Ko‘zga ko‘ringan yosh iqtidor sohiblarini futbol yulduzlariga, ayniqsa, Krishtianu Ronalduga qiyoslashlari odatiy holga aylangan. Ammo ularning hammasi ham bu ishonchni oqlay olmay, yakunda «radar»lardan yo‘qolib qoladi. Bugun shunday futbolchilarning ayrimlarini yodga olamiz.
2008: ALIPIO
«Real» ushbu futbolchini 2008 yili 16 yoshga to‘lgan pallada sotib olgandi. Keyinchalik yigitchaning faoliyati ajoyib tarzda kechishini taxmin qila boshlashdi: «Alipio o‘z yosh toifasida Portugaliyaning eng salohiyatli o‘yinchisi sanaladi, uni Ronalduga qiyoslashmoqda». Ammo u «Real» libosida bitta ham uchrashuvda maydonga tushmadi - umuman, rivojlana olmadi. Hozir 29 yoshga to‘lgan, o‘nlab klublarda to‘p surgan futbolchi Braziliya ikkinchi ligasida o‘ynamoqda.
2009: FEDERIKO MAKEDA VA GABRIEL OBERTAN
Ser Aleks kashf etishni istagan «MYU»ning ikki sobiq futbolchisi. Ular top-klubga moslashishni uddalay olishmadi. Jarohatlarga moyil Obertan «Yunayted»dan keyin «Nyukasl»da faoliyatining eng yaxshi damlarini o‘tkazdi, 32 yoshli fransuz ayni payt AQSH uchinchi ligasida to‘p surmoqda. 30 yoshli Makeda esa, qanchalik g‘alati tuyulmasin, to‘rtinchi mavsumdirki, «Panatinaikos»da barqaror o‘ynamoqda. Bungacha esa hech qaysi klubga o‘rnasha olmagandi.
2010: BRUMA
Faoliyatini «Sporting»da boshlagan, uni Ronaldu bilan solishtiruvi shu tariqa yakunlanadi. Hozir PSV sharafini himoya qilmoqda, bungacha esa «Leypsig», «Galatasaroy» va «Real Sosyedad» klublarida o‘ynagan, Portugaliya termasiga chaqirilgan. Ammo Krishtianuga yetishiga ancha bor ekan.
2011: LUKAS OKAMPOS
Fransiyada «Monako» va «Marsel» klublarida porlagan, «Milan»da ishlari qovushmagan, «Sevilya» o‘yiniga esa tezda moslashdi. Uni La Liga yulduzi deyish qiyin, ammo saviyasini saqlab turibdi. Hozir 27 yoshda, demakki, yanada yuqoriroqqa intilish imkoni mavjud. Deylik, Lyuk de Yongning yo‘lidan borib, «Barsa» safiga qo‘shilsa, ajabmas.
2012: GASTON RAMIRES
Urugvaylik bu futbolchini eslasangiz kerak? Afsuski, u salohiyatini ro‘yobga chiqarolmadi, garchi «Sampdoriya» va Urugvay termasida munosib o‘yin namoyish etgan bo‘lsa ham. Ayni payt «V» seriyada «Monsa» sharafini himoya qilmoqda.
2013: ALVARO VADILYO
2013 yili «Betis»dagi o‘yin-lari orqali futbol jamoatchiligiga umid bag‘ishlagan, boshlang‘ich tarkibga kirgan eng yosh debyutant sifatida La Liga tarixiga kirgan, ammo yakunda Ispaniya o‘rtamiyonalari darajasidan ko‘tarila olmadi. Hozir «Espanyol»da o‘ynayapti.
2014: UILFRID ZAA
«MYU» tarkibiga joylasholmagan vinger «Kristal Pelas» libosida APLda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda. Angliyaning istalgan klubida rotasiya futbolchisi bo‘lishga loyiq, ammo nisbatan kichikroq jamoada yulduz rolida o‘zini qulay his etyapti, shekilli. 29 yoshni qarshilab ulgurdi va riivojlanish imkoniyati borgan sari kamaymoqda.
2015: GONSALU GEDESH
Ronalduning 25 yoshli ham-yurti «PSJ»ga kerak bo‘lmadi, ammo «Valensiya»dagilar uni o‘zlariniki kabi qabul qilishdi. Termada muntazam o‘ynamoqda, garchi Krishtianu darajasiga yaqinlasholmagan bo‘lsada, saviyali futbolchi maqomini boy bermayapti.
2016: ANTONI MARSYAL
«MYU»dagi 6,5 yil mobaynida ba’zan yulduzlik salohiyatini namoyish etdi. Mavsum-2019/2020da nihoyat, yuqori saviyaga chiqqandek ko‘rindi (APLda 17ta gol va 7 assist), ammo keyinchalik yana quyiga «sho‘ng‘idi» (bunga asosan jarohatlar sabab bo‘ldi). E’tiborlisi, aynan Krishtianuning Manchesterga tashrifidan so‘ng jamoada ortiqchaga aylandi - endi ketishni xohlamoqda.
2017: DIOGU JOTA
«Liverpul»ga ajoyib tarzda moslashib, ko‘rinishidan imkonsiz narsani amalga oshirdi: Mane-Saloh-Firmino uchligini buzdi, raqobatda braziliyalikni ortda qoldirdi. Agar o‘sishdan to‘xtab qolmasa, Ronaldudan keyingi Portugaliyaning eng kuchli futbolchisi bo‘lishi mumkin. Endigina 25 yoshda, demakki, hammasi oldinda.
2018: RAFAEL LEAU
22 yoshida «Milan» tarkibiga muqim joylashdi, Portugaliya termasidan chaqiruv olyapti. Salohiyati yuqori, o‘sishda davom etsa, «A» seriyaning eng yaxshilaridan biriga aylanishi mumkin. Keyin nima bo‘lishini esa ko‘raveramiz.
2019: JOAU FELISH
Shubhasiz, Krishtianu muvaffaqiyatlarini takrorlash bo‘yicha eng katta imkoniyatga ega edi. 22 yoshli Felish «Atletiko»da barqarorlikka erisholmayapti, ko‘pincha ishonchni oqlamayapti, lekin baribir, ba’zida mo‘’jiza ko‘rsatib, muhim gollarni urmoqda. 126 mln. yevrolik narx ham katta bosim yuklaydi, ammo yaqin yillarda Joauning yangi bosqichga chiqishini kutamiz. Buni uddalay olmasa, afsuslanishdan o‘zga iloj qolmaydi.
2020: JOELSON FERNANDESH
«Sporting»ning 18 yoshli vingeri hozir ijara asosida «Bazel»da o‘ynamoqda. Texnikasi va aqlli o‘yini evaziga skautlar nazariga tushgan, ammo yuqori saviyali o‘yinlarda porlashga ulgurmadi. Uning ishlari qanday kechayotgani bilan besh yildan so‘ng qiziqsak, to‘g‘ri bo‘ladi.
A.AHMEDOV tayyorladi