Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Barselona»dan ko‘ra Angliya 9-divizioni klubini tanlagan Ansu Fatining akasi haqida

«Barselona»dan ko‘ra Angliya 9-divizioni klubini tanlagan Ansu Fatining akasi haqida

Baho:
+1 | -

2021 yili 19 yoshli Ansu Fati «Barselona» yetakchisiga aylandi va endilikda Messining o‘rnini bilintirmaslikka intilmoqda. Yaqinda u bilan shartnoma imzolandi, 1 milliard yevroga yaqin tovon puli belgilandi. Kataloniya klubi bilan amalga oshirilgan kelishuvning muhim qismi - Ansuning 23 yoshli akasi Braima Fatiga joyni kafolatlar edi. Biroq Braima bu imtiyozdan voz kechdi. U Angliya 9-divizionida qatnashayotgan «Bigglsueyd» jamoasida to‘p surishni tanladi. Quyidagi maqola shu haqda...

Katta Fati Angliyada to‘p surish orzusi sabab qiyin qarorlarni chiqarishga majbur bo‘ldi: qizini Ispaniyadagi qallig‘i yonida qoldirdi. Hammasi uy-joy tufayli: Braima shahar chetidagi mo‘’jazgina kvartirada ijarada yashaydi, ingliz tilini o‘rganish uchun Kembridjga elektrichkada qatnaydi. «Bigglsueyd»da deyarli maosh to‘lashmaydi - avvalgi faoliyatida to‘plagan pullariga kun kechiradi.

«Men oddiy yigitman, - dedi katta Fati Daily Mail nashriga bergan intervyusida. - Bilaman, bunday tajriba hayotimda ko‘p narsani o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ertaga oilam eng yaxshi insonga qarashi uchun bugun nimanidir qurbon qilishni ma’qul ko‘raman. Bu muhim - men uchun oila qadrini tushunish osonroq. Ammo hozir eng ko‘p orzu qiladigan narsam - Kembridjga elektrichkadan ko‘ra arzonroqqa tushadigan mashina».

Braima kamtarona «Bigglsueyd» safiga oilaviy advokati sabab qo‘shilgan: u jamoa haqida muntazam gapirgan, bir safar esa kafeda ispaniyalik jurnalist Gilyem Balage bilan uchrashib qolgan. Shunchaki, advokati bilan salomlashgani  kirgan Katta Fati oxir-oqibat Balage bilan bir necha soat suhbat qurdi. Braimaga loyiha yoqib qoldi va Gilyemdan imkon qadar tezroq klubga joylashtirib qo‘yishini so‘radi - hattoki, tekinga bo‘lsa ham.

«Bu yerga Gilyemning yordami tufayli keldim. Bu muhim qaror edi. Meni hamma qo‘llab-quvvatladi: yuristlardan tortib, oila a’zolarimgacha. Bu hayotimning yangi bosqichi. Tumanli o‘lkaga futbol o‘ynash uchun kelmaganman. Angliyaga tashrifimdan maqsad - millionlar o‘yinisiz nima bilan shug‘ullanishni aniqlab olish. O‘zim ovqat tayyorlayman, ingliz tilidagi seriallarni tomosha qilaman. Tez orada bu tilda gaplashishni rejalashtiryapman - busiz uyga qaytmoqchi emasman», - dedi Fati shartnoma imzolanganidan so‘ng.

Angliyada kamtarona kun kechirish nega Braimaga yoqib qoldi? Shunchaki, u «Bigglsueyd»ning - angliyalik havaskorlar orasidagi eng yoqimli va o‘zgacha loyihaning bir qismiga aylandi.

2014 yili Gilyem Balage tasodifan jamoa egasining maktubiga duch kelib, uning sport direktori bo‘lishga rozilik bergandi. Bu ko‘p jihatdan ko‘ngilchog‘likka o‘xshardi - dastavval Balage ushbu loyiha bilan shug‘ullanishga jiddiy qaramagandi. Ammo aynan shundan so‘ng 15 ming aholiga ega shaharchada haqiqiy «portlash» sodir bo‘ldi. Hozirning o‘zida «Bigglsueyd» «Tvitter»dagi eng mashhur noprofessional klublardan biri hisoblanadi, shuningdek, Ispaniyada ham ancha mashhurdir. Barchasiga Balage sababchi.

U yulduzli mehmon bilan uyushtirilgan har bir intervyudan keyin undan sevimli jamoasi libosiga dastxat qo‘yib berishni so‘raydi. Maradona, Messi. Ronaldu va Aguero kabilar Gilyemning taniqli mehmonlaridandir. Ularning ayrimlari haqida jurnalist butun boshli kitob ham yozgan. «Biz muntazam ravishda mahalliy kichik gazetalar muqovasidan o‘rin olamiz, - degandi Balage VVSga bergan intervyusida. - Ammo vaqt o‘tgani sayin tushundikki, faqat shu bilangina cheklanib qolmoqchi emasmiz. «Bigglsueyd»dagilar o‘z muxlislarini yaxshi ko‘rishadi, bu yerda Angliyadagi eng shinam loyihani amalga oshirishni orzu qilishadi. Ushbu yulduzlar - odamlar e’tiborini o‘zimizga qaratish bo‘yicha yaxshigina, ammo oddiy reklamadir. Biz 9-divizionda qatnashamiz - «Bigglsueyd» yangi muxlislarni boshqacha tarzda jalb etolmaydi. Biz hozir o‘zgarishni, odamlarga yaqinroq bo‘lishni, ularga yordam berishni xohlaymiz».

Balage rivojlanishning yangi rejasi sifatida bolalarni tanladi. Gilyemning tashrifidan to‘rt yil o‘tib, shaharchada U-8 va U-13 jamoalariga ega bolalar akademiyasi barpo etildi. Uning qurilishi uchun mahalliy aholidan ham pul yig‘ildi. Balage ota-onalarni ham nazardan chetda qoldirmadi - shaharda kichik klub bari bor. «Bigglsueyd» futbolchilari har bir o‘yinga barcha xohlovchi bolalarni olishadi. Futbolchi bilan maydonga chiqish sharti oson - chipta sotib olish payti kassaga bu borada murojaat etish kifoya. Ba’zan xohlovchi bolakaylar shunchalik ko‘payib ketadiki, bir futbolchi maydonga ikki nafar kichkintoy bilan tushishiga to‘g‘ri keladi.

Keyinchalik Bigglsueoyd»da ayollar jamoasiga ham asos solindi. Xayriya ishlariga hamma jalb etilgan - bayram kunlari futbolchilar o‘zlari uyma-uy yurib, xayriya pullarini yig‘ishtirishadi. Fanatlar ko‘p emas - ammo Balage stadionda ular uchun ajratilgan tamaddixonaga homiylik qiladi. Bu uning shaxsiy tashabbusi. Aynan Balage har hafta muxlislar uchun uchrashuvlar tashkil etadi. «Biggl-sueyd» palatkasi shahar bozorida joylashgan - istagan odam u yerda sevimli jamoasi bo‘yicha savol berib, unga javob olishi mumkin.

«Bigglsueyd» ancha faol: nafaqat akademiya, balki shifoxona uchun ham xayriya pullarini yig‘adi. Shuningdek, stadionda mamlakatning eng rahmdil shaxslaridan biri - «MYU» hujumchisi Markus Reshfordning portretini ham chizishgan. Yaqinda «Bigglsueyd» nihoyat, mamlakatning yirik nashrlaridan biri - The Sun sahifalaridan joy oldi. Hammasiga o‘sha katta Fati bilan bog‘liq voqea sabab bo‘ldi. Uning yordamida jamoaning «Tvitter»dagi sahifasi bir necha minglab obunachilarga boyidi. Balage va’da berdi - bir kuni bu yerga kichik Fati ham keladi. U akasining nimalar bilan shug‘ullanayotganini ko‘rishni istamoqda.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 16:12, 11.01.2022.
O'qildi: 3879 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.