Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Kutilmagan va majburiy finish

Kutilmagan va majburiy finish

Baho:
+ | -

Qachondir eng buyuk va nomdor o‘yinchilarning faoliyatlariga nuqta qo‘yishlari - fakt. Ba’zan ularga talabgorlar yetarli bo‘lib turgan pallada taklifni rad etganliklarini ularning transfer baholaridan bilib olish mumkin. Quyidagi material shu mavzuga bag‘ishlanadi.

8. OLIVER KAN (Germaniya)

Faoliyatini 39 yoshda yakunlagan

Klubi: «Bavariya» (Germaniya)

Faoliyatini yakunlagan paytdagi transfer qiymati: 4,5 mln. yevro

Hozirda 52ga chiqqan darvozabon faoliyatini «Karlsrue»da boshlaganida 18 yoshda bo‘lib, uzoq vaqt maydonga tusholmagandi. Imkoniyatga ega bo‘lganida esa, shunchaki yetakchi emas, chinakam yo‘lboshchiga aylandi. 1994 yilda Kan darvozabonlar uchun rekord baho - 4,6 mln. marka evaziga «Bavariya»ga o‘tdi va faoliyatining oxirigacha shu jamoada to‘p surdi. Oliver Myunxen grandi bilan 22ta jamoaviy sovrinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Bundestim safida Yevro-96 g‘olibi, JCH-2002da kumush, JCH-2006da bronza medallari sohibiga aylandi.

7. SEBASTYAN DAYSLER (Germaniya)

Faoliyatini 27 yoshda yakunlagan

Klubi: «Bavariya» (Germaniya)

Transfer qiymati: 5 mln. yevro

Dayslerning qadrdon jamoasi - «Borussiya Menxengladbax». Aynan shu klub safida u katta futbolga kirib kelgandi. Sebastyan 2000-yillarda kelajagi porloq o‘yinchilar safida edi. Biroq salohiyatini to‘la namo-yish etish unga nasib etmadi. Bir qator jarohatlar va jiddiy tushkunlik bunga imkon bermadi. 2002-2007 yillarda Daysler «Bavariya» o‘yinchisi maqomida ruhiy kasalliklar klinikasida davolanishga majbur bo‘ldi. 2007 yil yanvarida faoliyatini yakunlab, Berlinga qaytdi.

6. FABRIS MUAMBA (Angliya)

Faoliyatini 24 yoshda yakunlagan

Klubi: «Bolton» (Angliya)

Transfer bahosi: 5 mln. yevro

Londonga 11 yoshida kelgan bo‘lg‘usi xavbek «Arsenal» akademiyasida tahsil olgan bo‘lsada, asosiy tarkibga kirolmadi. «Birmingem»da ijara asosida to‘p surib, 2007 yilning mayida shu jamoa a’zosiga aylandi. Bir yildan keyin u «Bolton» tarkibiga o‘tdi va fojia tufayli 24 yoshda faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 2012 yilning 17 martidagi «Tottenxem»ga qarshi Angliya kubogi chorak final bahsida hushini yo‘qotib, maydonga yiqildi. Uni zudlik bilan gospitalga olib borishgan bo‘lsada, holati yengillamadi. Keyinchalik London shifoxonasi vakillari Muamba infarktni boshdan kechirganini ma’lum qilishdi. Aytishlaricha, uning yuragi 78 daqiqaga to‘xtab qolgan. Bunday jiddiy xastalikdan keyin professional futbol xususida gap bo‘lishi mumkin emasdi.

5. VAGNER (Braziliya)

Faoliyatini 32 yoshda yakunlagan

Klubi: «Atletiko Mineyro» (Braziliya)

Transfer bahosi: 5,5 mln. yevro

Vagner o‘z yurtida avval «Paulista», «Unian San Juan» va «Santos» jamoalarida to‘p surgach, 1997 yilda «Roma»ga yo‘l olgan va omadsizlik tufayli ortga qaytgandi. Bu safar u «Vasko da Gama» va «San-Paulu»da omadini sinab ko‘rdi. 2000 yilda yana Yevropaga yo‘l olib, «Selta» safida maydonga tushdi. Vigoda Rimga nisbatan omadliroq to‘p surib, 4 mavsumni o‘tkazdi. «Atletiko Mineyro» Vagnerning so‘nggi jamoasi bo‘ldi. Yoshi 32ga chiqqaniga qaramasdan, hatto Yevropada ham talabgorlari bor edi.

4. STIV SAVIDAN (Fransiya)

Faoliyatini 31 yoshda yakunlagan

Klubi: «Kan» (Fransiya)

Transfer bahosi: 6 mln. yevro

Savidan faoliyatini «Anje»da boshlagandi. Avvaliga u goh axlat tashuvchi, goh barmen sifatida ishlash barobarida, futbol o‘ynadi. 1999 yilda u 2-ligadan «Shatoru» safiga o‘tgach, faoliyati kuchaya boshladi. Keyinchalik Stiv «Ayachcho», «Anjer», «Bove», «Angulem», «Valansyen» klublari sharafini himoya qildi. Fransiya termasi libosida bitta uchrashuv o‘tkazgan futbolchi uchun «Kan» so‘ng-gi klub bo‘ldi. 2008 yilda o‘tgan Savidan bir yildan so‘ng butsalarini mixga ilishga majbur bo‘ldi. Sabab - yurak yetishmovchiligi xas-taligi.

3. DAVI PREPPER (Niderlandiya)

Faoliyatini 30 yoshda yakunlagan

Klubi: PSV (Niderlandiya)

Transfer bahosi: 6 mln. yevro

Bu futbolchi 17 yoshida Erediviziyadagi faoliyatini «Vitess» klubida nishonlagandi. 2015 yilda qadrdon klubini tark etib, PSV bilan uzoq yillik shartnomani rasmiylashtirdi. Lekin 2 yillik faoliyatdan so‘ng Angliyaning «Brayton»iga yo‘l oldi va 4 yilga mo‘ljallangan bitim tuzdi. Kelishuv muddatini to‘liq o‘taganidan keyin, 2021 yilda yana Eyndxovenga qaytdi. Ammo 2022 yilning 4 yanvarida professional faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. Niderlandiyadagi mutaxassislar fikricha, Prepper yana bir necha yil o‘ynashga qodir edi.

2. DIN ESHTON (Angliya)

Faoliyatini 26 yoshda yakunlagan

Klubi: «Vest Xem» (Angliya)

Transfer bahosi: 8,5 mln. yevro

Din Angliyaning 17 yosh toifasidagi termadan bosh jamoagacha ko‘tarilib, muxlis-u mutaxassislarga ulkan umidlar bag‘ishlagandi. Biroq asosiy jamoa libosida atigi bir marta maydonga tushdi. Faoliyatini «Kru Aleksandra» klubida boshlab, 2005|2006 yillar mavsumida «Norvich»ga o‘tdi. Keyinroq uni «Vest Xem» 7 mln. yevroga xarid qildi. «Bolg‘achilar» safidagi 16 uchrashuvda 6ta gol urgach, terma bilan JCH-2006da ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lgandi, biroq yakunda mundial ro‘yxatidan chetda qoldi. JCHdan keyin yunonlarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik yosh hujumchi uchun jarohat olish bilan nihoyasiga yetdi. Bir yildan keyin safga qaytib, «uch sherlar»­dagi debyutini nishonlagan Eshton 2008 yilning sentyabrida Din «Vest Xem»dagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi. Mashg‘ulot paytida olgan takroriy jarohat sabab 26 yoshida yashil maydon bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi.

1. SERXIO AGUERO (Argentina)

Faoliyatini 33 yoshda yakunlagan

Klubi: «Barselona» (Ispaniya)

Transfer bahosi: 18 mln. yevro

Argentinalik afsona bir soat ichida futbol osmonida g‘oyib bo‘ldi: o‘ynadi, almashtirildi va tez orada futboldan ketishini e’lon qildi. O‘tgan yilning yozida u balandparvoz rejalar bilan «Manchester Siti»dan «Barselona»ga o‘tgandi, lekin salomatligi pand berdi. Yurak tizimidagi muammolar tufayli katta futbolni tark etishga majbur bo‘ldi. «Kun» dastavval «Independyente»da, keyin «Atletiko»da yorqin o‘yinlarni namoyish etdi, aniq zarbalari bilan ko‘plab darvozabonlarni ranjitdi. «Shaharliklar» tarixida eng yaxshi to‘purar maqomida qolmoqda. Terma jamoa miqyosida Aguero Pekin-2008 Olipiadasi chempioni, JCH-2014 vise-chempioni va Kopa Amerika-2021 chempioni unvonlarini qo‘lga kiritdi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 07.04.2022.
O'qildi: 4394 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.