Kirish Ro'yxatdan o'tish
11/01 00:45 Lasio - Komo
11/01 01:00 Rayo Valyekano - Selta
11/01 18:00 Alaves - Jirona
11/01 19:00 Empoli - Lechche
11/01 19:00 Udineze - Atalanta
11/01 20:15 Valyadolid - Betis
11/01 22:00 Torino - Yuventus
11/01 22:30 Espanyol - Leganes

Fabio Aurelio: «Men uchun eng yaxshisi - Jerrard!»

Fabio Aurelio: «Men uchun eng yaxshisi - Jerrard!»

Baho:
+ | -

«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Fabio Aurelio FourFourTwo nashriga bergan intervyusida Angliyadagi faoliyatini esladi, shuningdek, Bellamining jazavasi va Rafa Benites bilan ishlagan davri haqida gapirib berdi.

- 2000 yilgi Olimpiadada Braziliya terma jamoasida Ronaldinyo bilan birga o‘ynagansiz. U haqda nima deya olasiz?

- Bu g‘ayrioddiy narsa edi - u to‘p bilan xohlaganini qila olardi. Men unikidek sof iste’dodni ko‘rmaganman. Braziliya terma jamoasida Ronaldinyo bilan birga o‘ynagan davrim shunchaki ajo-yib edi. Afsuski, yakunda oltin medallarni qo‘lga kiritgan Kamerunga yutqazib qo‘ygandik. Tarkibimiz juda kuchli bo‘lgan va biz yaxshiroq harakat qilishimiz lozim edi.

- 2000 yilda «Valensiya»ga o‘tib, u yerda 6 yil faoliyat yuritdingiz. Rafael Benites nimaning hisobiga bunchalik muvaffaqiyat qozondi?

- Men Rafadan oldin borgandim. O‘shanda Ektor Kuper hamon murabbiy edi va biz Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishga yaqin kelgandik - 2001 yilgi finalda «Bava-riya»ga faqatgina penaltilar seriyasida yutqazgandik. Keyin «Tenerife»dagi ishini a’lo darajada bajargan Rafani taklif qilishdi. U bir necha sabablarga ko‘ra «Valensiya» uchun mukammal nomzod edi. Benites o‘ta aqlli mutaxassis, odamlar bilan to‘g‘ri munosabatda bo‘ldi. Tarkibimizda superyulduz yo‘q edi, lekin Rafaga sodiq uyushqoq kollektiv shakllangandi. Birinchi mavsumda 31 yil kutilgan La Liga g‘olibligini tantana qildik. Ikki mavsumdan so‘ng yana chempionlik va UYEFA kubogini qo‘lga kiritdik. Xullas, «Valensiya»dagi faoliyatim haqida ajoyib xotiralar qolgan.

- 2000/2001 yilgi mavsum YECHL yarim finalida «Lids» ustidan qozonilgan g‘alabani eslaysizmi?

- Albatta. Ikkinchi o‘yin mening YECHLdagi debyutim bo‘ldi! Yosh edim va yarim finalda debyut qilish oson emasdi. Juda xavotirlanganman, shuning barobarida yaxshi taassurot qoldirish kerakligini ham tushunib turardim. Bu klub uchun muhim o‘yin bo‘ldi, o‘z navbatida, menda asosiy o‘yinchiga aylana olishimni isbotlash uchun ham yaxshigina imkoniyat tug‘ilgandi. Xayriyatki, biz o‘z uyimizda ajoyib o‘yin o‘tkazdik va 3:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdik. Bu men uchun mukammal debyut bo‘ldi.

- 2006 yilda «Liverpul»ga qanday o‘tib qolgansiz? Benites yoniga qaytganingizdan xursand bo‘lgandirsiz?

- Yettinchi osmonda edim. U ketganidan keyin «Valensiya»da yana uch yil qoldim, shuning uchun Rafa menga qo‘ng‘iroq qilganida, bundan ajablangandim. Premyer-liga tobora kattalashib borardi, men esa Angliyada o‘ynashni orzu qilardim, chunki u yerning madaniyatiga qoyil qolgandim. Bu unutilmas tajriba bo‘ldi.

- Stiven Jerrard bilan o‘ynash sizga yoqdimi?

- Faoliyatimda birga ishlagan eng yaxshi futbolchilarni tanlashni so‘rashganda, shubhasiz, birinchi o‘rinda Jerrard turadi. Nafaqat maydondagi iqtidori, balki inson sifatida ham. U har doim «Liverpul»da hamma uchun o‘rnak bo‘lgan. Yetakchilik unga o‘z-o‘zidan keladi, chunki u namuna ko‘rsatadi. Stivi kabi iqtidorli va muhim o‘yinchining eng yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun har kuni astoydil harakat qilayotganini ko‘rib turib, bu yigitni qanday qilib hurmat qilmaslik mumkin? U afsonaviy va ayni paytda juda kamtar inson. Men Jerrardning futbolchilik fazilatlariga muxlislik qilardim. Uning darajasi yuqori, hamma ibrat olsa arzigulik shaxs.

- «Liverpul» safidagi ilk uchrashuvlaringizning birida «Everton»ga 0:3 hisobida yutqazgansizlar. O‘shanda hissiyotlar qanday bo‘lgandi?

- Qo‘rqinchli. Mersisayd derbisi ikkala jamoa uchun ham, shaharning o‘zi uchun ham o‘ta muhim sanaladi. Raqobat juda kuchli va «Everton»­ga 0:3 hisobida yutqazish yoqimli bo‘lishi mumkin emas - bu tuyg‘uni tasvirlash qiyin. Biz favorit bo‘lishimiz kerak edi, lekin o‘sha kuni yaxshi o‘ynay olmadik. Kiyinish xonamizdagi umidsiz chehralarni kechagidek yaxshi eslayman.

- Piter Krauch nafaqaga chiqqanidan keyin ham Britaniya futbolida katta shaxs bo‘lib qolmoqda. U qanday futbolchi edi?

- Piter kulgili yigit. Vaqti-vaqti bilan uning podkast-larini tinglab turaman, muntazam amalga oshiradigan robot raqslari har doim yuzimda tabassum uyg‘otardi. Men buni million marta ko‘rganman va hali ham katta odamning shunday raqsga tushishini kulgili deb bilaman. Krauch juda samimiy inson, qolaversa, u eng yaxshi hujumchi ham edi. Uning jamoadoshi bo‘lish ajoyib bo‘lgan.

- Kreyg Bellami esa o‘zining jahldorligi bilan tanilgandi. U shunchalik xavflimidi?

- Algarvida Bellami va Riise haqida bir hikoya mavjud. Aniq sabablarini aytmayman, lekin bu toza jinnilik edi. Bellami aqldan ozdi va Riisening xonasiga borib, uni golf tayoqchasi bilan urdi! «Barselona»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yinidan oldin barchamiz Portugaliyada dam olayotgan edik, keyin mehmonxonamizga polisiya kelib qoldi. Rafa o‘zida emasdi, lekin xayriyatki, hammasi ijobiy intiho topdi. Biz «Barselona» bilan o‘ynadik va Kreyg gol urdi. Qizig‘i shundaki, Riise golni yaratishda ishtirok etgan. Kreyg o‘zini xayoliy golf dastasini chayqab nishonladi - muxlislar biroz xijolat bo‘lishdi, lekin o‘yinchilar unday emas. Bu kulgili edi.

- 2008/2009 yilgi mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritishingiz kerak edimi?

- O‘ylaymanki, yakunda yana ikkita o‘yin bo‘lganida, g‘alaba qozonardik. Mavsum davomida yetarlicha barqarorlikka erisholmadik - qaysidir nuqtada Rafaning ishi hatto bosim ostida qoldi. Burilish nuqtasi bir hafta o‘tib, «Old Trafford»da «Manchester Yunayted»ni 4:1 hisobida mag‘lub etganimizda, keyin esa «Real» ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozonganimizda yuz berdi. O‘sha paytdan boshlab bizni mag‘lub etish oson emasligini his qilgandik. Afsuski, yakunda «MYU»dan 4 ochko ortda qoldik. Oldinroq ko‘plab keraksiz joyda ochko yo‘qotganimiz o‘z so‘zini aytdi.

- Suares maydondan tashqarida ham qiziqqonmidi?

- Uning Liverpuldagi uyi ro‘paramda joylashgandi, shuning uchun biz juda yaqin munosabatda edik. Luis maydon tashqarisida juda xotirjam odam, lekin maydonda u butunlay boshqacha ko‘rinadi. Futboldan tashqari ko‘p lahzalarni baham ko‘rgan yigit bilan uning faoliyatidagi ayrim epizodlarni bog‘lash juda qiyin. Maydon tashqarisida yomon xulq ko‘rsatmaydigan shirinso‘z odam. Shunchaki, his-tuyg‘ulari uni maydonda o‘ziga singdirmoqda.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:00, 18.01.2022.
O'qildi: 1372 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.