Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Jarlik yoqasidan qaytgan afsona

Jarlik yoqasidan qaytgan afsona

Baho:
+ | -

«Liverpul»ning 71 futbolchisi Divok Origidan ko‘proq gol urishgan. Belgiyalik hujumchi klubning barcha davrlardagi to‘purarlari ro‘yxatida ancha pastda. 166 o‘yindagi 39ta golni o‘ta yuqori ko‘rsatkich deyolmaymiz. 7 mavsumdan buyon davom etayotgan «Enfild»dagi faoliyat turli o‘nqir-cho‘n-qirlardan xoli bo‘lmadi, albatta. Lekin hamma ham klub tarixida erishilgan bunday maqom va e’tiroflar bilan maqtana olmaydi. Quyidagi maqola orqali Origining gollariga emas, uning ishtirokidagi yorqin onlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

«Divok Origi - afsona, - degandi Yurgen Klopp. - Umid qilamanki, u haqda kitoblar yozishadi. Aks holda, buni o‘zim amalga oshiraman». Origining «Liverpul»dagi faoliyati yakunlangandek tuyulgan pallada, u mazkur «asar»ning yangi bobini yaratadi. Endi poygada yutqazdi, deb o‘ylaganingizda, bunga ters o‘laroq, «bak»ida yoqilg‘i yetarli ekanligini namoyish etadi. «Maydonga tush va Divokligingni ko‘rsat», - Klopp «Molinya» bilan o‘yinning 68-daqiqasida uni Jordan Xendersonning o‘rniga maydonga tushirayotganda, shogirdiga shunday ko‘rsatma berdi. Bu o‘sha jasoratli zaxira almashishi edi. Origi «Liverpul» hujumiga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. To‘p bilan oqilona muomala qilib, aqlli o‘yin ko‘rsatdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda zerikarli tuyulgan bahsga joziba bag‘ishladi.

Muhammad Saloh Virjil van Deykning pasidan so‘ng to‘pni qabul qilib, uni Origiga yetkazdi, hujumchi esa chaqqon harakatlar evaziga darvozani ishg‘ol qildi. Golni o‘zgacha tarzda nishonlaganini tushunish mumkin: «Liverpul» zaxira o‘rindig‘idan 100-marta maydonga tushib, to‘p kiritgandi. Ushbu qo‘shimcha ikki ochkoning qadri may oyida aniq bo‘ladi, ammo mazkur g‘alaba «Liverpul»ning ikki yil avvalgi chempionlik mavsumida «Villa Park»da namoyish etgan dramatik muvaffaqiyatini esga soldi.

Mavsum-2020/2021da Liga kubogi doirasidagi «Linkoln Siti»ga qarshi o‘yinda (7:2) yettinchi gol muallifiga aylangan Origi o‘tgan yozda sotib yuborilishi mumkin edi. Ammo «Liverpul» hujumchi uchun so‘ragan 15 mln. funtni to‘laydigani topilmadi. Divok butun mavsum davomida bor-yo‘g‘i 181 daqiqa o‘ynab, Belgiya termasining Yevropa chempionati uchun zaxira ro‘yxatiga ham kiritilmadi. Uning «Liverpul»da qolishiga sabab - tuzukroq taklif tushmadi.

«Agar boshqa klubda bo‘lganimda, uni sotib olardim. Uning transferi amalga oshishiga shubha qilmagandim, chunki Divok yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgandi, - dedi Klopp. - Odamlar «Liverpul» safida o‘ynamayotganlar yaxshi futbolchi bo‘lolmaydi, deb o‘ylashlariga ishongim kelmaydi. Bu jamoa qudratli, agar siz klubimizda 12, 13 yoki 14-o‘yinchi bo‘lsangiz, demak shunday qudratga egasiz - Div haqida xuddi shunday fikr bildirishim mumkin. Uning hamon safimizda ekanidan xursandman. Bunday bo‘lishini kutmagandim. Origi - top darajadagi hujumchi, ajoyib yigit. U anchadan buyon «Liverpul»da. Navqironlik paytida jamoa safiga qo‘shilib, klub tarixidagi eng muhim gollarning bir nechtasiga mualliflik qildi».

Divok chindan ham ko‘plab yorqin lahzalar ishtirokchisiga aylangan. 6 yil avval «Lill»dan 10 mln. funtga sotib olingach, Liga kubogidan o‘rin olgan «Sautgemp-ton»ga qarshi bahsda «xet-trik» bilan boshlagan. «Enfild»dagi debyut mavsumida esa «Vest Bromvich Albion»ga qarshi bahsning 96-daqiqasida hisobni tenglashtiruvchi gol muallifi bo‘lgandi.

Origi Yevropa Ligasi chorak finali doirasidagi Dortmund «Borussiya»siga qarshi kechgan har ikki o‘yinda hal qiluvchi gollarni urdi. Keyinchalik «Everton» a’zosi Ramiro Funes Mori tomonidan yetkazilgan jarohat qahramonimizning o‘sish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Avvalgi formasiga qaytishga qiynalgan futbolchi 2017/2018 yillar mavsumida «Volfsburg»ga ijaraga berib yuborildi.

2018 yilning yozida «bo‘rilar» uni sotib olish uchun 22 mln. tayyorligini bildirgan bo‘lsalarda, futbolchi «qizillar» safida qolib, o‘z o‘rni uchun kurashmoqchiligini bildirdi. 2018/2019 yillar mavsumining birinchi yarmida u dramatik tarzda o‘z taqdirini o‘zgartirdi: «Everton» bilan o‘yinning 96-daqiqasida Jordan Pikfordning qo‘pol xatosidan so‘ng darvozani ishg‘ol qildi. Bu uning uchun Prem-er-ligada 19 oylik tanaffusdan keyingi ilk gol edi.

Keyinchalik Divok Nyukasl-da ham so‘nggi daqiqalarda boshi yordamida to‘p kiritib, chempionlik poygasining so‘ng­gi kungacha cho‘zilishiga hissa qo‘shdi. So‘ngra Chempionlar Ligasi yarim finalidan o‘rin olgan «Barselona»ga qarshi bahsda «dubl» rasmiylashtirdi. Ushbu qarama-qarshilik taqdiri Trent Aleksandr-Arnoldning «Kop» tribunasi yaqinidagi burchakdan to‘pni tezkor ravishda Origiga yetkazib berishi va belgiyalik forvardning goli evaziga hal bo‘ldi.

2019 yili «Tottenxem»ga qarshi bahsda Divok zaxiradan tushib, o‘z goli bilan Chempionlar Ligasi finali taqdiriga oydinlik kiritdi. «Liverpul»ning Madriddagi bannerlaridan biriga shunday so‘zlar yozilgandi: «Lionel Messi Divok Origining pijamasini kiyib yuribdi». «Qizillar» unga yangi shartnoma taklif qilishdi, «Roma», «Sevilya» va Leverkuzenning «Bayer»idan bo‘lgan qiziqishlar rad etildi.

Ispaniya poytaxtidagi o‘sha o‘zgacha oqshom o‘ziga ishonchi yetishmasligidan aziyat chekayotgan futbolchining faoliyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazishi kutilgandi, biroq Origi o‘shandan buyon o‘tgan ikki yarim yil ichida Premyer-ligada atigi 6ta gol urdi. Mavsum-2019/2020da asosan natija kerak paytda zaxiradan tushirilgan «joker» o‘tgan mavsum Diogu Jota kelgach, jamoadagi ahamiyati pasayganligini anglab yetdi. 4 dekabr kungi «Vulverxempton» bilan bahsda Jota tushunarsiz holatda darvozani ishg‘ol qila olmagach, aynan Divok o‘z goli bilan portugaliyalik sherigini sharmandalikdan saqlab qolgandi.

«Vaqti kelib, nabiralarimni Divok Origining haykalini ziyorat qilishga olib boraman. Bu qanday inson-a!» - deb yozdi Endi Robertson «Tvitter»dagi sahifasida. Origining «Liverpul»dagi 39ta golidan 11tasi zaxira o‘rindig‘idan maydonga tushganidan so‘ng amalga oshirilgan. Xuddi shuncha gol 83-daqiqadan keyin urilgan. Xenderson Divokning so‘nggi qahramonlik harakatlariga ta’rif berayotganda, «Origi vaqti» deb atagani bejiz emas.

Ostendda tug‘ilgan hujumchi joriy mavsum barcha musobaqalarda bor-yo‘g‘i 313 daqiqa o‘ynadi, ammo hozirning o‘zida to‘rtta gol va ikkita assist bilan maqtanishi mumkin. Garchi muntazam ravishda maydonga tushishni juda xohlasada, Liverpulni tark etishi mumkinligini tushunib turadi, chunki faoliya-tida pasayish kuzatilayotganidan xabardor.

«Uni maydonga tez-tez tushiradigan murabbiyga ro‘baro‘ bo‘lishin chin dildan xohlayman, - deydi Klopp. - Bu yigitni yaxshi ko‘raman, chunki unda yuqori ko‘nikmalar bor. U hayotim davomida ko‘rgan hujumchilar orasida finishni qoyillatadiganlardan biridir».

Origi yaqin orada hech qayerga ketmaydi. Saloh va Mane Afrika millatlar kubogida qatnashish uchun ketishganida, uning xizmatlari Kloppga asqotishi shubhasiz. Bir so‘z bilan aytganda, Origi yana jarlik yoqasidan qaytishga erishdi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:32, 21.12.2021.
O'qildi: 2874 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.