Yevropaning top-klublari kimni sotib olmoqchi?
Yevropa qishki transfer oynasi tugashiga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi. Top-klublar tarkibni kuchaytirish uchun turli variantlarni qidirmoqda. Biz transfer bozoridagi vaziyat haqida biroz ma’lumot berishga qaror qildik.
“Manchester Siti” hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun harakat boshladi
“Manchester Siti” yangi hujumchi qidirmoqda. Avvaliga ingliz klubi Erling Xolandni sotib olishga qiziqayotgani xabar qilingandi, ammo hozir vaziyat biroz o‘zgargan. Mish-mishlarga ko‘ra, “Borussiya D” hujumchisi “Real”ga o‘tishni o‘ylamoqda. “The Athletic” nashri xabariga ko‘ra, “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola allaqachon norvegiyalikka muqobil variant topib qo‘ygan. Unga “Real”ning yosh hujumchisi Vinisius kerak.
Bu mish-mishlarning aksariyati Kilian Mbappe bilan bog‘liq. Agar, “Real Madrid” uni kelasi yozda qo‘lga kiritsa, maosh va shartnoma imzolash uchun jiddiy pul sarflashadi. Bunday vaziyatda Madrid klubi ham Xoland uchun ham kurash olib borishini tasavvur qilish qiyin. Shunday ekan, “Real” Vinisiusni sotishiga hojat qolmaydi. Boshqa tomondan, agar “Siti” futbolchi uchun yaxshi pul taklif qilsa, bu Madridga Mbappening narxini qoplash imkonini beradi va klub prezidenti Florentino Peresning fikrini o‘zgartirishi mumkin.
A seriyani “yondirayotgan” futbolchi Angliyaga ketadimi?
“Fiorentina” hujumchisi Dushan Vlahovich so‘nggi kunlarda eng ko‘p tilga olingan futbolchilardan biri. Uning xizmatlariga bir qancha klublar qiziqish bildirayotgani ajablanarli emas. Futbolchi uchun asosiy da’vogar “Arsenal” klubi hisoblanadi va London kulbi yaqin kunlarda serbiyalikni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin, deya xabar beradi “La Nazione”. Manbaning xabariga ko‘ra, ingliz klubi hujumchi uchun 70 million yevro to‘lashga tayyor. Aytgancha, “Transfermarkt” portali ham serb futbolchisini shu summaga baholagan.
“Arsenal” Pyer-Emerik Obameyang bilan muammoga duch keldi. Avvaliga hujumchi tartib-intizomni buzgani uchun sardorlik bog‘ichidan mahrum bo‘lgan, keyin esa u koronavirus bilan kasallangan. Gabonlik futbolchi Afrika kubogida qatnashayotgan terma jamoasi lagerini tark etdi. Kecha chiqqan xabarlarga ko‘ra, Pyer-Emerikka Saudiya Arabistoni “An-Nassr” klubi qiziqish bildirmoqda va futbolchini ijaraga olishga tayyorligini bildirgan. Ko‘ramiz, futbolchi terma jamoamiz a’zosi Jaloliddin Masharipov bilan birga o‘ynar?! Vlaxovichni afrikalik uchun yaxshi o‘rinbosar deb hisoblash mumkin. Sababi, Dushan joriy mavsum A seriyaning 21 o‘yinida 17 ta gol urdi.
“Yuventus” Dibalani qo‘yib yuboradimi?
Paulo Dibalaning “Yuventus” bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralari hozircha muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Klub rahbariyati futbolchining maoshi kamaytirilishini talab qilmoqda, deya xabar beradi “Sky Sport”. Agar, Dibala rad javobini bersa, u jamoani erkin agent sifatida tark etadi. Uning shartnomasi joriy mavsum oxirida yakuniga yetadi. “Yuventus” argentinalik o‘rniga “Roma” yarimhimoyachisi Nikolo Zanyoloni o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Rimliklar o‘z futbolchisi bilan shartnomani uzaytirish borasida ishlamoqda, biroq futbolchining o‘zi “Yuve”ning qiziqishini inobatga olib, muzokaralarda keyinroqqa qoldirishi mumkin.
Suares va Jerrard yana bir jamoada ishlaydimi?
Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Luis Suares Braziliyaning uchta klubi taklifini rad etdi. Qolaversa, Saudiya Arabistonining “Al-Xilol” jamoasiga o‘tishdan ham bosh tortdi. Jurnalist Jerar Romero xabariga ko‘ra, 34 yoshli futbolchi “Aston Villa”ga o‘tishni istamoqda. Hozirda bu klubni Suaresning “Liverpul”dagi sobiq jamoadoshi Stiven Jerrard boshqarmoqda. Murabbiy hujumchini o‘z jamoasiga taklif qildi va Luis ham bunga qisman roziligini bildirgani aytilgan. Bu transfer qishda amalga oshishi qiyin, ammo mavsum oxirida Suares Premyer-ligaga qaytishi mumkin. Qolaversa, bu vaqtga kelib urugvaylik erkin agentga aylanadi.
Pogba Messi bilan PSJda o‘ynash uchun rekord darajadagi shartnomadan voz kechdi
Bir vaqtning o‘zida bir nechta manbalar, jumladan “The Times” va “Le Parisien” nashrlari, yarimhimoyachi Pol Pogba yozda “Manchester Yunayted”ni tark etishi haqida xabar tarqatdi. Fransiyalik futbolchi uchun PSJga o‘tish eng ustuvor variant hisoblanadi. Oldinroq, “Manchester Yunayted” Pogbani APLning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylantirishga tayyorligi haqida xabar berilgandi. “The Sun” nashri Polning maoshi haftasiga 600 000 yevro bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. Ammo, Pogba rekord darajadagi shartnomani rad etgan.
“Yuventus” va “Manchester Yunayted” Marsyalning transferi borasida kelisha olishmayapti
Ikki klub o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtab qoldi. “Yuventus” mavsum oxirigacha Antonini ijara olmoqchi edi. Biroq, MYU Marsyalni faqat bir shart evaziga qo‘yib yuborishini aytdi. Buning uchun Italiya klubi Marsyalning shartnomasidagi barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi kerak. Avvalroq, “Yuve” bosh direktori Maurisio Arrivabene bunday shartlar ularga mos kelmasligini aytgandi. Insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, “Manchester Yunayted” o‘z shartlarini o‘zgartirmaydi. Shu bilan birga, Marsyalning o‘zi ham klubini o‘zgarishiga qarshi emas.
Eriksen Premyer-ligaga qaytadimi?
Daniyalik futbolchi Qatardagi jahon chempionatiga borishni intiqlik bilan kutmoqda. Tabiiyki, buning uchun unga o‘yin amaliyoti kerak, yarimhimoyachi esa Yevro-2020 musobaqasidagi mudhish voqeadan so‘ng, tuzukroq mashg‘ulot o‘tkazgani yo‘q. Hozircha, Eriksen klubisiz, chunki u “Inter” bilan shartnomasini bekor qildi.
“The Athletic” nashri xabariga ko‘ra, daniyalik futbolchiga “Brentford” (Premyer-ligada 14-o‘rin) shartnoma taklif qilgan. Klub Eriksenga yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati bilan olti oylik shartnoma taklif qilgan. “Brentford” bosh murabbiyi Tomas Frank Daniya yoshlar terma jamoasini boshqarganida Kristian bilan birga ishlagan. Jurnalist Nikolo Skira o‘zining tvitter sahifasida “Ayaks” ham futbolchiga da’vogarlik qilayotganini yozdi. Qolaversa, uning yana bir sobiq klubi – “Tottenxem” futbolchiga da’vo qilmoqda.
“Barsa” Dembele o‘rniga potensial futbolchi topdi
“Barsa” o‘z shogirdiga Usmon Dembele o‘rniga potensial o‘rinbosar qidirmoqda. Klub va fransuz o‘rtasidagi vaziyat jiddi. Kataloniyaliklar Usmonga shartnoma imzolamasa, zaxiraga mixlab qo‘yishini aytgan. Katta ehtimol bilan futbolchi mavsum tugaganidan keyin klubni tark etishi mumkin. “Diario Sport” nashri xabariga ko‘ra, 25 yoshli Adama Traore “Barselona”ga qaytishni xohlamoqda. Kataloniya klubi futbolchining agenti Xorxe Mendes va “Vulverxempton” bilan ham yaxshi munosabatlarga ega. “Barsa” shartnomaga hujumchi Fransisko Trinkaoni (hozirda “bo‘rilar” safida ijarada o‘ynamoqda) qo‘shib bermoqchi.