Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

«El-klasiko»dan so‘ng yuzaga chiqqan 5 xulosa

«El-klasiko»dan so‘ng yuzaga chiqqan 5 xulosa

Baho:
+1 | -

Ispaniya chempionatining 29-turidan o‘rin olgan "Real" va "Barselona" jamoalari o‘rtasidagi to‘qnashuvni ko‘pchilik orziqib kutgandi. Boisi, har ikki jamoa mart oyiga kelib yaxshi formaga kirib qolgandi. Anchelotti shogirdlari Chempionlar ligasida "PSJ" to‘sig‘idan o‘tishgan bo‘lsa, Xavi boshchiligidagi "ko‘k-anorranglilar" mag‘lubiyatsiz seriya namoyish etib kelishayotgandi. Ammo, kutilmaganda, "Santyago Bernabeu"da o‘tkazilgan "klasiko"da kataloniyaliklar 4:0 hisobida raqibni taslim etishdi. Xo‘sh, "Real"da qanday holat ro‘y berdiki, jamoa o‘ta yomon o‘yin namoyish etdi? Shu haqda gaplashamiz.

1. Benzemaning jarohati Anchelottiga pand berdi

Jarohat olgan Karimning o‘rnini bosish uchun Karlo Anchelottida bir nechta variantlar bor edi. Masalan, Luka Yovich, Mariano Dias va Garet Beyl. Ammo, tan olish kerak, ular ayni paytda ideal holatda emasdilar (yoki Anchelotti ularni mavsumning ushbu davrida yuqori formaga olib chiqa olmadi).

Italiyalik mutaxassisning qarori ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. U markaziy hujumchisiz o‘ynashga qaror qildi. "Real"ning taktik sxemasi birinchi bo‘limda 4-6-0 dan 4-2-4 ga o‘zgarib turdi. Murabbiy Luka Modrich "aldamchi to‘qqizlik" sifatida foydalandi. Ba’zida markaziy hujumchi vazifasini Vinisius, Rodrigo, hattoki Valverde ham vaqti-vaqti bilan bajarib turdi. Nazariy jihatdan bu yurish "Barsa"ni qiyin ahvolga solib qo‘yishi kerak edi, ammo amalda bu taktikadan "Qirollik klubi"ning o‘zi jabr chekdi.

Bu hali hammasi emas edi. Anchelotti g‘oyalarining navbatdagi "meva"lari ikkinchi bo‘lim boshida bo‘y ko‘rsata boshladi. Anchelotti jamoaning o‘yiniga hujumkorlik qo‘shish maqsadida tanaffusda Karvaxal va Kroosning o‘rniga Kamavinga va Mariano Diasni tushirdi. Natijada himoyada 3 kishi qoldi. "Barsa" esa bundan o‘ta unumli foydalanib, qisqa vaqt ichida yana 2ta gol urdi. Murabbiyning bu qarorini Kurtua ham tushunmanini ta’kidlab o‘tdi:

«Murabbiy tanaffusda nimanidir o‘zgartirishga harakat qildi, ammo biz buni tushunmadik. Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan keyin 40 soniya o‘tib Ferran yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi», — dedi Tibo Kurtua o‘yindan keyin.

2. Obameyang bor ekan, Xolandga ehtiyoj bormi?

Pyer-Emerika Obameyang "Barselona" safidagi so‘nggi 8ta o‘yinda 9ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Taqqoslash uchun: gabonlik futbolchi "Arsenal" safida mavsumning dastlabki yarmida 14ta o‘yinda 4ta gol muallifiga aylangandi. Gabonlik futbolchi hozircha "Barsa"ning qishda qo‘lga kiritgan eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turibdi. U vaziyatlardan juda samarali foydalanmoqda. U debyut «klasiko»sida dublga erishgan XXІ asrdagi ilk futbolchi bo‘ldi. Auba kecha "Real" darvozasiga 5ta aniq zarba yo‘lladi. "Madrid"ning umumiy aniq zarbalari esa 4tani tashkil etdi, xolos. Xavi matbuot anjumanida Pyer-Emerikni "osmondan tushgan inyom" deya atadi.

"Barsa" mavsumning birinchi yarmida kuchli markaziy hujumchisiz qiynalgandi. Ronald Kumanning ishongan tog‘i Lyuk de Yong bo‘lib qolgandi. Depayning ishlari u qadar yurishmadi, u ba’zida jarohat oldi. Breytueyt esa La liganing o‘rtamiyona jamoasi saviyasidagi forvard. Shu bois, klub prezidenti Joan Laporta jamoa moliyaviy qiyin ahvolda bo‘lishiga qaramay, qishki transferda yaxshi saviyadagi hujumkor futbolchilar qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Ehtimol, "Barselona" bu bilan cheklanib qolmasdan, yozda Erling Xolandni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rar. Klub buning uchun pul topdi: Shvesiyaning "Spotify" kompaniyasi umumiy miqdori 300 mln yevroga teng homiylik shartnomasini imzoladi. Ammo jamoa tarkibida Obameyang, Ferran Torres, Usmon Dembele, Ansu Fati kabi hujumchilar bor ekan, yana bir forvard uchun katta pul sarflash shart bo‘larmikan? Agar, Usmon "Barsa"da qolishga qaror qilsa, Xoland "Barsa"ga kerak bo‘lmasligi ham mumkin.

3. "Barselona" Dembele borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak

Dembele kechagi "klasiko"da ikkita assist muallifiga aylandi. XXI asrda bunday vazifani so‘nggi marta Xavi uddalagandi...

Fransiyalik futbolchi 2022 yil boshidan hisoblansa, La ligada 7ta golga uzatma berdi. Bu esa Yevropaning top-5 chempionatlaridagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Ha, Usmonning kataloniyaliklar bilan shartnomasi joriy mavsum so‘ngida yakuniga yetadi. Tomonlar hozircha yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olishmayapti. Dembele bir narsani unutmasligi kerak: Xavi uni qadrlamoqda. Bunga javoban futbolchi ham Adama Traore bilan raqobatda yengib chiqdi. 23 yoshli futbolchiga "Barselona" yoqadi, ammo, shu bilan birgalikda, u pulni ham yaxshi ko‘radi. Agar u o‘zining aql bovar talablaridan voz kechib, klub taklif qilgan shartnomaga rozi bo‘lsa, keyingi mavsumlarda u jamoa bilan ko‘p sovrinlarni qo‘lga kiritishi mumkin.

4. "Real" tarkibni kengaytirish borasida o‘ylashi kerak

Kechagi bahsda Kroos, Nacho va Rodrigo o‘zlarini ko‘rsata olishmadi. Rodrigo va Nacho mavsum davomida asosan rotasiya futbolchisi bo‘lib kelishgan bo‘lsa, Toni Kroosning o‘yini pasayib bormoqda. Kecha u dastlabki 15 daqiqa davomida maydon markazida raqibga qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik "yo‘qolib" qoldi. 45 daqiqa davomida u raqibdan to‘pni bir marta olib qo‘ydi va bir marta to‘pni maydondan tashqariga tepib yubordi. U jamoadoshlarini zarbavor vaziyatlarga chiqarmadi, o‘zi ham darvoza tomon zarba bermadi. Uning uzatmalari aniqligi yuqori bo‘ldi (97%), ammo Toni paslarni asosan yonga va orqaga berdi.

"El-klasiko"dagi Dembele-Nacho to‘qnashuvida ustunlik to‘laligicha "Barsa" vakili tomonida bo‘ldi. Buni barcha ko‘rdi. Agar maydonga Marselo tushirilganida, vaziyatdan bundan ham og‘ir bo‘lishi mumkin edi. Ferlan Mendi qandaydir sabab bilan safdan chiqsa, "Real"ning chap qanoti haroba ahvolga tushib qolishi mumkin ekan.

Rodrigo borasida ham vaziyat tushunarli. U La liganing joriy mavsumida 24ta o‘yinida maydonga tushib, hali birorta ham gol urmadi. Vaholanki, "Real" ushbu mavsumda eng ko‘p gol urayotgan jamoa bo‘lib turibdi. "Barsa"ga qarshi o‘yinda braziliyalik futbolchi hech narsa qila olmadi.

5. Xavi "Barselona"ning afsonaviy murabbiylari izidan bormoqda

O‘yindan keyin Xavidan "Haqiqiy "Barsa" qaytdimi?", deya so‘rashganida, " "Ehtimol" deya javob berdi.

Ha, mutaxassis kamtarona javob berdi. Ammo, tan olish kerak, sariq libosdagi "ko‘k-anorranglilar" kecha "Bernabeu"da namoyish etgan o‘yin Yoxan Kroyf davridan buyon butun dunyo muxlislarining e’tiborini qozongan futbolga yaqin bo‘ldi. Jamoa, chiroyli, tezkor, keskin o‘yin namoyish edi, butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tdi. Xavi jamoani qabul qilib olganidan keyin "Barselona"ni o‘zgartira boshlagan bo‘lsa, Obameyang kelganidan keyin vaziyatlarni golga aylantirish yuqori darajaga chiqdi.

"Madrid"dagi tantana — to‘laligicha murabbiyning xizmati. Xavi kelgunga qadar kataloniyaliklar 3 yil davomida "Madrid"ni mag‘lub eta olmayotgan edi. Kataloniyalik mutaxassis esa "Santyago Bernabeu"da raqibni yirik hisobda mag‘lub etdi. Bu ishni har qanday murabbiy ham uddalay olmaydi. Bundan natijani o‘z vaqtida faqat Ferdinand Dauchik (1951 — 7:2), Elenio Erreru (1959 — 4:0), Yoxan Kroyf (1994 — 5:0), Pep Gvardiola (2010 — 5:0) va  Ernesto Valverde (2018 — 5:1) qayd etishgan.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 19:55, 21.03.2022.
O'qildi: 9708 marta.
Fikrlar: 34 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.