Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

Messi va «PSJ» missiyasi yakunladi (mi?) yoxud Leo parijlik muxlislar g‘azabiga duchor bo‘ldi

Messi va «PSJ» missiyasi yakunladi (mi?) yoxud Leo parijlik muxlislar g‘azabiga duchor bo‘ldi

Baho:
+ | -

«PSJ» Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan so‘ng, klub a’zolari parijlik muxlislar tomonidan katta bosim ostida qoldi. Ayniqsa, bu jamoaning argentinalik futbolchisi Lionel Messiga nisbatan ko‘proq amalga oshirilmoqda. Shu sabab, Leoning parijliklar safidagi kelajagi haqida biroz fikr yuritishga qaror qildik. 

O‘tgan yozda «Barselona» moliyaviy sabablarga ko‘ra Lionel Messi bilan shartnomani uzaytira olmagandi. Ammo bu hikoyaning aniq tafsilotlari hamon to‘liq ochiqlanmagan va deyarli har kuni turli taxminlar OAVda e’lon qilinmoqda. Masalan, yaqinda Jerard Pike Joan Laportani argentinalik bilan yangi shartnoma imzolamaslikka ko‘ndirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ehtimol, biz aniq ma’lumotlarni yaqinda bilib olarmiz, lekin bu «Barsa» va Messi hikoyasi har qanday holatda ham yakunlandi, shundan so‘ng Messi uchun yangi era boshlandi. «PSJ» va Messi erasi.

Shunday qilib, Messi Parij klubiga ko‘chib o‘tdi va «PSJ» muxlislari argentinalik futbolchini kutib olgani tasvirlari butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Ular xursand bo‘lishdi va bu shartnomani jamoaning Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishi uchun hal qiluvchi turtki sifatida ko‘rishdi. Negaki, yaqinda parijliklar turnir finalida edi, shuning uchun klub muxlislari navbatdagi bosqichga — chempionlikka umid qilishardi. Boz ustiga, «PSJ»da argentinalik murabbiy va hujumchining yaxshi do‘sti - Neymar bor edi.

Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, Messi faoliyatida ilk bor o‘z jamoasining muxlislari tomonidan norozichiliiga duch keldi. Yakshanba kuni «Bordo»ga qarshi o‘yinda «Park de Prens» tribunalari argentinalik futbolchi va Neymarni juda ham yomon kutib oldi. Muxlislar tarkiblar e’lon qilinganda ularni nomini aytib, norozi ohangda baqirishdi va bu ikki futbolchi to‘pga tegsa, muxlislar ularga tazyiq o‘tkazishdi.

Bu ko‘p jihatdan Chempionlar ligasidan chiqib ketishgani ortidan bo‘lmoqda. «PSJ» muxlislari Messining jamoaga uzoq kutilgan kubokni olib kelishini kutishgan. Ochig‘ini aytsak, argentinalik futbolchi Fransiya chempionatida bor kuchi bilan o‘ynamayapti. U joriy mavsum ichki chempionatda 17 uchrashuvda atigi 2 ta gol urgan. Shuningdek, Leo tomonidan amalga oshirilgan 11 ta assistni ham aytib o‘tish kerak. Ammo baribir Messi «PSJ»ni emas, Parij klubi argentinalikni oldinga tortib kelmoqda. Lionelning Liga—1 musobaqasidagi sust o‘yinlari, Chempionlar ligasidan umidvor bo‘lib, muxlislar tomonidan kechirilardi. Umuman olganda, muxlislarni ichki chempionatdagi g‘oliblik emas, aksina yevrokuboklar ko‘proq qiziqtirgan. Futbolchi ham shunga mos ravishda YECHLda ichki chempionga qaraganda yaxshiroq o‘ynadi – guruh bosqichida 5 ta o‘yinda 5 ta gol. Qiyin vaziyatlarda «Manchester Siti» va «Leypsig»ni mag‘lub etishga yordam berdi va «Bryugge» darvozasini ham ajoyib tarzda ishg‘ol qildi.

Pley-offda Messidan ko‘p narsa umid qilindi, ammo «Real»ga qarshi o‘yinlarda argentinalik soyada qoldi. Parijda kechgan birinchi o‘yinda u penaltini aniq amalga oshira olmadi, ikkinchisida esa butunlay yo‘qolib qoldi. Messi nafaqat yomon o‘ynadi, balki maydonda ham unchalik ko‘rinish bermadi. Shunchaki stadionda yurdi. Mavsumning hal qiluvchi o‘yinida esa butun yil davomida ko‘rsatgan qoniqarsiz o‘yinlari uchun kechirilgan argentinalik faqat raqamga xizmat qildi. Bu «PSJ» uchun yolg‘iz o‘zi kurashgan Kilian Mbappe fonida yaqqol sezildi.

Aslida, bu Messining o‘yin davomida yo‘qolib qolishi birinchi marta emas. «Barselona»dagi so‘nggi mavsumlarda biz bunga bir necha bor guvoh bo‘lganmiz - «Roma»ga qarshi, «Liverpul» javob o‘yinlarida va hokazo. «Barselona»da u rostakamiga qirol edi. Buning asosiy sababi esa uning jamoasi bo‘lgan. Chunki Messining o‘yini chiqmasa, muammoni argentinalikning jamoadoshlaridan qidirishgan. Parijda hamma narsa boshqacha edi. Bu yerda Messi o‘zini begona his qildi. Bu holan nafaqat argentinalikning muvaffaqiyatsizligiga xizmat qildi, balki uning o‘yiniga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Balki Messining «PSJ»dagi missiyasi tom ma’noda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Parijliklar yozda yangi jamoa qurishlari talab etiladi va argentinalik Parij klubiga kerakmi yoki yo‘qmi hali noma’lum. Sababi uning atrofida yangi«PSJ»ni qurish befoyda.

Ko‘p OAVda Messi yozda Parij klubini tark etishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu sabab argentinalik futbolchi faoliyatini qayerda davom ettirishi mumkinligi haqida savollar paydo bo‘ladi. Top-klublar ichida u faqat «Barselona» nomzodini keltirish mumkin, lekin bu o‘yin nuqtai nazaridan emas, balki jamoa va Messi o‘rtasidagi uzoq vaqtdan beri saqlanib kelingan qadriyat uchun. Ammo Xavi yangi jamoa qurmoqda va unga Messining keragi yo‘q. Argentinalik futbolchi uzoq vaqtdan beri ko‘rsatayotgan yomon o‘yinlarini hisobga olsak, Messining xizmatlari boshqa top-klubga kerak emas. Messi MLS klublaridan biriga o‘tadimi yoki faoliyatini yakunlaydimi, bu noma’lum. Ehtimol, u Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish uchun Parij klubida qolishi mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham biz avvalgi Leoni ko‘rmayapmiz va ehtimol endi boshqa ko‘rmasak ham kerak, chamamda.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Kiritildi: 21:19, 14.03.2022.
O'qildi: 3018 marta.
Fikrlar: 73 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.