Italiya chempionati turnir jadvalida ajoyib poyga yuzaga kelgan. «Milan» va «Napoli» o‘tgan turda ochko yo‘qotdi, «Inter» esa qolgan turlarda peshqadamlik qilishga tayyor.
Barcha favoritlar qoqilmoqda. «Manchester Siti» va «Liverpul» Premyer-liga uchun astoydil kurashmoqda, shu jumladan A Seriyada ham xuddi shunday qiziqarli chempionlik poygasi davom etadi. Bu yerda «Milan» hamon peshqadamlik qilmoqda, ammo bu dam olish kunlari ularga «Inter» jiddiy qarshilik ko‘rsatsa ajab emas.
Yakshanba kuni skudetto uchun 3 da’vogardan ikkitasi qoqildi. «Napoli» «Fiorentina»ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va «Milan» «Torino»ga qarshi o‘yinda nursiz durang o‘ynadi. Milanliklar ketma-ket 6 o‘yindan beri o‘z darvozalaridan to‘p o‘tkazib yubormayapti, lekin ketma-ket ikki marta 0:0 hisobida durang ham qayd etildiki, bu Pioli jamoasining hujumdagi muammolarini anglatadi. Zero, bu oraliqda umuman yirik hisobdagi g‘alaba qayd etilmagan.
Bu tur natijalari bir kun avval «Verona»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan «Inter» uchun foydali bo‘ldi. Simone Indzagi shogirdlari hamon «Milan»dan ikki ochko ortda qolmoqda, biroq 27 aprel kuni «Bolonya»ga qarshi safar o‘yini boshqa muddatga ko‘chirilgan. Endi hammasi «Inter»ning qolgan turlardan qanchalik muammosiz o‘tishiga bog‘liq. Zaxiradagi o‘yin esa «neradzurrilar»ga hamshahari bilan muvozanat mabodo tiklangan holatda qo‘shimcha ruhiyat baxsh etadi.
«Milan» bosh murabbiyi Stefano Pioli ushbu holatlar haqida qisqacha fikr bildirdi: «Biz ikki-uch hafta davomida favorit hisoblandik, ammo, afsuski, to‘play olmagan ochkolarimiz hozir oyog‘imizda tortmoqda. Muxlislar goh bizni favorit deyishadi, goh «Inter» yoki «Napoli»ni. Foizlar haqida gapirish befoyda, bu chempionlik poygasida hamma narsa bo‘lishi mumkin. So‘nggi haftalarda favoritlar vaqti-vaqti bilan qoqilishdi. Bizda raqobatbardosh liga bor, barcha o‘yinlar qiyin, siz hech qachon oldindan nima bo‘lishini ayta olmaysiz. Bu o‘yinlar qanchalik muhimligini barchamiz bilamiz – mavsum yakuni qanchalik yaqin bo‘lsa, har bir ochko shunchalik muhimroq ko‘rinaveradi va hayajon ham oshib ketadi. Biz o‘zimiz bu bosimni va shunday holatda bo‘lishni xohladik, shuning uchun muxlislar ishonchini olqishlashimiz kerak. Bizda yosh tarkib mavjud, jadvalda birinchi o‘rinda turibmiz va mazmunli o‘yin uchun kurashmoqdamiz.
Peshqadamlar baribir ochko yo‘qotishiga shubha yo‘q. Oxirgi beshta turga nazar tashlasangiz, bu vaqt ichida «Milan» va «Inter» ikki marta durang o‘ynagan, «Napoli» esa ikki marta mag‘lub bo‘lgan. Bundan keyingi eng qiyin taqvim baribir «Milan»ga qaratiladi: kuchli sakkizlik jamoalari bilan uchta o‘yin («Lasio», «Fiorentina» va «Atalanta» yevrokuboklar uchun kurashmoqda) hamda ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «Jenoa» bilan bahs. Bu borada barchaga omad tilayman», - deydi Pioli.
«Yuve» haqida nima deyish mumkin?
Turinliklarning chempionlik uchun imkoniyatlari oxirgi turda «Inter»ga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin ancha zaiflashdi. O‘shanda Massimiliano Allegri buni tan oldi, u nihoyat bor e’tiborini Chempionlar ligasi zonasi va yangi mavsumdagi rejalariga qaratishini yashirmadi: «Nihoyat, hamma ta’kidlaganidek, «Yuventus» chempionlik uchun kurashdan aniq chiqib ketib bo‘ldi. To‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritish uchun imkon qadar ko‘proq ochko to‘plashni va keyingi mavsumni kuchli tarzda boshlashga tayyorlanmoqchimiz. Yangi mavsumda skudettoni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.
Bu mavsumni yomon boshladik, ko‘p g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Shuningdek, muhim o‘yinlarda bizga mayda detallar to‘sqinlik qildi. Biz katta jamoaga aylanmoqdamiz, garchi hali yaxshilanish uchun imkoniyatlar mavjud bo‘lsada, biz hali ham ba’zi jihatlarni kuchaytirish uchun harakat qilishimiz kerak. Oldinda «Yuventus»ni «Bolonya» , «Sassuolo», «Venesiya», «Jenoa», «Lasio» va «Fiorentina» bilan o‘yinlar kutib turibdi. Mavsum oxiri oson ko‘rinmaydi», - deydi Allegri.