Joze Diogu Dalot Teysheyra (Diogu Dalot nomi bilan mashhur) 1999 yilning 18 mart kuni Portugaliyaning Braga shahrida tavallud topgan. U Angliyaning "Manchester Yunayted" hamda Portugaliya terma jamoasining qanot himoyachisi hisoblanadi.
Dalot - "Portu" yoshlar tizimining mahsuli, professional futboldagi ilk o‘yinini 2017 yilning yanvar oyida o‘tkazgan. "Portu"ning asosiy jamoasida 8 o‘yinda maydonga tushganidan keyin 2018 yilning iyun oyida 22 million yevro evaziga "MYU" safiga borib qo‘shiladi. 2020 yilning oktyabridan to 2021 yilning iyuniga qadar Italiya A Seriyasi vakili - "Milan" klubi safida ijara asosida o‘ynaydi.
Dalot Portugaliyaning U-15 dan U-21 yoshgacha bo‘lgan jamoalarida o‘ynab chiqqan hamda 2016 yili 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida Portugaliya bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan. Diogu Portugaliya terma jamoasidagi debyut uchrashuvini Yevro-2020 musobaqasida o‘tkazgan.
"PORTU"
Braga shahridan bo‘lgan bolakay 9 yoshida "Portu" yoshlar tizimisha borib qo‘shilgan. 2017 yilning 28 yanvar kuni klubning "B" jamoasida professional futboldagi ilk o‘yinida ishtirok etgan. 90 daqiqa harakat qilgan Dalot yakunda jamoasi bilan o‘z maydonida "Lexoyes" klubiga imkoniyatni boy bergan. Portugaliyalik asosiy jamoada ilk marta 2017 yilning 13 oktabr kuni "Lusitano de Evora" klubiga qarshi safar o‘yinida namoyon bo‘lgan va yirik 6:0 hisobida g‘alaba qozongan. 2018 yilning 18 fevral kuni Portugaliya chempionatida debyut uchrashuvini o‘tkazgan Dalot o‘sha bahsda 75-daqiqada zahiradan maydonga tushgan. "Rio Ave" klubiga qarshi bahs 5:0 natijasi bilan ijobiy yakunlangan.
"MANCHESTER YUNAYTED"
Dalotning Angliyaga tashrifi 2018 yilning 6 iyun kuniga to‘g‘ri keladi. Iqtidorli yosh himoyachi Manchester klubi bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekadi. O‘sha vaqtda "MYU" bosh murabbiyi sifatida ishlagan Joze Mourinyu uni yoshi va salohiyatiga qarab o‘ng qanot himoyachilari ichida eng yaxshilaridan biri ekanligini ta’qidlab o‘tgan. Uning qizil iblislar safidagi ilk o‘yini o‘sha yilning 19 sentyabr kuni Chempionlar Ligasi doirasidagi "Yang Boyz" klubiga qarshi bo‘ladi, ammo oldingi mavsumda olgan jarohati tufayli davomiylikni saqlab qola olmaydi.
Uning Premyer-Ligadagi debyut o‘yini 2018 yilning 1 dekabr kuni "Sautgempton" klubiga qarshi bo‘ladi va o‘yin 2:2 hisobi bilan tugaydi. Joze Mouinyu o‘rnini Ole-Gunnar Sulsher egallaganidan keyin ham Dalot klubning asosiy qanot o‘yinchisi bo‘lib qoldi va o‘sha mavsum yakuniga qadar jami 23 bahsda harakat qildi. Shundan 16 o‘yin APL doirasida bo‘lganini ham aytib o‘tish kerak. Dalot "MYU" safidagi ilk golini "Tranmir Rovers" klubiga qarshi Angliya kubogi o‘yinida (6:0) kiritadi.
"MILAN"
"Milan" klubidagi faoliyati davomida Dalot 2020/2021 yilgi mavsumda muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi va klub A Seriyada ikkinchi o‘rinni egallab 8 yillik tanaffusdan keyin Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishida munosib hissa qo‘shdi. Portugaliyalik o‘zining aytishi bo‘yicha himoyachi sifatida Italiyada o‘sishga erishdi va hujumga o‘tish qobiliyatini ham yo‘qotgani yo‘q. U Stefano Pioli jamoasida o‘ngdan tashqari chap qanotda ham o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
"MYU"GA QAYTISH
2021 yilning yoz oylarida "MYU" o‘ng qanot himoya chizig‘i uchun futbolchi qidirishni boshladi va shu bilan birga "Milan" Dalot transferini sotib olish ustida ishladi. Bundan tashqari, unga Dortmundning "Borussiya" klubi ham qiziqdi va ijaraga olish taklifini yubordi. Ammo, futbolchining o‘zi manchesterliklar safida qolib, Aaron Van-Bissaka bilan asosiy takrib uchun raqobat qilishga qaror qildi. Dalot 2 o‘yinda asosiy tarkibda harakat qilsa, uchta bahsda zaxirada qolardi. Vaqtinchalik murabbiy bo‘lib turgan Maykl Kerrik Dalotga imkoniyat berdi va 2 dekabr kuni "Arsenal"ga qarshi bahsda uni asosiy tarkibda maydonga tushirdi va adashmadi. Boisi, mazkur o‘yinda Dalot ikkinchi golni yuzaga keltirishda ishtirok etdi va 3:2 hisobi bilan tugagan bahsda g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi.
Ralf Rangnik jamoaga kelganidan keyin Dalot asosiy tarkibdagi o‘rnini mustahkamlab oldi. Joriy mavsum barcha musobaqalarda himoyachi 20 dan ortiq o‘yinda "MYU" sharafini himoya qildi.
PORTUGALIYA
Dalot Portugaliya terma jamoasi safida ilk bor Yevro-2020 chempionati doirasidagi Fransiyaga qarshi bahsda (2:2) maydonga tushdi va Semeduning o‘rnida 11 daqiqa harakat qildi.
Musobaqaning nimchorak final bosqichi doirasida o‘tgan Belgiyaga qarshi bellashuvda ilk marta terma jamoaning asosiy tarkibida ko‘rinish berdi. O‘tgan yilning 9 oktyabr kuni Qatarga qarshi kechgan bahsda (3:0) ikkita assist muallifiga aylandi, ulardan birini Ronaldu golga aylantirgandi.
Bugun Diogu Dalot 23 yoshga to‘ldi.