Sesar Aspilikueta ushbu mavsum tugashi bilan "Chelsi"ni tark etishi mumkin. Agar u shunday qilsa, klub afsonasi sifatida o‘z statistikasini oshira olmaydi. 32 yoshli jamoa sardori qariyb o‘n yildan buyon "aristokratlar" bilan birga va klub safida sakkizta sovrinni qo‘lga kiritishga ulgurgan. Ispaniya terma jamoasi a’zosi muxlislar ko‘z-o‘ngida jamoasi uchun misoli qoya kabi ko‘rinadi. U jamoaga 2012 yilda "Marsel" safidan kelib qo‘shilgan va o‘shandan buyon ikki bor APL chempioniga aylangan. Aspilikueta, shuningdek, jamoasiga ikki bor Yevropa ligasi tojini, bitta mamlakat kubogini, yana bir marotaba liga kubogi hamda o‘tgan yilgi YECHL g‘olibligini olib berishda jonbozlik ko‘rsatgan edi. Himoyachining so‘nggi tituli o‘tgan yili "Vilyarreal"ga qarshi bahsda, Yevropa Super kubogida qo‘lga kiritilgan.
"Chelsi"ning barcha davrlardagi sovrindor futbolchilari ro‘yxatida Sesar Aspilikueta sakkizta titul bilan Gari Kexill qayd etgan natijani takrorlab turibdi. 36 marta Ispaniya termasi sharafini himoya qilishga ulgurgan yulduz, "Chelsi"ning shonli vakillari ichida top darajada deya olmaymiz. Chunki birinchi o‘rinni egallab turgan sobiq sardor, yetakchi hamda afsonaviy futbolchi Jon Terrida 15 ta katta sovrinlar jamlanmasi mavjud. Shuningdek, ro‘yxatdagi kuchlilar qatoridan Petr Chex (13 ta), Didye Drogba (12 ta), Frenk Lempard hamda Paulo Ferreyralar (har ikkisida 11 tadan) joy olgan.
To‘g‘ri, Apskilikuetaning kuchli beshlikka yetishi deyarli imkonsiz ish. Ammo unda yaqin kunlar ichida sovrinlar borasida Eshli Koul hamda Branislav Ivanovichga yetib olish imkoni bor. Chunki bu ikki sobiq yulduz o‘tmishda "Chelsi" bilan 9 ta sovrin yutgan. Sesar esa Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini yutish orqali ularga tenglashib olishi mumkin. Albatta, ispan "jangchisi" bundan o‘n yil ilgari boy berilgan sovrinni qaytarib olish yo‘lida qattiq harakat qiladi. O‘shanda Aspilikueta "Chelsi"dagi debyut mavsumida final o‘yinida jamoadoshlari bilan "Korintians" klubiga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Umuman olganda, Klublar mundiali "Chelsi" yuta olmagan tarixdagi yagona titul hisoblanadi. Shu tufayli jamoa sardori klubdagi ehtimoliy so‘nggi mavsumini yana bir yirik sovrin bilan to‘ldirishni maqsad qilib olgan. Keyin esa, yozda "Barselona"ga erkin agent maqomida borib qo‘shilishi mumkin bo‘ladi.
Sesar Aspilikueta FIFA tomonidan tashkil etilgan musobaqa haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U shunday deydi: "O‘ylashimcha, bu turdagi musobaqada g‘alaba qozonish juda murakkab ish. Men shu narsani o‘n yildan keyin anglab yetyapman. O‘shanda biz (2012 yil) "Korintians"ga imkoniyatni boy berib qo‘ygandik. Turnirdan keyin nimalarni his qilganim juda yaxshi esimda. Ha, mening jamoadagi ilk mavsumim edi, biz har bir turnirda ishtirok etayotgan edik. Shu sababdanmi, bizga musobaqalarda g‘alaba qozonish asliyatdagiga qaraganda jo‘nroq tuyulgandir. Ammo mana bugun, hozir, men tushunib yetdimki, bu yerga yetib kelishni o‘zi bo‘lmas ekan. Bu o‘ta uzun va qiyin yo‘l ekan. Avvalo, siz YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishingiz kerak, keyin esa hamma to‘siqlarni yengib, turnirni yutib chiqishingiz shart. Faqat shu orqali, bu yerda bo‘la olasiz. 2012 yildagi mag‘lubiyat bizni juda ham xafa qilgandi. Mana, haligacha bu turnir "Chelsi" zabt eta olmagan yagona cho‘qqiligicha qolmoqda.
Menimcha, bu musobaqani yutish, jamoadagi hamma uchun o‘ta katta muvaffaqiyat bo‘ladi. Shu sabab barchamiz maydonda borimizni berib harakat qilamiz. Biz shuni ham yodda tutishimiz kerakki, "Chelsi" bu yerga nafaqat o‘zini, balki butun Yevropaning sharafini ham himoya qilish uchun kelgan!".
Futbolchi o‘zining yaqin kelajagi haqida gapirar ekan, jumladan, shunday deydi:
"Mening taqdirim ayni damda hech qanday ahamiyatga ega emas. Asosiy maqsadim, umuman, jamoa maqsadi qanday bo‘lmasin – sovrin yutish. Keyin nima bo‘lishini esa, vaqt ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, har bir futbolchi klubiga titul olib berishda ko‘maklashib, ayni damda o‘z tarixini ham yozib boradi. Men yillar davomida juda ko‘p jahon darajasidagi futbolchilarni, murabbiylarni ko‘rdim, ular bilan birga ishladim. Ammo har doim hammaning maqsadi bitta bo‘ldi. U ham bo‘lsa, klub manfaati yo‘lida, unga sovrin olib kelish maqsadida kurashish edi.
Mana, hozir ham ayni shu maqsad yo‘lida harakatdamiz. O‘ylaymanki, hozir ayni vaqti. Chunki bizda "Chelsi" tarixida abadiy qolish, klubga yangi kubokni taqdim etish imkoniyati bor. Umid qilamanki, biz tez orada ana shunday insonlardan biriga aylanamiz".
Eslatib o‘tamiz, "Chelsi" ushbu turnirga yarim finaldan kelib qo‘shiladi. Klubning dastlabki raqibi esa Saudia Arabistonining "Al-Hilol" jamoasi bo‘ladi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi