albatta, Fransiya kichik Mbappe uchun eng oliy orzu, ammo buning uchun bir paytlar Kilian uddalaganidek, “uch ranglilar” eshigini baland ovozda va dadil taqillatish uchun o‘z salohiyatini va iqtidorini ertaroq ochib berishi kerak.
Itan Mbappe 2017 yilda 11 yoshida Parij klubiga o‘tgan edi. Uning Fransiya poytaxtiga o‘tishi Kilianning u yerga ko‘chib o‘tishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi, ammo Itan haqida ko‘pchilik gapirmadi. Hammaning e’tibori Kilianga qaratilgan edi.
Joriy yilning 25 iyun kuni "PSJ" akademiyasi rahbariyati Itan Mbappe kelajakda juda istiqbolli yarim himoyachiga aylanishi mumkin deb hisobladi va shu sababli u bilan 2024 yilning o‘rtalariga qadar amal qiladigan shartnoma tuzdi. Ammo, hozir yosh iqtidor Parijdagi bu davrni oxirigacha o‘tkaza oladimi, degan savol tug‘iladi, ayniqsa uning akasining parijliklar bilan shartnomasi 2022 yilning yozida yakuniga yetishini hisobga olsak. Kilian "Real Madrid"ga o‘tish umidida Fransiyada qolishni istamaydi, lekin uning ukasi Itan yosh parijliklar safida o‘ynashda davom etadimi yoki u ham Pireneyga ketishni xohlaydimi?
Bir-ikki yildan keyin futbol olami bir emas, ikkita Mbappega qarsak chalishni boshlashi mumkin. Kilian haqiqatan ham ukasining futbolda o‘zidan kam bo‘lmagan jiddiy cho‘qqilarni zabt etishini xohlaydi.