Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Shuhrat Igamberdiyev: «Osiyo kubogini yuqori saviyada o‘tkazmoqchimiz»

Shuhrat Igamberdiyev: «Osiyo kubogini yuqori saviyada o‘tkazmoqchimiz»

Baho:
+ | -

O‘zbek futboli 110 yilligini nishonlamoqda. Shu o‘tgan davr mobaynida bu sport turi mamlakatimizda taraqqiy topib, ko‘plab muxlislar orttirdi. Ayniqsa, XX asrdagi yutuqlarni mamnuniyat bilan e’tirof etish joiz. Maxsus muxbirimizning Qashqadaryo viloyati futbol assosasiyasi birinchi vise-prezidenti Shuhrat Igamberdiyev bilan suhbati shu mavzuni ham o‘z ichiga oldi.

- Shuhrat Ne’matovich, o‘zbek futboli, xususan, Qashqadaryo ushbu sport turiga oshno bo‘lgan yillarni qanday eslaysiz?

- Har bir sohaning tarixi bo‘lgani singari, viloyat futbolining ham bosib o‘tgan shonli yo‘li bor. Bu asosan XX asrning 40-50-yillariga borib taqaladi. Qarshi, Shahrisabz shaharlarida ko‘cha, mahalla jamoalari paydo bo‘ldi, ikkinchi jahon urushidan so‘ng birgina viloyat markazida «Sokol», «Avtomobilist», «Lokomotiv», «Burevestnik» nomli jamoalarga asos solindi. Shahar va viloyat miqyosidagi musobaqalarda asosan ana shu jamoalar bo‘y ko‘rsatdi. 1970 yillarda Qarshi shahridagi «Mehnat» stadionida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, jamoalarimiz ishtirokiga muxlislar qiziqishi yanada ortdi. O‘sha yilning kuzida «Dinamo» (Minsk) klubi va Qarshi terma jamoasi o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi shaharga katta futbol havosini olib keldi.

- Mustaqillik sportga, jumladan, futbolga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi...

- To‘g‘ri. Futbolga davlat darajasida e’tibor berilishi xorijlik mutaxassislar tomonidan ham alohida e’tirof etilgan. 1997 yilda «Nasaf» jamoasining O‘zbekiston milliy chempionatida ishtirok etishi, Qarshi shahridagi «Mehnat» stadionining qayta ta’mirlanishi, «Mash’al», «Sho‘rtan» jamoalarining respublika birinchiligidagi ishtirokini mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz. Viloyatimizning shahar va tumanlarida ham stadionlar barpo etilib, futbol jamoalari shakllantirildi, bir yo‘la 3 jamoamizning oliy liga bahslarida ishtirok etishi ta’minlandi. «Nasaf», «Mash’al», «Sho‘rtan» o‘z infratuzilmasiga ega bo‘ldi. Maxsus futbol maktablari iqtidorli yoshlarni kamol toptirdi.

- Viloyatdagi jamoalarning imkoniyatlari haqida fikringiz qanday?

- Vohamiz yetakchisi - «Nasaf» bu yil uch frontda kurash olib boradi, jamoa o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan. Pro liga vakillari - «Mash’al», «Sho‘rtan» ham bu yil Superligaga qaytish niyatida. «Nasaf»ning farm klubi Birinchi ligada omadini sinab ko‘rsa, Ikkinchi ligada viloyatimizning yigirmata jamoasi qatnashadi. Bundan tashqari, «Nasaf» va «Sevinch» jamoalarining birlashtirilganligi tufayli ayollar jamoamiz ham chempionlik va kubokka erishishni maqsad qilgan. «Nasaf» futzal jamoamiz esa tarkibini iqtidorli o‘yinchilar bilan mustahkamlash evaziga yuqori o‘rinlarni ko‘zlamoqda. Sohil futboli bo‘yicha ham viloyatimizda ibratli tajriba to‘plangan. 2021 yilgi respublika chempionatida «Adolat» (Qarshi) jamoamiz chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. 2022 yilda sohil futboli bo‘yicha viloyat chempionatini tashkillashtiramiz, unda 12ta jamoa ishtirok etadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarining futbol festivali o‘tkaziladi. Sport, futbol maktablari olimpiya zaxiralari kolleji, futbol internati, futbol mahorat maktabi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida bellashuvlar boshlab yuborildi. U-12, U-14, U-16 yosh toifalari, qizlar jamoalarining viloyat birinchiligi, kubok bahslari yangi iqtidorlarni kashf qilyapti. Oliy o‘quv yurtlari talabalari, MFY, korxona, muassasa, tashkilotlar o‘rtasidagi musobaqalar ham muntazamlik kasb etmoqda. Havaskorlar futbol ligasi, faxriylar jamoalarining o‘yinlari ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

- 2022 yil 25 maydan 10 iyungacha Qarshi shahrida U-23 terma jamoalari o‘rtasida Osiyo kubogi final bosqichi guruh o‘yinlari o‘tkaziladi. Bunday miqyosdagi turnir mezbonligi aynan Qarshiga berilgani bejiz emas.

- Albatta, bu kabi nufuzli musobaqaga mezbonlik qilishimiz katta voqea, o‘yinlar ko‘tarinki ruhda o‘tishidan umidvormiz. Buning uchun puxta taraddud ko‘rilmoqda. Mehmonlarni kutib olish, ularni joylashtirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi belgilangan. «Markaziy» stadioni har tomonlama tayyorlanmoqda, ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilyapti. «Geolog», «Mehnatchi» arenalari ham mavsumga shaylanmoqda. Viloyat markazidagi «Hayot», «Oqsaroy», «Afrosiyob», «Grant», «Sarbon», «Buyuk karvon», «Hisor», «Sulton», «Qarshi» mehmonxonalari jahon andozalariga mos holda jihozlanmoqda. Bu borada viloyat hokimi, viloyat futbol assosasiyasi prezidenti Murodjon Azimov boshliq tashkiliy qo‘mita keng ko‘lamli ishlarni bajarmoqda. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi va Osiyo futbol konfederasiyasi vakillari tayyorgarlik jarayoni bilan tanishib borishmoqda. Umid qilamizki, mazkur turnirning yuqori saviyada o‘tishini ta’minlaymiz.

- Bahor fasli musobaqalarga boyligi bilan alohida ajralib turadi...

- Darhaqiqat, bu faslda ko‘plab bellashuvlar ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi. Qarshi shahridagi «Geolog» stadionida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 12-14 yoshli qizlar o‘rtasida futbol festivali tashkil etildi. Futbol mahorat maktablari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi O‘FA birinchiligida Surxondaryo, Qashqadaryo jamoalari kuch sinashyapti. Unda 32ta jamoa qatnashmoqda. Ikki davradan iborat bahslar may oyigacha davom etadi. Bundan tashqari, «Nav­ro‘z» kubogi, 9 may - Xotira va Qadrlash kuni, Mustaqillik bayrami munosabati bilan bahslar uyushqoqlik bilan o‘tishiga ishonchimiz komil.

- Viloyat futbolida yechimini kutayotgan muammolar ham bormi?

- Ma’lumki, futbolning xalq ta’limi tizimidagi taraqqiyotini ta’minlash ham dolzarb vazifalardan biri. Buning uchun ushbu tizim ligasini tashkil etishda viloyat Xalq ta’limi boshqarmasida tashabbuskorlik sezilmayapti. Viloyatda bu borada «Yoshlik» sport jamiyati faolligini oshirishimiz zarur. Sobiq «Mehnat» stadionidagi futbol maydonini terma jamoalar markaziga aylantirish, buning uchun ta’mirlash ishlarini amalga oshirish lozim. 5 yosh toifasidagi viloyat terma jamoalar markazi 2005-2009 yillarda tavallud topgan yoshlarni ham o‘z bag‘riga oladi. Ikkinchi liga o‘yinlariga shahar, tuman hokimliklari e’tiborni kuchaytirishlari shart. Bu uyushmagan yoshlarni birlashtirishda muhim vosita hisoblanadi. Bir vaqtlari ushbu ligada 19 jamoa bo‘lgan, 2020-2021 yillarda ko‘rsatkich 12taga tushib ketgani tashvishli holat. Viloyatda futbol bilan shug‘ullanadigan 27ta muassasa bor ekan, bu masalaga befarq qarab bo‘lmaydi. Shuningdek, joylardagi BO‘SMlar tasarrufidagi futbol maktablarini jonlantirish kerak. Aksariyati ta’mirga muhtoj, sport anjomlari yetarli emas. Shahar, tuman moliya bo‘limlari bilan hamkorlikda ishlash vaqti keldi. Birgina Qarshi shahridagi 1-sonli maktabda sun’iy qoplamali maydonning qarovsiz holatga kelib qolganligini nima bilan izohlash mumkin? Rejalar yuksak, niyatlar ulug‘vor. Jamoamiz bilan O‘FA tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka javoban butun kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:40, 21.03.2022.
O'qildi: 1990 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.