Bugun O‘zbekiston futbol assosiasiyasida hududlarda futbolni rivojlantirish va bolalar futbolidagi olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklarni tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videoanjuman shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘FA rahbariyati, sohadagi tajribali murabbiylar, hududiy futbol assosiasiyalari vise-prezidentlari, assosiasiya va vazirlik tizimidagi bolalar-o‘smirlar futboli bo‘yicha mas’ul mutaxassislar, BO‘SM hamda xususiy futbol klublar vakillari ishtirok etishdi.
Kun tartibiga ko‘ra, O‘FA rahbariyati dastlab hududlardagi infratuzilma, maydonlar, ayollar futboli, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va turar joy masalasi, ovqatlanish, ekipirovka va jihozlar kabi vazifalarning tahlili bilan tanishdi.
Joylardagi futbol akademiyalari faoliyati, xususan turli yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoalari va klublar uchun futbolchilarni tayyorlab berish ko‘rsatkichlari tahliliy ma’lumotlar asosida muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida har bir yosh toifasidagi murabbiylar o‘z ishiga zamonaviy, rejali va bugungi kun jahon futbolidagi talablarga mos ravishda yondashishi zarurligi ta’kidlandi. Tayyorgarlik jarayonida sport texnologiyalardan foydalanish, murabbiylar shtabida esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlaydigan tahlilchilar, selesionerlar va to‘liq tibbiy tarkib bo‘lishi shartligi aytildi.
Bundan tashqari, bolalar futbolini rivojlantirishda musobaqalarni doimiy o‘tkazib borish kerakligi ta’kidlandi. Bu borada turnirlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori darajada o‘tkazish zarurligi aytildi. Tashkiliy masalalar, xususan, turar joy, stadionlar, hakamlik, sanitariya, xavfsizlik va yana bir qator yo‘nalishlarni uyushqoqlik bilan to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan mas’ullarga topshirilar berildi.
Shuningdek, murabbiylar o‘z qo‘l ostidagi yosh tarbiyalanuvchilarning o‘sish va pasayish dinamikasini monitoring qilish va bu orqali aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tajribali mutaxassislar Rauf Inileev va Dilshod Nuraliyevlarning fikrlari tinglandi.
O‘FA rahbariyati tomonidan viloyatlarda terma jamoalar uchun mahoratli futbolchilarni yetishtirib berish, yoshlarning tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish, to‘g‘ri ovqatlanish, sifatli vitaminizasiyani yo‘lga qo‘yish hamda musobaqalar va o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlar tahlilini olib borish zarurligi bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Hududlardagi mutasaddilar va yig‘ilish ishtirokchilari yechimini kutib turgan bir qator masalalar hamda ayrim vazifalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirib o‘tdilar.
Uchrashuv yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullar belgilanib, ularga tegishli topshiriqlar berildi, ijro nazorati esa doimiy olib borilishi ma’lum qilindi.