Transfer narxlarining oshirib yuborilishi feyr-fley qoidalarining buzilishiga olib keladi. Bu esa turli xil saviyadagi jamoalar o‘rtasida yuzaga kelgan balansni buzib yuboradi. Kecha ushbu holat yuzasidan "Yuventus" bilan bog‘liq qirq ikkita transferning oshirib yuborilish ishlari ko‘rib chiqildi. Bu ishda jami o‘n bir klub, ellik to‘qqiz klub vakillari ishtirok etgan.
Oktyabr oyi oxirida Italiyaning yirik nashri La Republica mamlakat futbolida yangi janjal avj olayotgani haqida maqola yozdi. Unda o‘yinchilarning transfer narxi hech qanday ob’ektiv sabablarsiz juda yuqori baholangani yozilgan. "Yuventus", "Napoli", "Sampdoriya", "Jenoa", "Empoli", "Pro Verchelli", "Parma", "Piza", "Kyevo", "Novara" va "Peskara" kabi jamoalar moliyaviy vaziyatni yaxshilash uchun fantastik shartnomalar imzolashga rozi bo‘lishgan. Italiya futbol federasiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, naq 62 ta transfer qoidabuzarlik yo‘llari bilan amalga oshirilgan.
Quyida ular haqida qisqacha to‘xtalamiz.
Viktor Osimxen
Osimxen "Lill"dan "Napoli"ga 71,3 million yevroga o‘tgan edi. Biroq, Neapol klubi aslida futbolchi uchun ancha kamroq to‘lovni amalga oshirgan. Bu summaning 20 millioni to‘rt nafar futbolchi - Orestis Karnezis, Chiro Palmeri, Luidji Lijuri va Klaudio Mansining transferlari hisobiga amalga oshgan. "Udineze"ning asosiy darvozaboni bo‘lgan Karnezis uchun bu to‘lovlar o‘zini oqlashi mumkin. Biroq nomi keltirilgan qolgan futbolchilar Italiyaning quyi ligalarida o‘ynamoqda.
Yana bir misol sifatida "Yuventus" va "Barselona" o‘rtasidagi almashinuvni aytish mumkin. Yarim himoyachilar Artur Turinga, Miralem Pyanich esa Kataloniyaga yo‘l oldi. “Byankonerilar” Artur uchun 72 million yevro va qo‘shimchasiga 10 million yevro bonus to‘lagan bo‘lsa, “ko‘k-anorranglilar” 60+5 million summa to‘lashgan. Shubhasiz, har ikkala futbolchi ham unchalik qimmatga tushmagandek ko‘rinishi mumkin, ammo bu transferlar ikki klubga kapital daromadlarini ko‘rsatishga imkon berdi.
Ushbu voqealar yuzasidan Turin prokuraturasi "Yuventus" shtab-kvartirasi ichida boshlangan tekshiruvlarga oydinlik kiritdi. Ushbu faoliyat jinoyat haqidagi farazlarni aniqlashga qaratilgan edi.
Keyinchalik boshqa klublarda ham shunday qidiruvlar o‘tkazildi. Bir necha oy davom etgan hujjatlar to‘liq o‘rganib chiqilgach, ular egalariga qaytarib berildi. Ayrim ommaviy axborot vositalari ish yopilganini tezda xabar qilishdi, ammo aslida unday emas. Klublar sudda o‘zlarini oqlash uchun hujjatlarga ayrim o‘zgartirishlarni ham kiritishgani aytilmoqda.
2021-yil dekabr oyida Italiyaning bir qancha ommaviy axborot vositalari o‘tmishda sodir bo‘lgan shunga o‘xshash bahsli hodisalarni tahlil qiluvchi materiallarni e’lon qildi.
Jumladan, La Stampa shunday yozadi: "Yuventus" va ayblanuvchi boshqa klublar federasiyaga katta jarima to‘lashlari mumkin. Bu “Kyevo” – “Chezena” bahsida bo‘lgan voqea kabi jiddiy emas. Biroq, hozirda jamoatchilik bunga juda kuchli bosimni amalga oshirmoqda».
Italiyada transferlar ancha sodda ishlaydi. Ikkita klubni tasavvur qilsak, A klub sotuvchi, B klub esa xaridor bo‘lsin. A klub o‘z futbolchisi uchun noma’lum miqdorni taqdim etadi. B klub esa bunga rozi yoki rozi emasligini bildiradi. Shu sababdan “Torino” prezidenti Urbano Kayro o‘n yillardan beri Belotti, Klaudio Lotito esa esa Milinkovich-Savichning ehtimoliy transferlarini uyoqdan buyoqqa "o‘ynatib" kelmoqda. Biroq ularning hiylasiga uchadigan va yirik summa to‘laydigan jamoa haligacha topilgani yo‘q.
Italiyada bu kabi holatlar juda ham ko‘plab topiladi. "Yuve", "Siti", "Barselona" va boshqa bir qancha top-klublarning qilayotgan ishlari ayrim hollarda shu kabi ishlarga yo‘naltirilgan, bu ko‘pincha taqiqlanmaydi. Top-klublar transferlar bo‘yicha daromad olish imkoniyatini shu tariqa qo‘lga kiritadilar.
Futbolchilarning Transfermarktdagi narxlari ham ba’zida ushbu "ishlar"ga to‘sqinlik qila olmayapti, balki bu kabi holatlar portal rasmiylarini ham chalg‘itib qo‘ymoqda. Xo‘sh, transferlar bilan bog‘liq ishlar qanday yakunlanishi mumkin? Italiya futbol federasiyasi bu ish may oyi o‘rtalarida yakunlanishiga umid qilgan. Barcha qonunbuzarlar to‘laligicha jarimaga tortilishi belgilandi. Ish boshida turganlar esa futboldan chetlashtiriladi. Biroq, hamma narsa kutilganidan ko‘ra teskari ko‘rinish oldi. Barcha klublar va funksionerlar har jihatdan o‘zini oqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Maurisio Bellakos, "Yuventus" huquqshunosi
"Yuventus" advokati Maurisio Bellakos sudda quyidagilarni aytdi: "Shikoyatlar asossiz bo‘lishidan tashqari, jinoiy va sport yurisprudensiyasiga ziddir. Ayblovlar prokuror maslahatchilari tomonidan ishlab chiqilgan parametrlarga asoslanadi va ularni qo‘llash mumkin emas. Sarmoyaning o‘sishi xayoliy ekanligi va shuning uchun noto‘g‘ri ma’lumotlar haqida xabar berilganligini aniqlash uchun normativ yoki texnik parametrdan ma’lumotnoma sifatida foydalanish kerak", - deydi funksioner.
Keyinchalik Bellakos ushbu voqeaga Milandagi Luidji Bokkoni nomidagi xususiy universitet professori Lorenso Pozzani ekspert sifatida taklif qildi. Uning yordami bilan Transfermarkt saytida e’lon qilingan narxlarga e’tiroz bildirildi. Bundan tashqari, sayt vakili sudda o‘yinchilarning narxini hisoblash juda ham ommaviy tus olib ketgani va "tirnoq ichidan kir qidirilayotganini" alohida ta’kidladi.
Professorning so‘zlariga ko‘ra, transfer qiymatini baholash uchun boshqa manbalar ham mavjud, masalan, Shveysariyada joylashgan Xalqaro Sport tadqiqotlari markazi ko‘proq funksional mezonlarni ishlab chiqqan.
U, shuningdek, Italiya prokuraturasi maslahatchilari tomonidan ishlab chiqilgan kapital daromadlarini baholash modelining "noto‘g‘ri"ligiga e’tibor qaratdi. "Yuventus" talab qilayotgan yana bir jihat shundan iboratki, sport me’zonlarini ishlab chiqishda futbolchilarning yoshiga ham jiddiy e’tibor qaratish kerak. Bu ularga bosim yuklanishini oldini oladi.