17ta maydon, stadion, katta mevali bog‘ - «PSJ» 300 million yevro evaziga orzu markazi quradi. U «Park de Prenc» arenasiga yaqin manzilda bunyod etiladi. Ya’ni stadiondan markazni atigi 25 daqiqalik yo‘l ajratib turadi. Sports.ru sayti ijodkorlari shu megaloyiha tafsilotlari bilan qiziqib ko‘rishdi.
«PSJ» matbuot xizmati qurilishi allaqachon boshlangan mashg‘ulotlar markazidan yangi kadrlarni taqdim etdi. Rejaga muvofiq, asosiy jamoa yangi bazaga 2023 yilning yozidayoq ko‘chib o‘tadi, ayollar va yosh futbolchilar esa qishga yaqin. Xo‘sh, qurilish ishlari qanday ketmoqda? Avvalo, loyiha haqida ma’lumot: markazda bolalar uchun maktab ochiladi, keyinroq 3000 tomoshabinga mo‘ljallangan stadion qad rostlashi kerak. Megaloyiha qiymati - 250-300 million yevro. Majmua uchun Parij tevaragidagi so‘lim Puassi shaharchasi tanlangan. Bu hudud «PSJ»ning hozirgi bazasidan uncha uzoq emas. «Park de Prenc» stadioni bilan oradagi masofa esa atigi 25 daqiqalik yo‘lga teng. Yangi markaz professionallar va akademiya tarbiyalanuvchilariga birdek xizmat qiladi. Raqamlarda aytsak, bu yerda 180 nafar sportchi va 200 nafar xodim (jumladan, idora vakillari) yashashlari mumkin. Deylik, asosiy jamoaga jami 43ta xona ajratiladi. Bular - dam olish (o‘yinlar oldidan) muolaja, balneoterapiya (mineral suvlar va botqoq vanna bilan davolash), krioterapiya xonalari. Markazda shuningdek, basseynlar, sauna, hammom va restoran ham bo‘ladi.
Tarbiyalanuvchilar (jumladan, qizlarga ham) uchun chamasi 15ta sinfga ega maktab ochiladi. Parij-2024 Olimpiadasidan keyin boshlanadigan qurilish jarayonining ikkinchi bosqichida esa markazda «PSJ» tizimidagi gandbol va dzyudo sektorlari uchun mo‘ljallangan yana bir bo‘lim qad rostlaydi. Shuning barobarida ayollar va yoshlar jamoalari o‘yinlari uchun sig‘imi 3000ga teng stadion ham quriladi. Xullas, gap Il-de-Frans (Parij markazida joylashgan tarixiy hudud)dagi ikkinchi yirik qurilish maydoni haqida ketmoqda. Ha, «PSJ» sohiblari boshlagan loyiha ayni payt Fransiya poytaxtida ham hajmi, ham qiymati (250-300 million yevro) bo‘yicha 2-o‘rinda. Zero, mashg‘ulotlar markazi 74 gektar maydonni o‘z ichiga oladi. To‘g‘ri, binolar hududning atigi 10 foizini egallaydi. Markaz ichida 17ta futbol maydonchasi bo‘ladi. Ulardan 12tasi gibrid (yarimtabiiy, yarimsun’iy) chimli maydon. 6ta maydon «Park de Prenc»dagi texnologiya bo‘yicha isitish tizimiga ulanadi.
Arablar markazning atrof-muhitini ham unutmaganlar. Ular mevali bog‘ uchun ajratilgan yer maydoniga 4 ming tup daraxt ekish asnosida hududdagi bio xilma-xillikni saqlab qolish niyatidalar. Bog‘ va sabzavot maydoni yaratishdan yana bir maqsad - markaz oshxonasini yangi mahsulotlar bilan ta’minlash. Ha, «PSJ» vakillari orzu misoli markazga ko‘chib o‘tishga tobora yaqinlashmoqdalar...