«Fiorentina» hujumchisi Dushan Vlaxovich qishki transfer bozoridagi eng shov-shuvli xaridlaridan biriga aylandi. Unga «Arsenal», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Nyukasl», «Atletiko» va boshqa bir qancha klublar da’vogarlik qilishdi, ammo «Yuventus» 75 million yevro to‘lab, serbiyalik uchun kechgan kurashda g‘olib chiqdi. Shu sabab, «Stadion.uz» nashri Vlaxovichning yangi klubidagi kelajagihaqida o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashishga qaror qildi.
Besh yil avval «Fiorentina» Vlaxovich uchun «Partizan»ga 2 million yevro to‘lagan edi. U tezda jamoaning asosiy tarkibida maydonga tusha boshladi va asta-sekin A seriyaning eng yaxshi hujumchilaridan biriga aylandi. 2021 yilda Vinchenso Italiano boshchiligida «binafsharanglilar»ning o‘yinida katta o‘zgarish boshladi: ular raqiblariga qarshi tajovuzkor, pressingli o‘yin namoyish eta olishini ko‘rsatishdi. Jamoa muvaffaqiyati Vlaxovichga shaxsiy statistikasini yaxshilash imkonini berdi – u bir kalendar yili davomida barcha musobaqalardoirasida 56 ta o‘yinda maydonga tushib, 41 ta gol urushga erishdi. Futbolchi bu mavsumda A seriya doirasida 17 ta gol urdi. Shuning uchun o‘tgan yil davomida serb futbolchisining bozor qiymati deyarli uch barobarga - 25 milliondan 70 million yevrogacha oshgani ajablanarli emas.
2022 yilning yanvar oyidan boshlab,Dushan Vlahovichning «Arsenal»ga o‘tishi haqidagi xabarlar har kuni OAVda takrorlandi.Londonliklar hatto 70 million yevro to‘lashga ham tayyor edilar. Ammo, bu transfer ma’lum sabablarga ko‘ra amalga oshmadi. Gap shundaki, «kanonirlar» jamoaning sobiq sardori Pyer-Emerik Obameyangdan qutulish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishmoqda, shuning uchun ular hozir zudlik bilan hujumchi xarid qilishlari kerak. Biroq, Vlaxovichning o‘zi «Arsenal»ga o‘tishni istamadi, shuning uchun muzokaralar biroz cho‘zilib ketdi. Aftidan, serb futbolchisi boshqa takliflarni kutayotgan edi va uning kutgani amalga oshdi.
«Yuventus» bunday ishlarni tezda yakunlashga odatlangan. Balki, mavsum oxirigacha safdan chiqqanFederiko Kyezaning jarohati bo‘lmaganda, ushbu transfer amalga oshmasligi mumkin edi. Joriy mavsumda Paulo Dibala 7 ta gol urishga erishdi. Argentinalik hozirda Turin jamoasining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Ushbu holat «keksa sinyora»ni Dushan bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga majbur qildi. «Yuventus» hatto 75 million sarflashdan oldin biroz o‘ylab ham ko‘rmadi! Bu futbol tarixidagi eng qimmat qishki transferlardan biri hisoblanadi. Qish mavsumida faqat ikki futbolchigina Dushandan ko‘ra ko‘proq summaga xarid qilingan: Virjil van Deyk («Liverpul») va Filippe Koutinyo («Barselona»).
So‘nggi paytlardagi Vlaxovichning o‘yiniga qoyil qolmaslikdan iloj yo‘q. Futbolchining bir o‘z o‘yin taqdirini hal qila olishini ham ko‘p bora isbotlashga erishdi. Ammo, Dushan Florensiyada qanchalik zo‘r bo‘lmasin, Turinda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ham ehtimoldan yiroq emas. Sababi, «Yuventus» o‘ziga mutlaqo mos kelmaydigan futbolchini sotib oldi. Vlaxovich ko‘plab vaziyatlardan, yoki aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, yo‘q imkoniyatni ham bor qila oladigan qobiliyatga ega emas. Ha, Dushan yarim mavsumda 20 ta gol urdi, ammo statistika aniqlashtiradigan bo‘lsak, ushbu gollarning to‘rtdan bir qismi penaltidan amalga oshirilgan. «Keksa sinyora» hujum chizig‘idagi muammolarni hal qilamiz degan umidda futbolchini xarid qilgan edi. Joriy mavsumda «Yuve»ning o‘rtacha ko‘rsatkichi har bir o‘yinda 2 goldan 1,5 golga tushib ketdi, ammo buning yagona sababi hujumchilarda emas, balki butun jamoaning o‘yinidadir.
Allegri juda ehtiyotkorlik bilan o‘ynaydi. Hatto o‘rtamiyona jamoalarga qarshi ham «Yuventus» ko‘pincha pozision himoyaviy o‘yin ko‘rsatadi. HujumDibala yoki Morata orqali amalga oshiriladi. Ular maydonning ikkinchi yarmida harakat qilib, yarimhimoyachilarning aniq uzatmalari ostida hujumni rivojlantirishga harakat qilishadi. Jamoa yuqoridagi g‘oyani amalga oshirishga muvaffaq bo‘lsa ham, Dibala va Morata darvozaga tomon yo‘llagan zarbalari har doim hamaniq manzilga yetib bormaydi. Shuning uchun, turinliklar Italiya chempionatining o‘rtamiyona jamoalariga qaraganda kamroq golli vaziyat yaratadi.
«Yuventus»ning muammolari Vlaxovich kelishi bilan hal bo‘lib qolmaydi, ammo bundan ham yomonlashishi mumkin. Alvaro Morata «Yuventus» rabariyatidan transfer oynasi yopilguniga qadar o‘zini «Barselona»ga qo‘yib yuborishni so‘radi. «Keksa sinyora» katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Sababi, Vlaxovich Morataga qaraganda ancha kuchsiz o‘yin namoyish etadi. Alvaro to‘pni o‘zida yaxshiroq ushlab turadi va qarshi hujumlarda tezroq harakat qiladi. Dushan gol urishni yaxshi uddalaydi, lekin agar «Yuventus» o‘z o‘yin uslubini yaxshilamasa, uning qobiliyatidan unchalik yaxshi foydalana olmaydi.
Allegri qo‘l ostida A seriyadaning eng kuchli tarkibga ega jamoasi mavjud, ammo murabbiy futbolchilarning hujumidagi harakatlari bo‘yicha ancha ish olib borishi zarur. Vlaxovich «Yuve» safida «Fiorentina»dagidek ajoyib statistikaga ega bo‘lmasligi aniq. Dushan top hujumchi, lekin serbiyalikning uslubi Allegrining o‘yin uslubiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Agar bosh murabbiy qo‘rqoq futbolini o‘zgartirmasa, 1-2 yildan keyin «Yuventus» Vlaxovichni boshqa jamoaga berib yuborisha, yoki o‘z narxidan bir necha bor arzonroqqa sotib yuborishga majbur bo‘lishadi.